"Magic Aquarium" oynalari ortidagi sir: Toshkent okeanariumining yashirin hayoti

E’lon qilingan sana· 8 325
"Magic Aquarium" oynalari ortidagi sir: Toshkent okeanariumining yashirin hayoti

Mana ikki yildirki, Toshkentdagi Magic City bog‘ida o‘zining go‘zalligi va suv dunyosining xilma-xilligi bilan hayratlantiradigan okeanarium to‘laqonli faoliyat yuritmoqda. Biz bu ajoyib joyni avval ham ko‘zdan kechirgan edik, ammo bu safar u yerda shunchaki tashrif buyurish emas, balki parda ortidagi “ichki jarayon"ni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldik.

Afisha tahririyati a’zolariga batafsil sayohat uyushtirildi va Magic Aquariumning to‘liq ishlashi uchun zarur bo‘lgan har bir jihat haqida ma’lumot berildi. Keling, bular haqida so‘zlab beramiz!

Tashrif buyuruvchilarga dunyo okeani flora va faunasining boy dunyosi bilan tanishish imkonini beradigan ko‘p funksiyali kompleks yaratish g‘oyasi 2018-yilda paydo bo‘lgan. O‘rta Osiyoda o‘xshashi bo‘lmagan ushbu noyob loyihani amalga oshirish uchun Turkiyadan mutaxassislar taklif etildi. Arxitektorlar, muhandislar, dizaynerlar, dengiz biologlari va akvalangistlar uch yil ichida gʻoyalarni amalga oshirish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirdilar.

Qirg‘oqda joylashgan va dengiz suvidan bevosita foydalanadigan okeanariumlardan farqli o‘laroq, “Magic Aquarium” an’anaviy tasavvurlarni buzadi, chunki u okeanlar va dengizlardan uzoqda joylashgan. Bu yerdagi asosiy murakkablik — barcha turdagi baliqlar salomatligi uchun zarur bo‘lgan okean suvini sun’iy ravishda yaratishdir.

Okean suvini tayyorlash olti bosqichdan iborat: dastlab chuchuk suv teskari osmos tizimi yordamida metallar va aralashmalardan tozalanadi, so‘ngra unga maxsus tuz qo‘shiladi. Keyin yana to‘rt bosqichli tozalash jarayoni o‘tkaziladi. Shundan so‘ng suv akvariumlarni to‘ldirishga tayyor bo‘ladi. Masalan, katta Tunnel akvariumini to‘ldirish uchun 14 kun davomida uzluksiz ishlash talab etiladi.

Okeanariumning o‘zi tirik namunalarga ega muzeyni eslatadi, dengiz tubida yashovchi har bir jonzot bilan tanishish esa qiziqarli sayohatga aylanadi. Bu yerda uzoq vaqt aylanishingiz mumkin: akvarium bo‘ylab sayr qilish, dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari ertalab soat 11:00da o‘tkaziladigan piraniyalarni oziqlantirish tomoshasini ko‘rish; katta akvariumdagi akulalar va baliqlarni oziqlantirish — yuqorida sanab oʻtilgan kunlari soat 15:00da; pingvinlarni oziqlantirish — har kuni soat 11:00 va 16:00da; suvosti g‘avvoslarining chiqishlarini tomosha qilish va hatto koi karplarini o‘z qo‘lingiz bilan oziqlantirish imkoniyati mavjud. Bu nafaqat faol dam olish maskani, balki har qanday yoshdagi insonlar uchun bilim olish maydonchasi hamdir.

Toshkentdagi “suvosti dunyosi"ning miqyosi nafaqat bolalarni, balki kattalarni ham hayratga soladi. Bino ikki qavatdan iborat: birinchi qavatda kassa, kutish maydoni, barcha tomosha qilish mumkin bo‘lgan akvarium zallari va mavzuli do‘kon joylashgan.

Ikkinchi qavatda hayvonlar to‘laqonli hayot kechirishlari uchun mo‘ljallangan maxsus joy tashkil etilgan. U yerda laboratoriya, baliqlar uchun oshxona, karantin zonasi, g‘avvoslar xonasi va boshqa ko‘plab qiziqarli narsalar mavjud.

Akvarium mutaxassislarining kundalik ishi bog‘ ochilishidan ancha oldin boshlanadi. Ertalabdan boshlab akvariumchilar barcha hovuzlarni aylanib chiqib, baliqlar va akvariumlarning ahvolini tekshiradilar. Ular jonzotlarning tashqi ko‘rinishi va xulq-atvorini baholab, har qanday o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlashga harakat qiladilar. Ertalab soat o‘nda okeanariumda yashovchilarni oziqlantirish boshlanadi, buni mehmonlar payshanba va shanbadan tashqari har kuni kuzatishlari mumkin. Bu jarayon har bir baliqning ehtiyojlarini hisobga olgan holda puxta tayyorgarlikni talab etadi. Yashovchilarning taomnomasi dengiz mahsulotlari, quruq ozuqalar va hatto sabzi, kartoshka hamda qovoqdan iborat.

Akulalar, skatlar va boshqa yirik yirtqichlar o‘z ulushlarini bir vaqtning o‘zida, ammo katta akvariumning turli qismlarida oladilar, bu esa baliqlarning bir-biriga xalaqit bermasligini ta’minlaydi. Bu jarayon ularning xatti-harakatlarini sinchkovlik bilan kuzatish orqali amalga oshiriladi, chunki har bir baliq zarur ozuqani olganiga ishonch hosil qilish lozim.

Mayda baliqlar quruq vitaminlashtirilgan ozuqa bo‘laklaridan tortib kichik tirik organizmlargacha turli xil oziqlanadi. Vitaminlar qo‘shilgan muvozanatli ovqatlanish ta’minlanadi, bu baliqlarning o‘zini tabiiy muhitdagidek his qilishi, o‘sishi va ko‘payishiga imkon beradi.

Barcha to‘yib, mamnun bo‘lganidan so‘ng, akvariumlarni parvarish qilish vaqti keladi. Bunga quyidagilar kiradi: shishalarni suv o‘tlari va quyqalardan tozalash, nasoslar, filtrlar, yoritish tizimlari va boshqa texnik qurilmalarning ishlashini tekshirish hamda suv sifatini nazorat qilish.

Suv sifati baliqlarning salomatligi va farovonligi uchun hal qiluvchi omildir. Mutaxassislar muntazam ravishda pH darajasi (kislota-ishqor muvozanati)ni, shuningdek harorat, sho‘rlanish, og‘ir metallar miqdori hamda baliqlar salomatligi uchun muhim bo‘lgan yana 15 xil kimyoviy ko‘rsatkichlarni tekshirib, sinovlar o‘tkazadilar.

Baliqlarni oziqlantirishni va akvariumlarni tozalashni g‘avvoslar amalga oshiradi. Ular to‘rt metr chuqurlikka maxsus kostyumlarda tushib, “baliq” oshpazi tomonidan oldindan tayyorlangan va muzlatilgan ozuqa solingan idishlarni olib borishadi. Masalan, akula o‘z ozuqa beruvchisini yuzidan yoki sezgi darajasida taniydi va undan boshqa hech kimni o‘ziga yaqinlashtirmaydi.

Aytgancha, gidrokostyumda qo‘rg‘oshin bo‘lagi bo‘lmasa, birorta ham g‘avvos suv tubiga sho‘ng‘iy olmaydi.

Okeanariumdagi o‘lim ko‘rsatkichi atigi 3 foizni tashkil etadi va bu eng kam foiz bo‘lib, u sifatli ish va yashovchilarga g‘amxo‘rlik bilan qarashni aks ettiradi. Hatto baliq nobud bo‘lganda ham, u okeanarium qoshidagi zamonaviy uskunalar — mikroskoplar, fotoapparatlar, lupalar bilan jihozlangan maxsus laboratoriyaga topshiriladi. Veterinarlar, biologlar, akvariumchilar va boshqa mutaxassislar murdani yorib ko‘radilar, baliqning har bir millimetrini sinchiklab tekshiradilar, kundalik hisobotlarni ko‘rib chiqadilar va o‘lim sabablarini aniqlaydilar. Shuningdek, akvariumdagi boshqa barcha aloqada bo‘lgan jonzotlar ham, kasallik yuqqan bo‘lishi ehtimoli bo‘lsa, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Oynani urmaslik, fotosuratga olishda chaqnoq ishlatmaslik, buyumlar va axlat tashlamaslik!

Hayvonot dunyosi himoyachilariga darhol ta’kidlab, ogohlantirmoqchimiz: agar baliqlar, pingvinlar va boshqa dengiz jonivorlari okeanarium hududida o‘zlarini noqulay his qilganlarida, ular bunga muvofiq xatti-harakat qilgan va nasl qoldirmagan bo‘lardilar.

U yerda ishlaydigan xodimlar amalda baliqlar orasida yashab, ularga xuddi o‘z farzandlaridek g‘amxo‘rlik qilishadi. “Bolalar” esa o‘z navbatida, xodimlarga o‘rganib, ularni tanib olishadi. Biroq, bu mavjudotlar uchun haqiqiy xavf bolalardan, aniqrog‘i, ularning ota-onalari tomonidan yetarli e’tibor va nazoratning yo‘qligidan kelib chiqadi.

Okeanariumning hayot ta’minoti bo‘limi boshlig‘i Sanjar Isabayev so‘nggi bir necha hafta ichida odamlar tashrif buyurgan ochiq va akvariumlardan topilgan buyumlar qutisini ko‘rsatdi. U yerda yo‘ldagi mayda toshlar, o‘yinchoq mashinalar, tangalar, marjonlar, shirinliklar, chiroqlar, flayerlar va hatto bolalar plastik ko‘zoynaklari ham bor.

Masalan, agar baliq tangani yutib yuborsa, u yashab qololmaydi. Hatto eng kichik tosh ham akvariumga tushgudek bo‘lsa, u suv tarkibini o‘zida mavjud bo‘lgan moddalar — benzin, chang va mayda zarrachalar bilan zaharlaydi.

“Nima uchun ba’zi akvariumlarni tashrif buyuruvchilar uchun yopib qo‘yish mumkin emas?” degan savolga Sanjar shunday javob beradi: ular odamlar tomonidan qadriyatlarni to‘g‘ri idrok etilishi va anglab yetilishiga umid qilishadi. Axir, shu tarzda tashrif buyuruvchilar baliqlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar, bu esa barcha okeanariumlarda ham mavjud emas. Aniqroq qilib aytganda, okeanarium — bu dengiz hayvonlari bilan maksimal tarzda yaqin boʻlishni yaratib beruvchi joy. Buni esa afsuski koʻpchilik qadriga yetmaydi.

Butun hudud bo‘ylab oynalarni qo‘l bilan urmaslik, foto yoki video olish paytida chaqnashdan (вспышка) foydalanmaslik va qandaydir predmetlarni tashlamaslik haqidagi iltimoslar yozilgan lavhalar alohida e’tiborni talab qiladi.

Bu okeanarium rahbari va xodimlarining ulkan iltimosi, chunki baliqlar jiddiy oqibatlarga va hatto o‘limga olib keladigan ulkan stressni boshdan kechirmoqda.

Okeanarium uzluksiz taraqqiy etib bormoqda. Jumladan, akvariumlarni baliqlar bilan to‘ldirish jarayoni muntazam ravishda amalga oshiriladi. Avvalo, har bir akvarium uchun baliqlarning alohida ro‘yxati tuziladi, so‘ngra jamoa ishonchli yetkazib beruvchilar bilan aloqaga chiqadi. Faqat qo‘lda ovlangan yuqori sifatli baliqlar tanlanadi va ularni saqlash sharoitlari sotuvchilarda puxta tekshiriladi.

Baliqlarni jo‘natish va qabul qilish eng muhim bosqich hisoblanadi. Magic City akvariumchilari baliqlar kelishidan uch kun oldin yetkazib beruvchi mamlakat suviga aynan o‘xshash suvni tayyorlaydi, karantin xonasini jihozlaydi hamda bojxona va veterinariya nazorati xodimlarini ogohlantiradi. Bu jarayonda har bir daqiqa muhim ahamiyatga ega: bojxonada rasmiylashtirish vaqti uch soatdan oshmasligi lozim, chunki konteynerlardagi kislorod zaxirasi cheklangan. Ozgina kechikish ham achinarli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Okeanarium yo‘qotishlardan qochishga muvaffaq bo‘lmoqda, xodimlar hamma narsani oldindan ko‘rishga harakat qilishadi, ammo ba’zan qutqarish holatlari ham ro‘y beradi. Yaqinda “Magic Aquarium"ga og‘ir ahvolda va deyarli nobud bo‘lgan zebra akula olib kelingan edi. Xodimlarning tun-kun mehnati tufayli uning hayotini saqlab qolishga erishildi. Endi u tashrif buyuruvchilarni quvontirmoqda.

“Biz endi hayotimizni baliqlarsiz tasavvur ham qila olmaymiz. Jamoamizda Toshkentdan ancha uzoqda yashaydigan va har kuni umumiy ishimizga hissa qo‘shish uchun uzoq yo‘l bosib keladigan yigitlar bor. Turkiyalik mutaxassis, mening yaqin do‘stim Murat ham bor. U bizning ishimiz tufayli Toshkentda o‘z umr yo‘ldoshini topdi va yaqinda oila qurmoqchi.

Okeanarium — kechayu kunduz nazorat talab qiladigan joy. Har bir baliq, har bir hayvonning o‘ziga xos fe’l-atvori, odatlari, sevimli taomi va yoqtirgan dam olish joylari bor. Faqatgina bularning barchasini sinchkovlik bilan kuzatib, o‘zimizni ishga baxshida etganimizdagina tashrif buyuruvchilarimizni hayratga solishimiz mumkin," — deydi Sanjar Isaboyev.

“Magic Aquarium” okeanariumi har kuni soat 10:00 dan 23:00 gacha tashrif buyuruvchilar uchun ochiq.

Kirish narxi:

  • uch yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun — 75 000 so‘m;
  • 12 yoshdan yuqori bo‘lgan tashrif buyuruvchilar uchun esa — 100 000 so‘mni tashkil etadi.
Arina Melnichuk
Muallif
Arina Melnichuk
Mirjalol Qosimov
Fotosuratchi
Mirjalol Qosimov