Bukblogerlar tavsiya qiladi: har bir inson o‘qishi kerak bo‘lgan kitoblar

E’lon qilingan sana· 789
Bukblogerlar tavsiya qiladi: har bir inson o‘qishi kerak bo‘lgan kitoblar

Yurtimizda kitobxonlik darajasi yildan yilga oshib bormoqda. O‘z o‘rnida nashriyotlar ham o‘quvchilarga yangidan yangi kitoblar taqdim etishmoqda. Kitob do‘konlari serob, yetkazib berish xizmati ham mavjud: chekka bir viloyatdagi kitobxon istagan kitobini buyurtma qilishi mumkin. Biroq mutolaa olamiga endi kirib kelgan yoshlarda tabiiyki, qanday kitobni tanlasam ekan, dunyoqarashimni o‘stirishga, badiiy didimni shakllantirishga yordam beradigan asarlar qaysi ekan, degan savollar tug‘iladi.

Bugun ana shunday savollaringizga javob izlab, bugungi kunda o‘z auditoriyasiga ega, saviyali asarlarni mutolaa qilib, taqrizlar yozayotgan bukblogerlarga yuzlandik. Ular har bir inson umri davomida o‘qishi kerak bo‘lgan eng yaxshi kitoblarni tavsiya qilishadi.

Ilhom Salimov:

Men o‘zbek adabiyotidan yana bir kuchli yozuvchini kashf qildim: Raxshona Ahmedova. “Tongotar” meni ko‘p qiynadi, ko‘p fikrlatdi, ko‘p narsani yodimga soldi. Solishtiradigan bo‘lsam, ijtimoiy muammolarni ochib berishi jihatidan “To‘rtko‘cha” va “Yashamoq"dan karrasiga ustun. Romanni ikki kunda tugatdim, ammo juda uzoq o‘qigandayman. Undagi dardning ko‘lami, ma’noning zichligi odamni ezib yuboradi. Necha bor kitobni yopib, bir nuqtaga tikilgancha mutolaani davom ettirish uchun bardoshimni yig‘ishimga to‘g‘ri keldi.

Paradoks shundaki, “Tongotar” dardli asar bo‘lgani uchun og‘ir, shu bilan bir vaqtda yozuvchining tili ravonligi uchun yengil o‘qiladi. Xullas, Raxshona Ahmedovaning “Tongotar"i qayta va qayta nashr qilinishi, erkagu ayolga birday o‘qitilishi kerak. Roman bizga ko‘zgu tutgani uchun bugun dolzarb bo‘lsa, badiiy saviyasi yuqoriligi uchun vaqt sinovidan ham o‘tib, kelejakda ham o‘qilishiga ishonaman.

Ko‘proq o‘qish uchun.

Mahin:

“Qumdagi xotin”. Kobo Abening ijodi dunyo adabiyoti, san’atida o‘z o‘rniga ega hisoblanadi. Asar bosh qahramoni hasharotlarni o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi o‘qituvchi ilmiy tadqiqoti uchun yo‘l oladi va tasodifan noma’lum qishloq aholisi tomonidan bir qum uyaga qamab qo‘yiladi. U bu yerda yashovchi sirli xotin bilan tanishadi va barcha jumboqlar shu yerda boshlanadi. Muallifning uslubi minimalistik bo‘lib, poyemaga o‘xshaydi, xuddi siz sehrli bir poetik olamda yashayotganga o‘xshash his ola boshlaysiz. Qum. Qum haqida nimalar deyish mumkin o‘zi? Ko‘rinishidan, jilovlari bilan odamni o‘ziga mahliyo etuvchi, yaqinlashganda esa shunchaki erkni chegalashga-da qodir kuchga ega tilsim. U o‘zining zalvorli kuchi bilan beqarorligini ko‘rsatishi, shu bilan birga esa miyamizni saroblarga, yolg‘izligimizni his qilishga undashi mumkin.

Asarda qumning fonidagi ikki qahramon — o‘qituvchi va sirli ayol jamiyatda mavjud shaxslarning asl ko‘rinishini aks ettiradi. Biri qoidalarga bo‘ysunuvchi, borini qabul qiluvchi bo‘lsa, ikkinchisi erki chegaralanishiga bosh ko‘taruvchi, turli yo‘llarni izlovchi odam. Ammo, hayot uni ham sindirishi, bir joyga bo‘ynini bog‘lab qo‘yishi mumkinligini qabul qilishi ham bor oldinda. Qisqa qilib aytganda, barcha o‘qishini istardim.

Ko‘proq o‘qish uchun.

Muhiddin Nido:

Murakamining “Uyqu” asarida kundalik hayotning zerikarli takrorlanishi va inson ichki olamidagi tuyg‘ulari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar haqida fikr yuritiladi. 17 kundan beri bir soniya ham uxlay olmayotgan ayolning ichki kechinmalari va bu holatning (uyqusizlikning) hayotiga qanday ta’sir qilishiga guvoh bo‘lasiz. Shu o‘rinda Murakamining menga yog‘gan bir topilmasi bor. “Kam uxlash yoki umuman uxlamaslik hayotimni uzaytirganini tushundim” — deydi uyqusizlikka chalingan qahramonimiz. O‘ylab qoldim, butun umr har doimgidan yarim soat yoki bir soat kam uxlasak, qancha vaqt yutishimiz mumkin, a?

Asarda esa Murakami uyqusizlik orqali erkinlik va xavfli darajadagi yolg‘izlik holatini tasvirlaydi. Kitobni o‘qirkansiz, siz ham asar qahramoniga qo‘shilib haqiqat va xayol o‘rtasidagi chegaralarni yo‘qotib qo‘yasiz. Ayolning uyqusizligi haqiqatmi yoki aqldan ozishmi? Balki tushdir? Lekin tushga ham uncha o‘xshamaydi-da, kabi savollar bilan chalkashib qolasiz. Xullas, o‘qib ko‘ring. Sizning anglaganlaringiz balki boshqacha bo‘lar.

Ko‘proq o‘qish uchun.

Dildora Karimova:

Henri Marsh, “Ozor berma”. Neyrojarrohlikdagi achchiq haqiqat shuki, murakkab operatsiyalarni ko‘plab tajribalardan keyingina yaxshi bajara boshlaysiz. Bu esa dastlab ancha xatolar qilib, ortingizdan bir nechta nogiron bemorlar bilan iz qoldirishingizni anglatadi. Hammaga ma’lumki, tibbiyot eng murakkab, shu bilan birgalikda insondan katta mas’uliyat talab etiladigan soha. Neyrojarrohlik esa, ana shu murrakab tibbiyotning eng dolzarb va ahamiyatli bir bo‘lagidir.

“Ozor berma"da siz ana shu sohada faoliyat yuritayotgan vrach hayoti bilan tanishasiz. Uning yutuqlaridan tortib xatolarigacha boxabar bo‘lasiz. Kitob qisqa hikoyalardan iborat bo‘lib, har bir bobda har xil bemor, kasallik, operatsiya tasvirlanadi. O‘zbek tilida sifatli darajada chiqqan birinchi tibbiy ilmiy-ommabop kitob deb ayta olaman. To‘g‘risi, kitobning tugashini xohlamadim. Tugagandan keyin ham oldimda olib yurib ayrim boblarini qaytadan o‘qidim. Vrach bo‘lganim uchun ayrim voqealar qattiq ta’sir qildi. Yana qayta o‘qiydigan kitoblarimdan biriga aylandi.

Ko‘proq o‘qish uchun.

Abdurahmon Egamberdiyev:

Erix Mariya Remark, “Qarzga olingan umr”. Ushbu kitob sizni titratadi, ko‘z yoshlar to‘kishingizga sababchi bo‘ladi. U bizga atrofimizdagi hamma narsani, jumladan hayotimizni ham qadrlashni o‘rgatadi. Unda urush yo‘q, qon yo‘q, har lahzada kimdandir ayrilib qolmaysan. Chunki voqelar Ikkinchi jahon urushidan 15-yil o‘tib sodir bo‘ladi. Yevropani urushdan olgan jarohatlaridan asta-sekinlik bilan forig‘ bo‘layotgan paytlarda. Asar markazida o‘limga ikki hil qarashga ega qahramon. Biri o‘z umri tugayotganini kun sanab, uzoqroq yashashga tashnalik bilan intiluvchi qiz, ikkinchisi havfli poygalarda doimo o‘lim bilan “o‘ynashuvchi” erkak. Kitob menga har kunimdan zavq olib yashashni o‘rgatdi. Asarni o‘zingiz o‘qib, uni to‘liq his qilishingizni istayman. Kafolat beramanki, ketkazgan vaqtingizga achinmaysiz.

Ko‘proq o‘qish uchun.

Shaxlo Xayitova:

“Assalom qayg‘u”. Fransuaza Sagan ham o‘zi bilmagan holda kattalar dunyosiga birinchi qadamini tashlayotgan qiz dunyoqarashining barcha qirralarini mohirona tasvirlaydi. Men ham yoshman va o‘sha qizdagi qaysidir jihatlarimiz o‘xshash. Ko‘pchiligimiz shunday yashaymiz: nimadirga qattiq berilgan, rostakamiga sevgan, bilimni qadrlagan, haqiqiy e’tiqodi bor insonlar deyarli yo‘q. Insoniy munosabatlar va samimiylikni qadrlashni aytmasa ham bo‘ladi. Biz uchun oldimizdan katta tezlikda o‘tib ketgan mashina va odam ahamiyati bir xil, hozir borsan, ertaga nima bo‘lishingni hech kim bilmaydi.

Sevgida qanchadir muddat hissiyot va yaqinlik bergan kishini arzimas sabab bilan tashlab ketishimiz, tanimagan odamimiz bilan munosabat o‘rnatishimiz judayam oson. Boshqalarning hayotiga burun suqmaslik, oniy halovat uchun butun hayotni qurbon qilmaslik nimaligini bilmaymiz. Hatto fojiamizni anglolmay o‘tib ketyapmiz. Balki oshirib yuborgandirman, ammo men o‘qiganimni va kuzatgan narsalarimni yozdim. Sesil va otasiga o‘xshaganlar juda ko‘p, Annalar esa uzoqqa bormaydi. Biz ularni yeb bitiramiz. Tarjima yaxshi, qisqartirish va senzura yo‘qqa o‘xshadi. Nashr ham yaxshi ekan-u, muqova borasida o‘ylanib qoldim: menincha bu asarga jiddiyroq dizayn kerak. Romanga xulosa qiladigan bo‘lsam, “Assalom qayg‘u” o‘qishingiz kerak bo‘lgan kam sonli kitoblardan biri. Tavsiya qilaman.

Ko‘proq o‘qish uchun.

Nurali Qahramon:

“Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi” — Go‘ro‘g‘li dostonlari turkumining muhim qismi bo‘lib, unda ulug‘ alpning mo‘jizaviy dunyoga kelishi tasvirlanadi. Bu doston faqat syujet jihatidan emas, balki badiiy jihatdan ham o‘ziga xos bo‘lib, xalqona tasvir vositalari va epik mubolag‘alarga boy. Asarning eng diqqatga sazovor jihatlaridan biri uning tili va uslubidir. Dostonning har bir satri xalqning donishmandligi va poyetik mahorati bilan sug‘orilgan. She’riy ifodalar, jonli tasvirlar va ohangdor jumlalar uni shunchaki epik asar emas, balki maftunkor adabiy yodgorlikka aylantiradi. Uning tili shunchalik shirali va jozibali ekanki, o‘quvchi o‘zini go‘yo qahramonlar bilan yonma-yon turgandek his qiladi. U faqat qahramonlik haqidagi doston emas, balki o‘zbek xalqining boy og‘zaki ijodi namunasi hamdir. Uning shirali va ohangdor tili asarni o‘qishni nafaqat zavqli qiladi, balki xalq ruhiyati va tafakkuriga chuqurroq kirib borish imkoniyatini ham beradi. Men dostonni o‘qish jarayonida xalqimizni asrlar davomida shakllanib kelgan e’tiqodi, san’ati va madaniyatini ich-ichimdan his qildim.

Ko‘proq o‘qish uchun.

Siz-chi, kitobxon sifatida qaysi asarlarni tavsiya qilasiz? Izohlarda yozib qoldiring.

Nodirabegim Ibrohimova
Muallif
Nodirabegim Ibrohimova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling