Barcha yoʻnalishlarda Nobel mukofoti sovrindorlari ma'lum boʻldi
2024-yilgi Nobel mukofotlari oʻz egalariga topshirildi.
Xususan, fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha 2024-yilgi Nobel mukofoti Viktor Ambros (Massachusets universiteti, AQSh) va Gari Ruvkunga (Massachusets bosh shifoxonasi, Garvard tibbiyot maktabi, AQSh) mikroRNKlarni kashf etgani va ularning gen faoliyatini transkripsiyadan keyingi tartibga solishdagi rolini o‘rgangani uchun berildi.
Foto: Nobel Prize Outreach
Fizika bo‘yicha 2024-yilgi mukofot esa Jon Xopfild (Prinston universiteti, AQSh) va Jeffri Xintonga (Toronto universiteti, Kanada) berildi. Olimlar mukofotga sun’iy neyron tarmoqlaridan foydalangan holda mashinali o‘qitishni ta’minlaydigan asosiy kashfiyotlar va ixtirolarga qo‘shgan hissasi uchun munosib ko‘rilgan. Ikkala laureat ham statistik fizika bilan shug‘ullanib kelgan.
Foto: Nobel Prize Outreach
Kimyo bo‘yicha 2024-yilgi Nobel mukofotini Devid Beyker (Vashington universiteti, AQSh), Jon Jumper va Demis Xassabis (Google DeepMind kompaniyasi, Buyuk Britaniya) oldi. Ular sun’iy intellektdan foydalanib, deyarli barcha ma’lum bo‘lgan oqsillarning tuzilishini aniqlay olgan, Devid Beyker esa butunlay yangi oqsillarni yaratishga imkon beradigan ishlar uchun bu mukofotni qabul qilib olgan.
Foto: Nobel Prize Outreach
2024-yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotini Janubiy koreyalik yozuvchi Xan Gang qoʻlga kiritdi. Mukofot unga tarixiy jarohatlarga qarshi kurashadigan va inson hayotining mo‘rtligini ochib beradigan ta’sirli she’riy nasri uchun berildi.
Foto: Nobel Prize Outreach
Va nihoyat, bu yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki portlashlari jabrlanuvchilarini birlashtirgan tashkilotga nasib qildi. Qayd etilishicha, Nixon Hidankyo tashkiloti mukofotga “yadro qurollaridan xoli dunyo yaratish uchun qilgan sa’y-harakatlari hamda guvohlarning ko‘rsatmalari orqali yadro qurollaridan boshqa hech qachon foydalanmaslik kerakligini isbotlagani uchun” loyiq ko‘rilgan.
Foto: Nobel Prize Outreach
Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti Deron Ajemoglu, Saymon Jonson va Jeyms Robinsonlarga institutlar qanday shakllanishi va ular farovonlikka qanday ta’sir ko‘rsatishi bo‘yicha tadqiqotlar uchun berildi.
Eslatib oʻtamiz, 2023-yilda AQSHning Pennsilvaniya universiteti tadqiqotchilari Dryu Vaysman va Katalin Kariko koronavirusga qarshi mRNK vaksinalarini ishlab chiqqani uchun tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Fizika bo‘yicha 2023-yilgi Nobel mukofoti esa elektronlar bo‘yicha tadqiqotlari uchun AQSh, Germaniya va Shvetsiyadan uch nafar olimga berilgan. Adabiyot yoʻnalishida esa norvegiyalik yozuvchi Yon Fosse mukofotni qoʻlga kiritgan. Ayollar va inson huquqlari faoli, ozodlik kurashchisi, mamlakat hukumati tomonidan bir necha bor qamoqqa olingan va hozir ham o‘sha yerda salqanayotgan Nargis Muhammad 2023-yilgi Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan.