Nostalgiya: Nega oʻtmishni sogʻinamiz?

Vaqt mashinasisiz ham oʻtmishga sayohat qilish mumkinmi? Ha, buning uchun sizga faqat nostalgiya kerak.
Eski radioda yangrayotgan unutilgan qoʻshiq. Buvingiz sandigʻidan chiqqan sargʻaygan surat. Bolalikda koʻchada oʻynalgan oʻyinlar… Bir lahzada qalbingiz entikadi — bu nostalgiya deb ataladigan sehrli tuygʻu sizni oʻziga tortadi. Ikki zamonda yashaganday boʻlasiz — bugun va kecha orasida qolib ketasiz.
Sizda ham shunday boʻlganmi? Oldinga harakat qilganingizda, nimanidir ortda qoldirganingizni sezasiz? Bu maqola aynan oʻsha “nimadir” haqida — miyamiz eslatadigan sogʻinch, yurakdagi gʻamgin, ammo shirin ohang haqida. Maqola soʻngida esa sizga nostalgiyaning eng ta’sirli ifodasini koʻrsatgan beshta ajoyib filmni tavsiya etamiz.
Tarixiy Ildizlar
Har birimiz nostalgiyani turlicha his qilamiz, lekin uning miyamizni qamrab oladigan qudrati umuminsoniy tajriba. Qiziq, shunday kuchli tuygʻu qachon va qanday paydo boʻlgan? Keling, nostalgiyaning gʻaroyib tarixiy ildizlariga nazar solaylik, chunki har qanday his-tuygʻuni anglash uchun uning kelib chiqishini bilish zarur.
“Nostalgiya kasalligidan azob chekkan askar tanasining qizib ketishi, yurak urishining tezlashuvi, aritmiya va hatto gallyutsinatsiyalarga duchor bo‘ladi,” deb yozilgan tibbiyot ensiklopediyasida. Bu sizni hayratga soldimi? Ha, ilk paytlarda nostalgiya kasallik sifatida qaralgan. U yunoncha “nostos” (uyga qaytish) va “algos” (og‘riq) so‘zlaridan kelib chiqqan, ya’ni “uyga qaytish og‘rig‘i”.
XVII asrda shveysariyalik shifokor Yohannes Hofer bu atamani o‘z yurtidan uzoqda xizmat qilayotgan askarlarda kuzatilgan ruhiy holatni tasvirlash uchun ishlatgan. Bu askarlar o‘z vatanlarini shu qadar kuchli sog‘ingan ediki, bu hissiyot jismoniy kasallikka aylangan — ishtaha yo‘qolgan, tushkunlik boshlangan, ba’zilar esa hatto o‘z joniga qasd qilgan.
Vaqt o‘tishi bilan nostalgiya tibbiy atama sifatida o‘z ahamiyatini yo‘qotdi. Bugun u kasallik emas, balki xotira sifatida qaraladi. Ammo uning kuchini inkor etib bo‘lmaydi — hayotning qiyin paytlarida u bizga hissiy tayanch bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Asosiy savol: nega biz o‘tmishni yaxshiroq deb bilamiz?
Tasavvur qiling, sovuq qish oqshomida issiq ko‘rpa ostida “Uyda yolg‘iz” filmini tomosha qilayotgan bola. U his qilayotgan tuyg‘ular — bolalik, xavfsizlik, yaqinlik. Yillar o‘tib, o‘sha film yana tomosha qilinsa, bu nafaqat voqeani, balki o‘sha hislarni ham qayta uyg‘otadi. Chunki miya o‘zining “tasvirlar toʻplamini” qayta yuklaydi: film + tuyg‘ular = nostalgiya.
Neyrofiziologlar fikricha, nostalgiyaga berilganimizda, miyaning xotira markazi faollashadi. Bu hududlar xotiralarni qayta ishlash va his-tuyg‘ularni boshqarishda muhim rol o‘ynaydi. Bu faollik natijasida dofamin va serotonin kabi “baxt gormonlari” ajralib chiqadi, ya’ni nostalgiya bizni o‘zimizni yaxshiroq his qilishga undaydi.
Nostalgiya jarayoni ortida miyamizning tabiiy himoya mexanizmi yotadi. Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, inson miyasi xotiralarni saqlashda tanlovli harakat qiladi: salbiy tafsilotlar vaqt o‘tishi bilan susayadi, ijobiylar esa kuchliroq saqlanadi. Bu hodisa “Unutilish effekti” (Fading Affect Bias) deb ataladi (manba: National Library of Medicine).
Yozuvchi Steve Maraboli esa nostalgiyani quyidagicha ta’riflaydi: “Nostalgiya — bu miyangizning oʻtmishdagi nuqsonlarni 'fotoshop' qilish usuli”.
Ammo bu bir qancha savollarni keltirib chiqaradi: Biz haqiqiy o‘tmishni sog‘inamizmi yoki uning go‘zallashtirilgan versiyasini? Agar shunday bo‘lsa, nostalgiya — yolg‘onmi yoki foydali terapiya?
Hayotiy Misollar
Xoʻsh, bu nostalgiya nazariyasi edi, lekin haqiqiy hayotda-chi? Har kun duch keladigan narsalarimiz qanday qilib vaqt mashinasiga aylanib, bizni oʻtmishga qaytaradi? Keling, kundalik hayotimizdagi nostalgiya qoʻzgʻatuvchilarini koʻrib chiqamiz.
Film:
“Stranger Things” serialidagi 80-yillar ruhi hatto oʻsha davrda tugʻilmaganlarni ham oʻziga jalb qiladi. Oʻzbekistonlik tomoshabinlar uchun esa “Osmondagi bolalar”, “Abdullajon”, “Shum bola” kabi filmlar nafaqat syujet, balki davr ruhi bilan bogʻliq xotiralarni uygʻotadi.
“Osmondagi bolalar” filmi har bir yigitning yuragidagi armonli sevgi tarixini eslatadi. Oʻsha sinfdosh qizga aytilmagan soʻzlar, yuborilmagan maktublar, birinchi muhabbatning butun begʻuborligi filmda aks etadi. Uni koʻrganda, hamma narsani birinchi bor his qilgan oʻsha “men"imizga qaytamiz.
“Abdullajon” filmi esa qishloqni, sodda odamlarni, oqibatli qoʻshnilarni koʻrsatadi. Abdullajonning ketmoni uchayotganini koʻrib, oʻzimizning ketmonimiz uchmagan, ammo ruhimiz parvoz qilgan davrlarni eslaymiz. Film qahramonlarining har bir vaziyati bizga tanish boʻlgani uchun ham nostalgiya uygʻotadi.
Musiqa:
Maykl Jekson, Sherali Joʻrayev, Botir Zokirov yoki Yalla guruhining qoʻshiqlari oddiy kuy emas. Ular bizni oʻtmishimizga olib ketadi — bogʻchadagi birinchi she’rimiz, maktabdagi birinchi va soʻnggi qoʻngʻiroq, talabalik yillaridagi doʻstlar davrasidagi kechalar. Har bir qoʻshiq bizga faqat oʻzimizgagina tegishli boʻlgan his-tuygʻular xazinasini ochadi.
Qiziq tomoni shundaki, hatto Alzgeymer kasaliga chalingan bemorlar ham eski musiqalar orqali oʻz xotiralariga qayta bogʻlanishadi. Nega? Chunki musiqa — bu faqat tovush emas, balki oʻsha tovushlar bilan bogʻliq boʻlgan biz yashagan lahzalar, bizning oʻzimizdir.
O‘yin:
“Berkinmachoq”, “Oq terakmi, ko‘k terak” oʻyinlarini eslab, yuzingizga tabassum qoʻnadimi? Bu shunchaki oʻyin emas, balki bolalikdagi qoʻrquv va quvonchning ajoyib aralashmasi, doʻstlik va raqobat uygʻunligi, qorongʻi burchakda yurak tepishini his qilish. Biz oʻsha oʻyinlarda kelajakdagi muammolarsiz, faqat shu lahzada yashardik.
Hozirgi zamonaviy raqamli oʻyinlar ham eski grafikalar va uslublardan foydalanib, nostalgiya uygʻotadi. “Minecraft” kabi sodda grafikali oʻyinlar, aynan bolalikdagi oddiylikni, chegarasiz tasavvur olamini eslatgani uchun shunchalik mashhur.
Taom:
Buvingiz pishirgan somsa yoki onangiz tayyorlagan palovning hidi — bu faqat hid emas. Bu sizning bolaligingiz, oilangiz davrasidagi bayramlar, toʻylar, mehmon kutish marosimlari. Har bir qadrdon taom ortida oʻsha taomni tayyorlagan insonlar, baham koʻrgan suhbatlar, kulgilar, ba’zan koʻz yoshlari bor.
Hid bilan bogʻliq xotiralar eng kuchlisi boʻladi, chunki miyamizdagi hid markazi xotira markaziga juda yaqin joylashgan. Onangizning nonining hidi kelganda, siz faqat nonni emas, balki butun bir bolalikni, u bilan bogʻliq boʻlgan barcha quvonchli onlarni, oʻsha payitdagi begʻam va shodmon “men"ingizni his qilasiz.
Ilm-fan:
Professor Konstantin Layf aytganidek: “O‘tmishni eslash — bu miyamizning o‘ziga o‘zi beradigan dori.”
Neyrobiologlar nostalgiyani “psixologik immunitet tizimi” deb atashadi, chunki u og‘ir damlarda hissiy barqarorlikni ta’minlaydi. “Boshqotirma” (Inside Out) multfilmida ko‘rsatilganidek, hissiyotlarimiz va xotiralarimiz bir-biriga chambarchas bog‘liq.
Biz nostalgiyadagi tasodifiy roʻyxatni emas, balki chuqur ma’noni izlayapmiz. Hayotimizning har bir qismida koʻrinadigan bu tuygʻu ortida qanday falsafa yotibdi? Falsafiy nuqtai nazardan oʻtmishga murojaat — bu qochishmi yoki oʻzlikni anglashmi?
Falsafiy Yondashuv
“O‘tmishga qarash yaxshi, lekin orqaga qaytmaslik sharti bilan,” — Andre Morua
“Parijdagi bir tun” (Midnight in Paris) filmida bosh qahramon har tun mo‘jizaviy tarzda 1920-yillarga qaytadi. Biroq u tez orada tushunadiki, o‘sha davrning o‘zida yashayotgan odamlar esa undan ham avvalgi asrni “oltin davr” deb bilishadi. Bu shuni ko‘rsatadiki, har bir avlod o‘z o‘tmishini ideallashtiradi, uni zamonaviy muammolardan qochish vositasi sifatida ko‘radi.
Ekzistentsialistlar bu holatni tanqidiy nazar bilan baholashadi. Ular nazarida nostalgiya — bu bugungi hayotdagi mas’uliyat va erkinlikdan qochishning bir shakli. Sartr bunday holatni “yolg‘on vijdon” deb atagan bo‘lardi, ya’ni inson o‘tmishga sho‘ng‘ib, bugunning tanlovlaridan, imkoniyatlaridan va qarorlaridan chekinadi.
Ammo falsafa va kino chorrahasida, nostalgiya inson ruhining muhim qismiga aylangan. Rejissyorlar ko‘pincha nostalgiya orqali insonning zamon, xotira va oʻz egosi bilan bo‘lgan murakkab munosabatlarini ko‘rsatadilar. Film — bu o‘tmishni qayta yashash, uni estetik tarzda anglash va o‘zimiz haqidagi haqiqatga yaqinlashish vositasi. O‘tmishga mehr, bolalikni sog‘inish yoki yo‘qolgan muhabbatni eslash — bular nafaqat hissiy tajriba, balki falsafiy savol: “Vaqt bizni qanday o‘zgartiradi?” degan savolga javob izlashdir. Shu ma’noda, nostalgiya nafaqat qochish, balki chuqur tafakkur, anglash va yaralarning davosi bo‘lishi mumkin.
Xulosa: Biz oʻtmishni emas, oʻtmishdagi oʻzimizni sogʻinamiz
Eski suratlarni koʻrganimizda yoki tanish kuylarni eshitganimizda, biz nafaqat boshqa bir vaqtga, balki boshqa bir “men"ga qaytamiz — ehtimol koʻproq begʻam, umidlarga toʻla yoki keyinchalik bizni shakllantirgan tajribalar yukidan ozod boʻlgan oʻzimizga. Mana shuning uchun ham nostalgiya ham shirin, ham ogʻriqli his — biz xotiralarni qayta koʻra olamiz, ammo oʻsha oʻzimizni qayta qoʻlga kirita olmaymiz.
O‘tmishdan ilhom olib, bugunni ongli yashash va kelajakni ongli qurish — mana bu sog‘inchning eng foydali shakli. Nostalgiya — bu faqat oʻtmishni eslash emas, balki bugungi kunni his qilish, qadrlash va uni yanada mazmunli qilish uchun ichki suhbatdir.
Shunday qilib, oʻtmishni sevish — tabiiy, ammo bugun bilan yashash — zarur.
Desert: Nostalgiya hissini uyg‘otuvchi 5 ta sara film
Quyidagi filmlar qalbingizda iliq xotiralarni uyg‘otib, o‘tmishga bo‘lgan sog‘inchni yana bir bor his qilishingizga sabab bo‘ladi:
- “Midnight in Paris” (2011) — Har bir avlod o‘zining “oltin davri"ni qo‘msaydi. Vudi Allenning nostalgiya va san’atga to‘la, betakror asari (IMDb: 7.7).
- “Cinema Paradiso” (1988) — Bolalik, kino va o‘tmish mehriga to‘la yurakni ezuvchi, biroq iliq taassurot qoldiruvchi film (IMDb: 8.5).
- “The Tree of Life” (2011) — Bolalik, oila va hayot ma’nosiga doir chuqur ijodiy mushohada (IMDb: 6.8).
- “The Notebook” (2004) — Yoshlikda boshlangan va umr bo‘yi davom etgan sof muhabbat tarixi (IMDb: 7.8).
- “Coco” (2017) — Avlodlar, xotira va oila qadriyatlari haqida hayajonli va jonli animatsion sarguzasht (IMDb: 8.4).
