Nima uchun biz kitoblar, ovozli xabarlar va podkastlarni 2x'da tinglaymiz?

Podkastlar, audiokitoblar, ma’ruzalar, ovozli xabarlar — ba’zi odamlar har qanday audio kontentni tez eshitmoqda, boshqalar esa ularni buning uchun ayblamoqda. “Афиша Daily” nashri nima uchun odamlar audio kontentni tezlashtirilgan holda qabul qilayotgani va bu miyaga qanday ta’sir qilishi haqida katta maqola e’lon qildi. Afisha.uz uni oʻzbek tilida taqdim etadi.
2025-yil yanvar oyida Audible servisi mashhur odamlar audiokitoblarni qanday tezlikda eshitish yaxshi ekani haqida gapirgan reklama roligini e’lon qildi. “Men audiokitoblarni faqat odatiy tezlikda tinglayman”, — deydi yozuvchi va aktyor Stiven Fray. “2,0 tezlikda ham eshitish mumkin, lekin 1,8 tezlik ideal boʻladi”, — deydi komik Bouen Yang.
Ammo yozuvchi Priski Dorkas Moxiki Rodrigesning “Menimcha, tezlikni juda oshirib yuboradiganlar… ularni psixopat demoqchi emasman, lekin bu shunday fikrlarga olib keladi”, degan gapi turli fikrlarga sabab boʻldi. Bu rolik tomoshabinlarning g‘azabini keltirib chiqardi, ular kompaniya o‘z foydalanuvchilarining katta qismini haqorat qiladigan reklamalarni chiqarishi juda g‘alati ekani haqida gapirdi. “Meni psixopat deb atashlari uchun oyiga o‘n olti dollar to‘lamayman”, — deydi blogerlardan biri.
Muhokama audiokitoblar, ma’ruzalar, podkastlar va hatto hamkasblarning ovozli xabarlarini qanday tezlikda tinglash kerakligi haqidagi cheksiz munozaralar oloviga moy sepdi, bundan tashqari, yildan-yilga koʻproq odamlar audio kontentning tezligini oshirish uchun “1.5x” tugmasini bosmoqda.
Deepwater Asset Management tadqiqotiga ko‘ra, 2024-yilda o‘rtacha odam haftasiga 82 soat vaqtini axborot iste’moliga bag‘ishlagan. Bu yigirma yil oldingiga nisbatan to‘rt baravar, 1940-yilga nisbatan esa to‘qson baravar ko‘p.
Uxlashga ajratilgan vaqtni ayirsak, axborot iste’moli vaqtimizning deyarli 70 foizini olmoqda, rivojlangan davlatlarda esa bu raqam 100 foizga yaqinlashadi. Bunda hayot sekinlashmaydi, sutkadagi soatlar soni esa o‘zgarmaydi. Shunday yashash mumkin, lekin tezroq harakat qilgan ma’qul — tobora ko‘proq odamlar shunday deb hisoblamoqda.
Talabga yarasha taklif ham bor. Hozirda podkastlar yoki audiokitoblarni tinglash uchun har qanday ilovada tezlikni o‘zgartirish imkoniyati mavjud. Xuddi shunday funksiyalar video xizmatlarida ham paydo bo‘lmoqda: YouTube 2010-yildayoq videoni ikki baravar tezlashtirish (va sekinlashtirish) imkoniyatini yaratgan, odamlar bu funksiyadan ko‘pincha katta ma’ruzalar yoki podkastlarning video versiyalarini tinglashda foydalanadi. 2024-yil oxiridagi ma’lumotlarga ko‘ra, YouTube podkastlarni tinglash uchun eng mashhur platforma maqomini oldi, tinglovchilarning 31 foizi undan foydalanadi. Bu Spotify (27 foiz) va Apple Podcasts (15 foiz) dan ko‘proq.
Odamlar qanday tezlikda tinglaydi
YouTube prodakt-menejeri Rid Uotsonning so‘zlariga ko‘ra, roliklarni tezlashtiradigan odamlarning 85 foizi “1.1x” rejimini tanlaydi. Bundan tashqari, turli qurilmalar foydalanuvchilari turli rejimlarni tanlaydi. Masalan, 1.25x ixlosmandlari YouTube’ni Smart TV va o‘yin konsollarida tomosha qiladi yoki tinglayd, 2x ixlosmandlari esa kompyuterda.
Odamlar ko‘proq non-fikshn adabiyotlarni tezlashtirilgan holda tinglaydi. “Satrlar” kitoblar xizmati vakillarining aytishicha, tobora koʻproq foydalanuvchilar tinglash uchun 1,25 dan 1,5 gacha tezlikni tanlamoqda, ammo non-fikshn, ayniqsa, o‘z-o‘zini rivojlantiruvchi kitoblar oʻquvchilari ko‘pincha 1,5 dan 2 gacha tezlikda kitoblarni tinglaydi.
Podkast boshlovchisi Kris Vazovskining aytishicha, allaqachon podkastlar va audiokitoblarni 1.5x tezlikda tinglashga o‘rganib qolgan. Biroq ba’zida bu qoidadan chetga chiqib turadi: “Ba'zida podkastlarni o‘ynab, zavq bilan tinglasam, ularni ataylab sekinlashtiraman. Qandaydir saund-dizayn yoki hikoya bo‘lsa, men o‘zimni 3x'ga qoʻymaslikka majburlayman. Chunki ko‘pincha tezlashtirilgan holda, muallifning kontentga qanday hissa qo‘shganini tushunib bo‘lmaydi”. Tezlashtirish imkoniyatidan foydalanish uchun boshqa sabablar ham bor:
“Do‘stlarim va sevimli odamlarimning ovozli xabarlarini 1,5x, yoqtirmaganlarimni esa 2x tezlikda eshitaman”.
Kitobxonlar bu haqda qanday fikrda?
Biroq ba’zi podkast boshlovchilari nutqni tezlashtirishga xotirjam munosabatda bo‘lishsa, audiokitoblar ishlab chiqarishda ishtirok etayotgan odamlar bir ovozdan asl tezlikni saqlab qolish tarafdori.
“Menimcha, audiokitoblarni adabiy asar sifatida tabiiy tezlikda — aslidek yozib olingan tezlikda tinglash kerak, aks holda tinglovchi ko‘p nozik jihatlarni shunchaki o‘tkazib yuboradi”, — deydi yuzlab kitoblarga ovoz bergan aktyor Aleksey Bagdasarov.
“Ijrochi sifatida men, albatta, xafa bo‘laman. Chunki men ishlayman, oʻzimdan nimadir qoʻshaman, turli tanaffuslar qilaman va hokazo. Tezlashtirilgan ovoz menga qandaydir yovvoyi, jonsiz, haqiqiy emasdek tuyuladi”, — deydi aktyorlardan biri. Biroq u kontentni tezlashtirish amaliyotiga tushunish bilan yondoshadi. “Mening fikrim har qanday holatda ham ahamiyatsiz bo‘ladi, chunki men deyarli audiokitoblarni tinglamayman. Bu juda koʻp vaqt oladi. Men bitta kitobni tinglaguncha uchta kitobni o‘qib tugatishim mumkin. Shu sababdan men bunday qiladigan odamlarni tushunishim mumkin, lekin o‘zim bunday tinglay olmayman”.
“Agar non-fikshn emas, badiiy adabiyot tinglanadigan bo‘lsa, unda tezlikni o‘zgartirish noto‘g‘ri”, — deydi qariyb o‘ttiz yildan beri audiokitoblar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan “Vimbo” nashriyotining bosh prodyuseri Mixail Litvakov. “Ovoz yozish paytida biz aktyor bilan materialni oʻqish tezligini tanlaymiz, qayerda pauza kerak, qayerda kerak emasligini aniqlaymiz. Ovoz rejissyori esa bularning barchasini tinglovchi yaxshiroq idrok etishi, uning ko‘z o‘ngida harakat tasviri paydo boʻlishi uchun yana bir bor tekshiradi. Shuning uchun tezlikni o‘zgartirmaslik kerak, aks holda buni shunchaki robot yozib berishi ham mumkin. Tasavvur qiling, futbol muxlislari o‘yinni tezlashtirilgan holda tomosha qilmoqda. Hech narsa qilmaydi, shunchaki natijani tezroq bilib olishadi. Badiiy adabiyotda ham xuddi shunday. Maqsad qotil bog‘bon ekanligini tezroq bilib olish emas, jarayonning muhimligidir”.
Audiokitob xizmatlari tezlikni qanday oshirmoqda?
Hatto tezlashtirilgan rejimda ham nutq tushunarli bo‘lishi uchun audiofaylni tezlashtirishning o‘zi yetarli emas. “Satrlar” kitob servisining texnik rahbari Maksim Nikitinning aytishicha, audiokitob servislari vaqt masshtabini siqishning maxsus usullari va algoritmlaridan foydalanishiga to‘g‘ri keladi.
Bunday algoritmlar orasida u Pitch-Synchronous Overlap and Add (PSOLA), Phase Vocoder va WSOLA (Waveform Similarity Overlap-Add) algoritmlarini sanab o‘tadi. Bularning barchasi ovoz balandligi yoki ohangini o‘zgartirmasdan ijro tezligini o‘zgartirishga yordam beradi. “Shuningdek, begona shovqinlar olib tashlanadi va tovush ravon bo‘lishi uchun nutq aniqligi yaxshilanadi”, — deya qo‘shimcha qiladi Nikitin.
Audio tezligini oshirish tushunishga qanday ta’sir qiladi
Axborotni tezlashtirilgan holda eshitishga qarshi eng keng tarqalgan dalillardan biri bu tushunmay qolishga olib kelishi, deya qaraladi. Biroq talabalarga turli tezlikdagi ma’ruza yozuvlarini qoʻyib, so‘ngra bilimlarni o‘zlashtirishni sinab ko‘rgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, natija katta emas.
2017-yilda o‘tkazilgan tadqiqot mualliflari pessimistik xulosaga kelgan: yozib olingan ma’ruzani 1.5x tezlikda tinglagan talabalar uni odatdagi tezlikda eshitgan hamkasblariga qaraganda yomonroq tushungan.
Bundan tashqari, 2020-yilda o‘tkazilgan yana bir tadqiqotda 1,25x tezlikdan foydalangan talabalar eng yaxshi baholarga ega bo‘lgan. Mualliflar buni ishtirokchilar ma’lumotni tushunish darajasini yo‘qotmagan holda bir vaqtning o‘zida ko‘proq ma’ruzalarni tinglashlari mumkinligi bilan bog‘lashadi.
Shuningdek, 2021-yilda ham tadqiqot oʻtkazilgan. Unda talabalar ma’ruzani uch xil tezlikdan birida tinglagan va keyin ma’lumotni tushunish testidan oʻtgan. Ma’lum bo‘lishicha, tezlikni 1,5 baravar oshirish ma’lumotni idrok etish darajasiga deyarli ta’sir qilmaydi, ammo ikki baravar oshirish natijaning sezilarli darajada yomonlashishiga olib keldi.
Biroq tadqiqotchilar tezlanishdan boshqacha foydalanish mumkinligini aniqlagan: ikki baravar tezlikda ma’ruzani ikki marta tinglagan talabalar bir xil vaqt sarflagan holda bir marta tinglaganlarga qaraganda yaxshiroq tushuna olgan.
Ma’lum bo‘lishicha, tezlikni chorakdan ko‘proqqa oshirish matnni tushunishning yomonlashishiga olib keladi, ammo tejalgan vaqt takrorlash yoki qo‘shimcha materialni o‘rganish uchun ishlatilsa, bu yo‘qotishning oʻrnini qoplashi mumkin.
Audio tezligini oshirish konsentratsiyaga qanday ta’sir qiladi?
Audio tezligi haqidagi suhbatlarda ishlatiladigan yana bir dalil shundaki, zamonaviy dunyoda ko‘p odamlar diqqatni jamlashning yomonlashuvidan shikoyat qiladi.
Ba’zi foydalanuvchilar audiokitoblarni tinglash tezligini o‘zi ko‘zlari bilan qanday tezlikda oʻqisa shu darajada tanlaganini, lekin undan yuqori boʻlmaganini aytadi. “Tezlashtirilganda so‘zlarni farqlash va ma’nosini tushunish mumkin, ammo bu zo‘riqish, talaffuzga ortiqcha e’tibor qaratish bilan amalga oshadi. Biz esa audiokitoblarni ko‘pincha yoʻlda tinglaymiz va ularga butun e’tiborimizni qaratmaymiz. Yo‘qsa, falokatga uchrash, masalan, mashina tagida qolib ketish, odamlarga urilib ketish, qoqilib ketish hech gap emas”.
Boshqa tinglovchilar esa audio tezligini oshirish, aksincha, matn mazmuniga e’tibor qaratish orqali kamroq chalg‘ishga yordam berishini ta’kidlaydi.
“Menimcha, bu allaqachon hayotimizga kirib keldi. Hech kim diqqatni sekinlik orqali jamlay olmaydi. Kontentni tezlashtirish meditatsiya sifatida qabul qilinadi”, — deydi Kristina Vazovski.
Shuningdek, ushbu mavzuda izlanish olib borayotgan olimlar asosan quyidagi fikrni ilgari suradi.
“Bu masalaga kognitiv yuk nazariyasi (inglizcha Cognitive Load Theory) nuqtayi nazaridan qarash mumkin. Sodda qilib aytganda, kognitiv yuk bu ishchi xotirani faol ishlatganimizda sarflaydigan kuchdir. Optimal yuklamada odamlar vazifalarni yaxshiroq bajaradi, o‘rganadi va ma’lumotlarni o‘zlashtiradi. Agar u haddan tashqari ko‘p yoki yetarli bo‘lmasa, xatolar yuzaga kelishi mumkin.
Ma’lumotlarni yuqori tezlikda ko‘rganimizda yoki tinglaganimizda, bu kognitiv yuk darajasini oshiradi. Agar juda yuqori tezlikda koʻradigan bo‘lsak, ishchi xotira resurslari barcha kiruvchi ma’lumotlarni sifatli qayta ishlolmaydi. Shu bilan birga, ta’kidlash joizki, turli odamlarda optimal kognitiv yuklama darajasi turlicha bo‘ladi. Bundan tashqari, mavzuni o‘rganishni endi boshlaganlarning o‘quv materialini o‘zlashtirishdagi kognitiv yuklamasi mavzuni yaxshi biladiganlarga qaraganda yuqori bo‘ladi va shuning uchun mutaxassislar materiallarni yuqori tezlikda ko‘rishlari va o‘zlashtirishlari mumkin.
Shuni ham hisobga olish kerakki, o‘quv materiallarini tezlashtirmasdan, 1x tezlikda tomosha qilganda, ko‘pchilik uchun diqqatni jamlash qiyinlashadi va chalg‘ish ancha osonlashadi — bu aynan yetarli bo‘lmagan kognitiv yuklamaga misol boʻla oladi. Shuning uchun hozirgi vaqtda o‘quv materiallarini ko‘rish uchun 1.25x, 1.5x, kamdan-kam hollarda 2x tezlanish optimal tezlik hisoblanadi".