"Oʻzbek tilining obroʻsini koʻtarishimiz kerak": mutaxassis Saida Rashidova bilan intervyu

Afisha.uz ilk marotaba podkast formatini sinovdan oʻtkazib, birinchi mavzu sifatida oʻzbek tili haqida suhbat qurishga qaror qildi. Buning uchun esa biz oʻqituvchi-mutaxassis, hozirda oʻzbek tilini zamonaviy kurslar asosida targʻib qilib, eng qulay va qiziqarli formatda ta’lim berayotgan Saida Rashidovani taklif qildik.
U bilan oʻzbek tilining hozirdagi “statusi”, chet elliklar nima sababdan oʻzbek tilini oʻrganayotgani va nimada qiynalayotgani, nima uchun koʻpgina Oʻzbekiston fuqarolari davlat tilida gapira olmasligi hamda buning yechimlari haqida suhbatlashdik.
O‘zingiz haqingizda ozroq ma’lumot bersangiz.
— Ismim Saida, familiyam Rashidova. Ingliz tili o‘qituvchisi sifatida 15 yillik tajribaga egaman. Ona bo‘lganimdan so‘ng “Kimman?”, “Nimaman?”, “Nega ingliz tilidan dars beraman?”, “Oilada rus tilida gaplashamiz, ma’lumotlarni ingliz tilida qabul qilamiz, nega o‘zbek tilidan kam foydalanamiz?” degan savollar ustida o‘ylab, YouTube’ni ochdim va dars oʻtish uchun oʻzbekcha materiallar topolmadim. Shundan so‘ng ingliz tili o‘qituvchiligini butunlay tark etib, o‘zbek tili o‘qituvchiligiga o‘tganman.
Bu voqea 2020-yilda boshlangan va o‘sha paytdan buyon yozuvchilik bilan ham shug‘ullanyapman. Asosan bolalar yozuvchisi sifatida tanishadi. Shuningdek, xorijliklarga o‘zbek tilini o‘rgatishda yangi usullarni qo‘llab kelmoqdaman. Tadbirkor sifatida o‘zbek tili maktabi va onlayn kurslar tashkil qilganman.
O‘quvchilaringizda o‘zbek tilini o‘rganish qanday ketmoqda? Doim birinchi savolim “qaysi tilni o‘rganamiz?” boʻladi. Agar ish uchun bo‘lsa — bu rasmiy til, agar muloqot uchun bo‘lsa — men uni “tirik qolish tili” deyman. Tilni endi o‘rganayotganlar uchun ko‘cha va hayotda ishlatiladigan so‘zlarni o‘zlashtirish muhim. Agar o‘quvchim rus tilini bilsa, tilga kirishish bosqichida rus tilidagi umumlashgan so‘zlardan foydalanishga ruxsat beraman. Masalan, “buyurtma” so‘zini “zakaz” deb aytaveringlar, deyman. Chunki biz o‘zimiz ham “zakaz” deymiz, aslida esa “buyurtma” deyishimiz kerak.
Oʻquvchilarning ko‘pchiligi qayerlik va oʻzbek tilini o‘rganishlariga sabab nima?
O‘quvchilarning 80 foizi O‘zbekistonliklar. Bundan tashqari Rossiya fuqarolari ham bor. Ular turli shaharlardan — nafaqat Moskva, balki Ufa, Novosibirsk va Qozon shaharlaridan. Boshqa — Rossiyada turib o‘rganayotganlar — O‘zbekistonga kelib o‘rganayotganlardan ancha ko‘p. Hatto Tashqi ishlar vazirligida ishlab ketgan Rossiya elchixonasi xodimi ham O‘zbekistonda ishlab, o‘zbek tilini o‘rganganidan keyin unutib qo‘ymaslik uchun darslarni davom ettirmoqchi bo‘lgan.
O‘rganuvchilarning asosiy sababi: “Bu yerda yashayapman, ishlayapman va shu yerda qolishni istayman” degan maqsad bilan bog‘liq.
O‘zbek tilini o‘rganuvchilar qanday xatolar qiladi va nimadan qiynaladi? Barcha tillarda bo‘lgani kabi talaffuzda ko‘p xato qilishadi, lekin bu ikkinchi darajali muammo. Asosiy qiyinchilik — adabiy til bilan kundalik muloqot tilining farq qilishi. Ayniqsa, zamonaviy muloqotda ishlatilayotgan so‘zlarda tushunmovchiliklar ko‘p. Til o‘rganuvchilarning o‘zbek tili bilan ilk tanishuvi kitoblar orqali bo‘lgani uchun ular adabiy tilni birinchi o‘rganishadi. Ammo tashqarida bu uslubni qo‘llamoqchi bo‘lishsa, aksariyat hollarda noqulaylik tug‘iladi.
Buning sababi — aholimizning katta qismi adabiy tildan deyarli foydalanmaydi va foydalanganda ham yaxshi qabul qilishmaydi. Shu sababli, men: “Ikkita til uslubini ham o‘rganamiz — 1) adabiy til (yozma til), 2) so‘zlashuv tili” deb o‘rgataman.
O‘zbek tilida ma’lumotlar va kontent yetarlimi, deb o‘ylaysizmi?
— Yo‘q. Toza, adabiy tilda yozadigan, tilni to‘g‘ri ishlata oladigan blogerlar yoki kontent mualliflari juda kam. Shuning uchun o‘quvchilarimga kuzatish uchun tavsiya qiladiganlarimni oldindan tanlab qo‘yaman.
Eng asosiy qilishimiz kerak bo‘lgan narsa — boshqa tillardagidek bilish darajalariga ajratish: A dan C gacha. Bu qo‘llanma yaratishda va qo‘llashda yordam beradi. Har bir darajada qanday so‘zlar mos kelishini aniqlash osonlashadi.
Kitob tavsiya qilishda ham shu yondashuvni qo‘llasa bo‘ladi. Masalan, bitta kitobning har bir daraja uchun osonroq yoki murakkabroq variantlari chiqariladi. O‘quvchi o‘ziga mos darajadagi kitobni, o‘rgangan so‘zlari asosida, tushunishga erishadi.
Hozirgi o‘zbek tilidagi muammo — birdaniga yuqori darajaga o‘tishadi va shu sababli tushunishga qiynalishadi. Har bir pog‘ona bosib o‘tilishi kerak. Matnlarni soddalashtirishga esa chegara qo‘ymaslik kerak. Sadulla Quronovning aytganidek, yozuvchilar orasida soddaroq yozsa, istedodsizlik, mahoratsizlik deb ayblashadi va bu fikr ko‘pchilikda o‘rnashib qolgan.
O‘zbek tiliga nisbatan hurmat oshgan, deb o‘ylaysizmi? Sun’iy tarzda tilga hurmat va qo‘llanishni oshirish mumkinmi?
Menimcha, hozirgi muhitda o‘zbek tiliga nisbatan hurmat oshgan. Ayniqsa, o‘zbek tilida kontent yaratilishi boshlanganidan beri bu seziladi. Lekin hali chetdan kirib kelgan barcha so‘zlarni o‘zbekchalashtirishga erta. Asta-sekin o‘zlashtirish mumkin. Xuddi Ozarbayjon, Turkiya kabi davlatlarda bo‘lgani kabi — pul ajratilib, maxsus ekspertlar guruhi tomonidan normalar va qo‘llanmalar ustida ishlash kerak.
Katta ta’sir doirasiga ega bo‘lgan odamlar orqali yangi so‘zlarni tadbiq qilish mumkin. O‘zbek tilini sun’iy ravishda rivojlantirish kerak. Bu yo‘nalishdagi mas’ullar tilning obro‘sini ko‘tarishlari kerak, yondashuvni o‘zgartirib, alohida e’tibor qaratishlari zarur. Hozirgi o‘sib kelayotgan yosh avlodni qiziqtirish orqali o‘zbek tiliga olib kirish yo‘llarini topish kerak.
Toʻliq suhbatni YouTube kanalimizda tomosha qiling: