"Brain rot" – 2024-yil soʻzi

Dunyoga mashhur nufuzli Oxford lug‘ati yil soʻzini e’lon qildi. Ommaviy ovoz berish orqali “brain rot” (miya chirishi) soʻzi tanlangan.
Oxford ekspertlarining ta’kidlashicha, bu yil “brain rot” sifatsiz onlayn kontentni, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda haddan tashqari iste’mol qilishni anglatuvchi atama sifatida mashhurlikka erishdi. Yil davomida ushbu iborani qo‘llash chastotasi 230% ga oshdi.
“Brain rot” iborasi birinchi marta 1854-yilda Genri Toroning “Uolden, yoki o‘rmondagi hayot” kitobida ishlatilgan. Asar muallifi murakkab g‘oyalarning oddiy g‘oyalar foydasiga qadrsizlanishi uchun jamiyatni tanqid qiladi va buni “aqliy va intellektual qobiliyatlarning umumiy tanazzulining ko‘rsatkichi” deb hisoblaydi.
Ushbu roʻyxatga bundan tashqari, shuningdek, “demure” (vazmin), “dynamic pricing” (narxning dinamik shakllanishi), “lore” (bilimlar), “romantasy” (romantik fentezi) va “slop” (SI tomonidan yaratilgan past sifatli kontent) so‘zlari ham kiritilgan. Ammo 37 mingdan ortiq ishtirokchining ovoziga koʻra, “brain rot” atamasi “yil soʻzi” deya e’tirof etilgan.