Toshkentda pingvinlar va meduzalar qanday yashaydi: Magic Aquarium bo‘ylab sayohat

E’lon qilingan sana· 3 427
Toshkentda pingvinlar va meduzalar qanday yashaydi: Magic Aquarium bo‘ylab sayohat

Toshkent okeanariumi — tashrif buyuruvchilar suv osti olamiga sho‘ng‘ib, uning ajoyib jonivorlari: g‘aroyib baliq turlari, akulalar va boshqa dengiz mavjudotlari bilan tanishishi mumkin bo‘lgan noyob maskan. Bu joy ko‘ngilochar va ta’lim vazifalarini uyg‘unlashtirgan holda, mehmonlarga okeanlar biologiyasi va ekologiyasi haqida ko‘proq bilim olish imkoniyatini taqdim etadi.

“Magic Aquarium"da sakkizta afrikalik quvnoq pingvinlar alohida e’tiborga sazovordir. Afisha muharrirlari ularning volyerida bo‘lib, oyna ortidagi hayoti haqida ko‘proq ma’lumot olishga muvaffaq bo‘lishdi.

Pingvinariy +15−18 °C haroratli tiniq suv bilan o‘ralgan toshli quruqlikdan iborat. Bezaklar Antarktika uslubida muzliklar va sumalaklar bilan bajarilgan. Shu bilan birga, xonadagi havo harorati +22 °C darajasida saqlab turiladi.

Pingvinlarni ovqatlantirishni kuzatish nafaqat omadli tasodif, balki unutilmas lahza ham bo‘ldi. Garchi barcha tashrif buyuruvchilar okeanariumning tajribali xodimlari tomonidan amalga oshiriladigan bu jarayonni kuzatishlari mumkin bo‘lsa-da, har kim ham bu qushlarni bevosita o‘z qo‘llari bilan ovqatlantirolmaydi.

Volyerga kirishdan oldin bizga yangi kurtkalar, rezina etiklar, bir martalik niqoblar va qo‘lqoplar berildi. Bunday jihozlar qushlarning biosferasiga begona zarrachalar tushishining oldini olish uchun zarur. Bundan tashqari, kiraverishda dezinfeksiyalovchi vannachadan o‘tishimizga to‘g‘ri keldi.

Odatda, pingvinlarni boqish ikki xodim ishtirokida amalga oshiriladi. Qushlar ikki kishidan ortiq ko‘rishga o‘rganmagan ekan, ularni qo‘rqitmaslik, stressga olib kelmaslik uchun birin-ketin kirdik. Pingvinlar temir chelak qopqogʻining ovozi bilan suzishadi yoki yaqinlashadilar. Tanish taqillatishni eshitib, bolalar darhol tushlik vaqti kelganini tushunishadi.

Xodimlardan biri pingvinning suzgichida qayd etilgan raqamni aytadi va u qancha baliq yeganini belgilaydi. Ikkinchi xodim esa bu ma’lumotlarni hisobotga kiritadi. Bunday hisobga olish qushlarning sog‘lig‘i dinamikasini va ularning ishtahasini kuzatib borishga yordam beradi. Asosiy taom — yangi muzlatilgan mayda baliq. Pingvinlar kuniga taxminan 3,5 kilogramm baliq iste’mol qiladi.

Ovqatlantirish paytida muhim shart shuki, tizzalarni bukib, pingvinlar darajasiga tushish kerak. Bu ularning o‘zlarini xavfsiz his qilishini va qo‘ldan bemalol ovqatlanishini ta’minlaydi.

Har bir pingvinning o‘ziga xos fe’l-atvori va odatlari bor, bu juda qiziqarli ko‘rinadi. Masalan, ularning eng faoli doimo boshqalardan ovqatni tortib olishga urinadi, hatto baliq solingan chelakka o‘zini uradi. Uning tirishqoqligi va chaqqon harakatlari hech kimning e’tiboridan chetda qolmaydi.

Faolroq pingvinlar to‘yganidan keyin, xodimlar inlaridan chiqishga tortinayotgan yoki toshlar ortiga yashiringan pingvinlarni ovqatlantirishni boshlaydilar. Bu jarayon patlarning almashinuvi bilan bog‘liq: qushlar ulg‘ayib, kulrang patlarini qora chiziqlari bor oq “smoking"larga almashtirishadi. Shu davrda ular ko‘z oldida paydo bo‘lishdan uyaladilar.

Ovqatlantirishning to‘liq jarayoni taxminan 30 daqiqa davom etadi. Shu vaqt mobaynida qushlar bizga ko‘nikib, yaqinlashishdan, yaqindan ko‘rishdan va tanishishdan cho‘chimasdan suzib kelishdi.

Pingvinlar har kuni ovqatlantiriladi. Barcha istaganlar bu qiziqarli jarayonni soat 11:00 va 16:00 da kuzatishlari mumkin.

Pingvinlar va turli xil baliq turlaridan tashqari, Magic Aquarium’da yaqinda “Quloqli aureliya” turidagi meduzalar paydo bo‘ldi. Bu meduzalar Moskva okeanariumidan keltirilgan bo‘lib, karantin muddati tugagach, maxsus buyurtma asosida tayyorlangan 3000 litr hajmli silindrsimon akvariumda o‘z joyini egalladi.

Bizga O‘zbekistonda allaqachon yetishtirilib, ko‘paytirilayotgan meduzalarni va ularni ko‘paytirish uchun qurilgan butun boshli fermani ko‘rsatishdi. Aureliya turidagi meduzalar 8−10 oy umr ko‘radi va g‘alati usulda ko‘payadi. Erkak meduzalar yetilgan spermatozoidlarini og‘zi orqali suvga chiqaradi, so‘ng ular urg‘ochi meduzalarning tug‘ish kameralariga kiradi. O‘sha yerda tuxumlarning urug‘lanishi va keyingi rivojlanish jarayoni sodir bo‘ladi.

To‘liq shakllangan lichinkalar ko‘paytirish kameralarini tark etib, 2−7 kun davomida suv qatlamida suzib yuradilar va birikish uchun mos joy topguncha kutadilar. Tosh yoki chig‘anoqqa yopishgandan so‘ng, lichinka polipga aylanadi. Polip faol oziqlanadi, o‘sadi va jinssiz yo‘l bilan ko‘payadi. Okeanarium xodimlari bunday yangi hosil bo‘lgan organizmlarga sinchkovlik bilan e’tibor beradilar va ularni qishlash uchun alohida idishlarga ko‘chiradi.

Bahorda poliplar efir deb ataladigan lichinkalarni hosil qila boshlaydi. Efirlar sakkiz nurli shaffof yulduzlarga oʻxshaydi, chodirlari yoki ogʻiz boʻlaklari boʻlmaydi. Vaqt oʻtishi bilan ular ajralib ketishadi, suzishadi va yoz oʻrtalarida meduzaga aylanadi.

Aureliya tanasi yarim tiniq bo‘lib, pushti-binafsha tusga ega. Meduzaning gumbazi yassi, dumaloq soyabon shaklida bo‘lib, uning chetlarida ko‘plab ingichka paypaslagichlar joylashgan. Gumbazning markazida to‘rtta yorqin binafsha rangdagi halqa ko‘rinishidagi ko‘payish bezlari ko‘zga tashlanadi.

Gumbazga yuqoridan qaralganda, oshqozonni ko‘rish mumkin. Soyabon chetida sezgi organlari: ko‘zlar va muvozanat organlari joylashgan kichik yo‘g‘onlashgan kesimlar mavjud. Gumbazning pastki botiq qismining markazida eshak qulog‘iga o‘xshash yirik og‘iz bo‘laklari bilan o‘ralgan to‘rtburchak og‘iz teshigi joylashgan. Aynan shu xususiyati tufayli meduza “quloqli” turining nomini olgan. Og‘iz bo‘laklarining o‘lchamiga qarab jinsni aniqlash mumkin: urg‘ochilarda ular ancha kattaroq, chunki ularda lichinkalar rivojlanishi uchun kameralar bor.

Meduzalar neon yoritgichli maxsus zalda joylashtirilgan. Umumiy hajmi 9000 litr bo‘lgan uchta akvariumning har birida 50 tadan meduza mavjud. Akvariumlarning yoritish tizimi to‘q binafsha rangdan och sariq ranggacha o‘zgarib turadi.

Meduzalardan tashqari, bu hududda okeanariumning yana bir yangi a’zosini — yaqinda Fransiyadan keltirilgan ikkita yirik Kanada istakozchasini ko‘rish mumkin.

Ushbu zalga kirib borish dengiz tubining sirli olamini, uning sokinligini va suv osti hayotining ajoyib xilma-xilligini his etish imkoniyatini beradi.

Arina Melnichuk
Muallif
Arina Melnichuk
Mirjalol Qosimov
Fotosuratchi
Mirjalol Qosimov