"Har kuning boʻlsin bayram": Oʻzbek tili boʻyicha foydali platformalar
Bugun, 21-oktyabr (yoki oktabr) — Oʻzbek tili bayrami kuni. 1989-yilning aynan shu kunida “Davlat tili haqida"gi qonuni qabul qilingan. Bosh qomus — Konstitutsiyaning 4-moddasida O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tili ekani belgilab qoʻyilgan. Oxirgi yillarda tilga boʻlgan e’tibor sezilarli darajada oshdi: ham davlat darajasida, ham aholi orasida. Bu, albatta, odamni xursand qiladi.
Albatta, oʻzbek tilini faqat bir kun hurmat qilish kerak degani emas, u hurmat qilingan kun borki — bayram. Oʻzbek tilidan uyalmaslikni boshlagan kunimizgina bayram boʻladi. Oʻzbek tilida manbalar koʻpaygan kun — bayram. Oʻzbek tilida foydali platformalar yaratilgan kun — bayram. Odamlar oʻzbek tilida xatosiz yozishni boshlagan kun — bayram. Tavtologiya qilinmagan kun — bayram (bunisi hazil, albatta).
Hozir ham oʻzbek tilidagi foydali manba va platformalar yoʻq emas, oxirgi yillarda ularning soni oshdi. Afisha.uz bayram munosabati bilan ularni bir joyga toʻpladi (buni avvalroq amalga oshirgan “Пик Скартариса” kanaliga tashakkur bildirib, u keltirgan manbalarga qoʻshimcha tarzda ya’ni ba’zilarini taqdim etamiz).
Tahrirchi
Matnni tahrirlash uchun qulay xizmat. U matndagi xato soʻzni aniqlab, toʻgʻri variantini tavsiya qiladi. “Tahrirchi” matnni transliteratsiya ham qiladi: lotin-kirill, kirill-lotin. Ammo ushbu platformada kunlik cheklov mavjud — 5000 ta soʻz. Agar siz obuna sotib olsangiz, bu cheklov olib tashlanadi.
Bundan tashqari, “Word” va “Chrome” dasturlariga ushbu xizmatning kengaytmalarini ham oʻrnatish mumkin. Bu — bepul.
Matn.uz
Oʻzbek tilidagi yana bir sifatli transliterator. “Matn.uz” mutlaqo bepul va hech qanday cheklov mavjud emas. Unda kunlik emas, birdaniga 5000 ta soʻz kiritishingiz mumkin. U matndagi xatolarni topib, toʻgʻri variantini tavsiya qiladi va lotindan kirillga va aksincha oʻgirib beradi.
Shuningdek, ushbu servisning “Lugʻat” boʻlimi ham bor. Telefoningizga uning ilovasini ham oʻrnatib olishingiz mumkin.
Lotin
Yana bir ajoyib, bepul transliteratsiya xizmati. Unda O' va G' harflarini matn kiritiladigan maydonning oʻzida toʻgʻrilash imkoni ham bor.
“Lotin.uz"da hech qanday cheklov mavjud emas va u bepul.
Tilmoch
“Tahrirchi” ichidagi qoʻshimcha xizmat. Ushbu servisdan Afisha.uz jamoasi ham foydalanmoqda va tajribalardan aytish mumkinki, u ancha ravon va sifatli. Unda oʻzbekcha (shuningdek, kirillcha yozuvdagi matnni ham), ruscha, inglizcha va qaroqalpoqcha matnlarni tarjima qilish mumkin. Uning ustunligi shundaki, xizmat SI yordamida ishlaydi va toʻgʻridan-toʻgʻri emas, balki ma’nosiga qarab moslashtirgan holda tarjima qiladi.
“Tilmoch"ning ajoyib funksiyasi bor — “Sayqallash”. U orqali tarjima matnini sayqallab, yaxshiroq holatga keltirishingiz mumkin. Bepul foydalanuvchilar uchun kunlik cheklovlar bor, Premium obunachilar uchun bu cheklovlar olib tashlanadi.
Savodxon
Dastur imkoniyatlari qatoriga imloni tekshirish, yozuvni oʻgirish va matnni tarjima qilish kirishadi. Shuningdek, kengaytma oʻrnatish orqali “Word” va “Excel” kabi Microsoft Office dasturlari ichida turib ham undan foydalanish mumkin.
Savodxon saytida obunalar hech qanday cheklovga ega emas — obunangiz amal qilish muddati davomida siz cheklanmagan miqdorda matn tekshirishingiz, oʻgirishingiz va tarjima qilishingiz mumkin. Narxlar yuqoridagi rasmda koʻrsatilgan.
Imlo
Oʻzbek tilining imlo lugʻati raqamli shaklda. U kelishiklar, so‘zdagi barcha harflarning va bo‘g‘inlarning soni hamda boshqalarni ham keltiradi. Bepul.
Izoh
Bu “Imlo"ning sherigi, izohli lugʻat. Yuqoridagi skrinshotdan ham koʻrgan boʻlsangiz kerak, “Imlo” soʻzlarni Izoh.uz'da ham koʻrishni tavsiya qiladi.
Koʻp joyda qutqaradi. Bu xizmatdan foydalanish bepul.
Sinonim
Sinonim.uz — bu o‘zbek tilining sinonimlar lug‘ati. Saytda 3300 tadan ortiq so‘zlar, 900 ga yaqin sinonim so‘zlar to‘plamiga jamlangan.
Ushbu xizmatdan foydalanish bepul.
Mutolaa
Oʻzbek tilidagi eng sara audio va elektron kitoblar. Ushbu ilova orqali nafaqat oʻzbek adabiyoti, balki jahonga mashhur kitoblarni ham oʻzbek tilida topishingiz mumkin. Undagi kitoblar mutlaqo bepul!
Ilovani oʻrnatish uchun havola.
Ziyouz.uz
Ushbu portal 2004-yildan beri faoliyat yuritib keladi. O‘shanda saytda 20 ta maqola mavjud edi. Yarim yil ichida saytdagi maqolalar soni 300 taga yetgan. Hozirga kelib minglab maqola, kitob, she’r va foydali manbalarni topish mumkin.
Xalqqa begʻaraz ziyo tarqatuvchi, ya’ni portal asoschisi Davronbek Tojialiyev hisoblanadi. Avvalroq Afisha.uz Tojialiyevning hobbisi — togʻlarni zabt etish haqida suhbat uyushtirgandi.
Xurshid Davron kutubxonasi
Ushbu sayt orqali adibninng asarlari, tarjimalari hamda oʻzbek va jahon adabiyotidan namunalarini topishingiz mumkin.
Afisha.uz
Bu roʻyxatga bu saytni yarim hazil, yarim chin tariqasida kiritdik. Afisha.uz'da premyeralar, konsertlar, tadbir e’lonlari, yangilik, restoran va kafe sharhlari, filmlar taqrizlari va albatta, yuqorida oʻqiganingizdek qiziqarli maqolalarni topishingiz mumkin.
Saytdan foydalanish mutlaqo bepul, ishonavering.
Siz yana qanday oʻzbek tili boʻyicha foydali platforma va manbalarni bilasiz? Biz bilan izohlarda ulashing!