Yil bestsellerlari – lugʻatdan tortib fentezigacha: oʻzbek kitobxonlari qanday asarlarni oʻqimoqda?
Oʻzbekistonda nashriyotlar soni yildan yilga oshyapti. Oʻz oʻrnida kitoblar turi ham koʻpayib, oʻquvchilar oʻz didiga mos asarlarni tanlash imkoniga ega borib bormoqdalar. Xoʻsh, 2024 yilda qaysi kitoblar haridorgir boʻldi? Biz nashriyotlar bilan bogʻlanib, oʻtgan yili eng koʻp sotilgan kitoblar nomini aniqladik.
“Yangi asr avlodi” nashriyoti xodimi bilan bogʻlanganimizda, u Oʻzbekiston boʻyicha eng koʻp sotilgan kitob deya “Baqirmaydigan onalar”ni taʼkidladi. Xadicha Kubro Tongar qalamiga mansub ushbu kitobni nafaqat farzand oʻstirayotgan onalar, balki turmush ostonasidagi qizlar ham oʻqib ibrat olishlari mumkin. Tarjimon — Nurilla Abdullayev. Muallif farzand tarbiyasi borasidagi fikrlarimizni mutlaqo oʻzgartiradi, xatolarimizga oyna tutadi. Keyingi oʻrinlarni esa “Rus tilini oʻrganamiz” va “Ichingdagi ichingdadur” kitoblari egallagan.
“Asaxiy” nashriyoti xodimi soʻzlari va kanalda berilgan maʼlumotlarga koʻra, yil bestselleri “Atom odatlar” kitobi boʻlgan (tarjimon Sarvinoz Qosimova). New York Times’ning birinchi raqamli bestselleri dunyo boʻylab 2 yilda 5 milliondan ortiq nusxada sotilgan. Odatlarni shakllantirish boʻyicha dunyoning yetakchi ekspertlaridan biri Jeyms Klir yaxshi odatlarni shakllantirish, yomonlaridan xalos boʻlish hamda katta natijalarga olib boruvchi kichik odatlarni egallashni oʻrgatuvchi amaliy strategiyalarni ochib beradi.
“Akademnashr” rahbari Sanjar Nazarning bizga taqdim etgan maʼlumotiga koʻra, oʻtgan yil davomida nemis tili boʻyicha lugʻat koʻp sotilgan, buni nashriyotning oʻzi ham kutmagan edi. U yil davomida toʻrt marta qayta bosilgan. Mazkur keng qamrovli lugʻatdan nemis va oʻzbek tilidagi 50 mingga yaqin soʻz va iboralar oʻrin olgan. Lugʻatdan oʻquvchilar, talabalar, tarjimonlar, shuningdek nemis tilini mustaqil oʻrganayotganlar foydalanishi mumkin. Bundan koʻrinib turibdiki, yurtimizda til oʻrganishga ishtiyoqmandlar soni oshib bormoqda.
“Zabarjad” nashriyoti xodimining maʼlum qilishicha, 2024 yilda eng koʻp sotilgan kitob bu — “Taxtlar oʻyini”. Sahifalar soni ming betga yaqin. U 49 ta tilga oʻgirilgan boʻlib, oʻzbek tili 50-si boʻldi. Amerikalik yozuvchi Jorj Martinning fentezi janridagi ushbu asari asosida mashhur serial ham suratga olingan. Kitob muallifning “Muz va olov qoʻshigʻi” epopeyasining 1-qismi hisoblanadi. Uni tarjimon Mirzohid Muzaffar tarjima qilgan, u epopeyaning qolgan qismlarini ham oʻzbek kitobxonlariga taqdim etish niyatida.
“Factor books” nashriyoti rahbari Sohibjamol Kattayeva oʻtgan yilda oʻzbek adabiyotidan Iqbol Mirzoning “Bonu” romani, jahon adabiyotidan esa Remarkning “Ortga yoʻl” romani (Saidjamol Saidmurodov tarjimasi) koʻproq sotilganini aytib oʻtdi. “Bonu” fojiali damlar, ayriliqlar, razolatlarni boshidan kechirgan goʻzal qizning tilidan maktublar, kundalik xotiralar tarzida bitilgan roman. “Ortga yoʻl"da esa Birinchi jahon urushi oʻz domiga tortgan yoshlar qismati orqali urush dahshatlarini boshdan kechirgan, ruhan ezilgan, orzu-umidlari chilparchin boʻlgan butun boshli avlodning ayanchli taqdirini mahorat ila tasvirlangan.
“Misbah” nashriyoti rahbari oʻtgan yil davomida Raif Jilasunning “Muqaddas azob” kitobi eng haridorgir asar boʻlganini taʼkidladi. Unda Sudanda tugʻilib, kichkina qayiqda Turkiya sohillariga tashlab ketilgan bolaning baliqchilar kulbasida davom etgan va azoblar yigʻindisiga aylangan hayoti qalamga olingan.
“Huzur” nashriyotida esa “Yashamoq” asari oʻtgan yilning bestselleri boʻldi. Yuy Xuaning ushbu kitobida bir insonning ogʻir taqdiri misolida Xitoydagi hayot ochib beriladi. Tarjimon — Farrux Nurmuhammedov. Uni mutolaa qilgan kitobxonlar koʻz yoshlarini toʻxtata olishmagani aytib oʻtishgan. Darvoqe, yanvar oyida kitob qayta nashr etildi.
“Pingvinbooks” nashriyotida bolalar adabiyotiga oid “Dadam uyga qaytganda” kitobi jajji kitobxonlar tomonidan koʻp sotib olindi. Dadasi uyga qaytganida bolalar oʻzlarini qanday tutishadi? Nimalarni his qilishadi? “Dadam uyga qaytganda” kitobida bolakayning mana shu paytdagi hissiyotlariga shoʻngʻiymiz. Kitobda oila, ota va farzand oʻrtasidagi mustahkam tuygʻular, onaning oʻrni, keksalarga mehr juda chiroyli tasvirlangan.
Shuningdek, “Nasim Kutub” nashriyotida “Men (bas qil, ey nafs)”, “Iftixor” nashriyotida “Pul psixologiyasi”, “Falaq Nashr"da “Kechir, Allohim”, Iqro Nashrda “Million dollarlik xatolar”, “Nido” nashriyotida “Sen uchun”, “Qaqnus” nashriyotida “Islom va axloq” kitoblari oʻtgan yil davomida koʻp sotilgan kitoblar reytingida birinchilikni egallagan.
2025-yilda ham nashriyotlar yangidan yangi kitoblarni chop etishni rejalashtirib qoʻygan. Ularning qaysilari bestsellerlar boʻladi, albatta yil soʻnggida bilib olamiz.