Taras Shevchenkodagi gastronomik koʻcha bugun rasman ochiladi
26-oktabr kuni Toshkentning Mirobod tumanidagi gastronomik ko‘chaning rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda tuman hokimligi ma’lum qildi.
“Koʻp yillar davomida bu hudud avtotransportlar harakati uchun edi. Olib borilgan ulkan bunyodkorlik ishlari natijasida endilikda Taras Shevchenko ko‘chasi piyodalar uchun sevimli lokatsiyalardan biriga aylanishiga ishonamiz”, — deb yoziladi xabarda.
Gastronomik koʻchada 24 soat davomida tashrif buyuruvchilarga xizmat koʻrsatuvchi restoranlar, kafelar, oziq-ovqat doʻkonlari va savdo butiklari mavjud.
“Gastronomik ko‘cha nogironligi bor insonlar uchun moslashtirilgan, zamonaviy dam olish o‘rindiqlari, qulay piyodalar muhiti, tematik fotozonalar va piyodalar fontaniga ega kafe, restoran, qandolatxona va qahvaxonalar 24/7 ish rejimida faoliyat yurituvchi hududdir”, — deyiladi tuman hokimligi xabarida.
94-maktab yaqinida bo‘lib o‘tadigan tadbirning boshlanishi soat 18:00 ga belgilangan.