10 ta taqdir hikoyasi: “Oʻzbekistonda yana bir kun” kitobiga taqriz

E’lon qilingan sana· 394
10 ta taqdir hikoyasi: “Oʻzbekistonda yana bir kun” kitobiga taqriz

Inson umri. Ikkitagina soʻz ostida qancha quvonch va qaygʻu, hodisa va voqealar, baxtli onlar va qora kunlar yotadi. Inson qancha umr koʻrishini bilmaydi, bilolmaydi. Lekin qanday hayot kechirishi uning qoʻlida. Toʻgʻri, balki taqdir sinovlari kutilmaganda kelar, odamzod bunday vaqtlarda qanday yoʻl tutishni bilmay qolishi, adashishi, oʻzi uchun mutlaqo yangi bosqichni boshlab yuborishi ham mumkin. Lekin umrning qadrini har kim oʻz qarichi bilan oʻlchaydi.

“Oʻzbekistonda yana bir kun” nomli kitobni mutolaa qila turib, yuqoridagi tushunchalarga biroz boshqacha rakursda nazar tashlash mumkin. Bu 10 ta qahramon portretlarini oʻzida jamlagan ham yoqimli, ham bir paytning oʻzida ogʻir asar.

Kitobni oʻqish jarayonida men xuddi oynali kuzatuv xonasidan yoki teatrning sahna ortidan spektakl tomosha qilayotgandek boʻldim. Ha, aynan sahna ortidan. Chunki tomoshabinlar faqat tayyor spektaklni tomosha qilsa, uning “backstage” qismida nimalar boʻlgani, qanday qiyinchiliklar roʻy bergani va aksincha quvonchli his-tuygʻularning namoyon boʻlishini koʻra olmaydi. “Oʻzbekistonda yana bir kun” — samimiy va oʻta kamtarona yondashuv ila yaratilgan kitob, shaxsan men uchun.

10 ta taqdir, 10 ta hikoya, 10 ta nazar

Portretlar bir-biriga umuman bogʻlanmagan holda taqdim etilgan. Muallif Jahongir Azimovning ta’kidlashicha, asarda publitistik hikoya va nasr aralashtirilgan. Bundan tashqari hech qaysi hikoya buyurtma asosida yozilmagan, qahramonlar uzoq vaqt davomida saralangan. Ya’ni muallif, turli ijtimoiy, siyosiy, ijodiy va hayotiy jabhalarni ochib bermoqchi boʻlganini sezish qiyin emas. Lekin samimiyat ila yondashilgani, qahramonlar haqidagi tavsifda yorqin namoyon etilgan. Ular boricha ochib berilgan.

Muqovadan boshlab menga ayniqsa yoqqan narsa muallif oʻziga fokus qaratmagani. Hatto kitob nomi ham yozilmagan. Shunchaki ikki avlod vakillarining siymosi. Bu marketing nuqtai nazaridan ham puxta oʻylangan, nazdimda. Chunki hech qanday ma’lumot berilmagan istalgan obyekt inson e’tiborini tortishi aniq.

Rus tilida “Не все герои носят плащи” (Hamma qahramonlar ham plash kiymaydi) iborasi aynan shu kitobning sirli debochasi deyish mumkin. Aslida ham, qahramonlar atrofimizda. Balki ayni damda shundoq yonginangizda oʻtirgan inson hayotida nimadirlar boʻlayotgandir. Balki qalbida his-tuygʻular tugʻyoni kuzatilayotgandir. Biz har doim ham atrofdagi insonlarimizga unchalik ham e’tiborli boʻlmaymiz. Bizga ham e’tiborli boʻlganlar kam. Chunki hayot shunchalar shiddatli tempda oʻtmoqdaki, atrofdagilar tugul, oʻzimiz aslida qandaymiz, nima xohlaymiz, qayerga ketyapmiz — javob berish mushkul.

Bir kun — bu bir umr axir!

Kitob mavzusi — “Oʻzbekistonda yana bir kun”. Bir kun — bu bir umr. Bir kun ichida nimalar boʻlmaydi, kimlar oʻlmaydi, tugʻilmaydi, kimlardir katta yutuqlarga erishadi, kimlardir esa aksincha, katta yoʻqotishlarga duchor boʻladi. Chunki bir kun — bu tez oʻtib ketayotgan umrimizning muhim sahifasi.

Men uchun, kitob 10 kundan iborat. Ya’ni Oʻzbekistondagi 10 kunlik hayot metaforik tarzda qahramonlar hayoti asosida tasvirlangan. Uning boshidan kechirgan voqea-yu hodisalar yuqorida aytganimdek: sahna ortidagi spektakldek gavdalantirilgan.

Detallar juda batafsil tasvirlangan, margarinning yupqa kesilgan boʻlagidan tortib, xonadagi javonlargacha.

Kitobni chet elliklar tushuna olmaydi…

Muallif shunday bir asar yaratilsinki, chet elda: Oʻzbekiston qayer? Oʻzbekiston deganda nima tushunish mumkin? yoʻsinidagi savollarga javob boʻla olsin degan.

Toʻgʻri, haqiqiy oʻzbekona hayot, maishiy masalalar, oʻzbek oilasi atmosferasi koʻrsatilgan, lekin kitob xorijliklar uchun emas, koʻproq oʻzimizning qorakoʻzlar uchun moʻljallangandek tuyuldi, shaxsan oʻzimga. Bu kamchilik emas, aksincha.

Oʻzbekiston kitob doʻkonlarida hozir shunchaki oddiy, mashhur boʻlmagan, hech qanday katta mansab-u, shon-shuhratlarga erishmagan insonlar hayoti haqidagi asarni topa olasizmi? Yoki shunday real insonlar haqidagi oʻzbek tilida chop etilgan biror asarni bilasizmi? Siyosiylashtirmagan, buyurtma asosida yaratilmagan, badiiy toʻqimasiz, shunchaki bir oddiy, jaydari oʻzbek farzandi haqida biror kitobga duch kelganmisiz? Men shaxsan yoʻq.

Asar oʻzida yetuk olimdan tortib, jinsiy zoʻravonlikka duch kelgan yoshgina qizaloq hikoyasini taqdim etadi. Oʻqiyotgan paytimda, oʻzimni goʻyo emotsional argʻimchoqda boʻlgandek his qildim, bir hikoyani oʻqib “oh, buncha zoʻr!” desangiz, keyingi sahifada ustingizdan muzdak suv quyilgandek yangi ma’lumotlar beriladi.

Oshxonadagi suhbat

Lekin menga ayniqsa yoqqan narsa, asarda sizga majburiy agitatsiya yoʻq, manipulyatsiyaga duch kelmaysiz. Insonlar hayoti qandaydir boʻrttirish, oldi-qochdi gaplar, kimgadir “paxta qoʻyish” singari tushunchalardan ancha yiroq.

Bu bilasizmi, xuddi balkonda yoki oshxonada kechki payt oʻtirib, bir inson bilan suhbat qurishdek gap. Ha, men aynan shunday hisga duch kelgandek boʻldim. Samimiy, sokin va osuda monolog/suhbatni tinglagandek goʻyo.

Oʻzim shaxsan soʻnggi kunlardagi ishlardan charchab, hordiq chiqarish maqsadida ushbu kitobni mazza qilib mutolaa qildim. Kechki paytlarda, ishdan qaytayotib yoki uxlashdan avval 10 betlar atrofida oʻqib chiqish uchun ayni muddao boʻladigan asar. Qaysidir jihatlari bilan, menga shaxsan Oʻtkir Hoshimov “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” asarini eslatib yubordi.

Shedevr deyishga erta, lekin har bir oʻzbekistonlik kamida bir marta oʻqib, oʻzi tanimagan yurtdoshlarining hayotiga razm solish uchun yordam beradigan kitob.

Mahoratli rassom Eldos Fazilbekov tomonidan chizilgan illyustratsiyalar alohida mavzu. Bunga oʻzingiz ham guvoh boʻlasiz.

Aytgancha, kitob hech qanday homiylar va moliyaviy koʻmaklarsiz, muallif Jahongir Azimovning oʻzining shaxsiy mablagʻi asosida chiqarilgan. Oʻzbek adabiyotiga ilk qadam tashlagan insonga alohida minnatdorchilik bildiraman va bunday asarlarning keti uzilmasligining tilakdoshiman.


Har bir kuningizni avaylang, qadrlang, yaqinlaringiz va atrofingizdagi odamlarga e’tiborli boʻling. Zero siz ham qahramonsiz, oʻz hayotingiz qahramoni.

Nozima Xoshimova
Muallif
Nozima Xoshimova