"Shaxsiy xona" nimaga kerak?

E’lon qilingan sana· 227
"Shaxsiy xona" nimaga kerak?

Kuni kecha mashhur ingliz yozuvchisi Virjiniya Vulfning “Shaxsiy xona kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda tilshunos Eldor Asanov, tarixchi Bahrom Irzayev, olima Qandilat Yusupova, kitob tarjimoni Nodira Ibrohimova, muharrirlar Maftuna Muhammadamin, Alisher Fayzullayev hamda yozuvchi Tillaniso so‘zga chiqib, asarning mohiyati haqida fikrlarini o‘rtoqlashdi.

Taqdimotdan so‘ng ham kitob haqida mulohazalarini ulashyotgan turli kasb egalari talaygina. Quyida ulardan ayrimlarini e’tiboringizga taqdim etamiz.

Nodira Musa Ismoil, siyosiy tahlilchi:

— Yevropada uzoq vaqt davomida ayollarning qalam tebratishi yoki ijod qilishi g‘ayrioddiy, biroz aqldan ozish yoki normadan siljish holati, ayolning o‘z funksiyasini bajarmaslik kabi gunoh sifatida qabul qilingan.

Ayolning mashg‘uloti onalik va uy ishlari edi. Bunday stereotip oqibatida ayol ta’lim olishi va ijod qilishi qiyin masala edi. Ayolda ham ijod qilishga ehtiyoj bo‘lishi, ilhom kelishi, yozishni hohlashi mumkinligi omma tarafidan nafaqat qabul qilinmas edi, balki kulgu va masxaraga, hatto kattiq qarshilikka sabab bo‘lar edi.

Faqat XIX asrga kelibgina ayollar ochiq, o‘z ismlari bilan asarlar yoza boshlaydilar. Shu davrda yashagan ingliz ayol yozuvchisi Virjiniya Vulf (1882−1941) ayol ijodkorlar muammolarini o‘ta ishtiyoq bilan o‘rgangan va juda ta’sirli yoritgan. O‘zidan avvalgi yozuvchi ayollarning bosib o‘tgan yo‘lini, erkaklarning ijod olamidagi monopoliyasini, minglab yillar davom etgan ayollar haqidagi paradokslarni tahlil qilgan.

Ayol kishida tug‘ma aql yetishmovchiligi bo‘ladi, miyasi qisqa bo‘ladi degan iqrorlarning tarqalish sabablarini, tengsizlikning tarixiy va madaniy asoslarini o‘rgangan. Turli xil muammoli masalalar (ta'lim masalasi, moliyaviy masalalar, an’ana va odatlar, noto‘g‘ri qarashlar) ning ta’sirini o‘rgangan. Virjiniya Vulfning muammoga bunday keng qamrov bilan yondosha olishi uning ma’lumotli bo‘lgani uchun bo‘lsa kerak. V.Vulf London Qirollik kollejining ayollar bo‘limida o‘qigan. Keyinchalik kollejlarda adabiyot fanidan dars beradi.

V.Vulf o‘zining mashhur “Shaxsiy xona” essesida (1929 y.) ayol kishi ijod qilishi uchun o‘zining shaxsiy xonasi va och qolmaslik uchun yiliga 500 funt puli bo‘lishi kerak, deb uqtiradi. Vulfning bu jumlasi dunyoda mashhur aforizmga aylangan. Kim ham o‘ylabdi ayol kishiga qulflanadigan shaxsiy xona kerakligini). Lekin, esse Vulfni mana shu xulosaga olib kelgan fikrlari va uni bayon qilish uslubi bilan qiziq.

Asar juda chiroyli tilda yozilgan. O‘quvchini doimo muloqotga chorlaydi. His-tuyg‘ularni jonlantiradi. Tezda qalbni egallaydi va yaqin suhbatdoshga aylanadi. Bir asr avval yozilgan asardagi fikrlar hali ham dolzarbligini yo‘qotmagan. Hali ham o‘ylash kerak bo‘lgan muammoli savollarga ega. Ayollarning shaxsiy maydon masalasi haliga hal bo‘lmagan.

Shu bilan birga, Vulf vaqti kelib vaziyat o‘zgarishiga, kashfiyotchi va yozuvchi ayollar ko‘payishiga shubhasiz ishongan. Men bu essedan keyin, o‘zimizning zamonaviy va XVIII-XIX asrlardagi ijodkor ayollarimiz haqida o‘yladim va ular qanchalik kam ekanini angladim. Ayollar yuzaga chiqishi uchun qanchalik kam urinayapmiz. Qanchalik kam imkoniyat beryapmiz…

V.Vulfning “Shaxsiy xona” asarini albatta o‘qishni tavsiya qilaman. Ayollarga ham, erkaklarga ham. Birga o‘qisangiz undan ham yaxshi.

Almira Tabayeva, ilmiy tadqiqotchi:

— Virjiniya Vulfning mashhur “Shaxsiy xona” asari nihoyat o‘zbek tiliga tarjima qilindi! Men bu asarni 2009−2011-yillarda Hindistonda feminizmni o‘rganayotgan paytimda ilk bora o‘qiganman. Qiziq tomoni shundaki, bu asar 100 yil oldin yozilgan bo‘lsa-da, undagi ko‘p fikrlar hozirgi kunda ham dolzarb, masalan:

1. Moliya va shaxsiy xona: Vulf ayollarning erkin ijod qilishi uchun “pul” va shaxsiy xona kerakligini;

2. Adabiyotda gender tengsizligi: U jamiyat me’yorlari ayollarni o‘z potensiallarini (salohiyat) amalga oshirishdan qanday to‘sqinlik qilishini;

3. Aqliy erkinlik va moddiy sharoitlar: Ijodiy erkinlik — moliyaviy jihatdan erkin bo‘lishi, hamda ayollar o‘z shaxsiy vaqtiga ega bo‘lish kerakligini;

4. An’ana va patriarxat: Vulf adabiyotdagi erkaklar hukmronligini tanqid qilib, ayollarning o‘z intellektual “makon"larini yaratishini;

5. Ayollar uchun yangi adabiy an’ana: U ayollarning o‘z nuqtayi nazaridan yozishlarini va erkaklarni taqlid qilmasdan, o‘z tajribalaridan foydalanishlarini;

6. Patriarxatning psixologik ta’siri: Vulf patriarxatning ayollar ongiga qanday salbiy ta’sir qilishi va ijodiy imkoniyatlarini cheklashi haqida;

7. San’at va jamiyat o‘zaro bog‘liqligi: U ayollar adabiyotdan chetda qolganini tanqid qilib, bu jamiyatdagi boshqa tengsizliklarni tug‘dirishini;

8. Ayollar o‘zlari uchun yozishlari kerak: Vulf ayollarni erkaklar uchun emas, balki o‘z tajribalarini erkin ifoda qilishga chorlaydi.

Raxshona Ahmedova, adiba:

— Taqdimotda Virjiniya Vulf hayoti haqida, “Shaxsiy xona"si haqida gaplashdik. Ijodkor ayolning, albatta, o‘z hududi bo‘lishi kerak. Xayollari bilan yolg‘iz qoladigan, erkin yoza oladigan, bo‘sh vaqtini o‘tkazadigan o‘z xonasi.

Bu shunchalik muhimki, tasavvur qilishingiz uchun aytaman: Koreyada paytim, o‘z xonam bor edi, har qalay o‘sha yerni o‘z xonam deb hisoblardim. Yotoq, zal va bolalar xonasidan ayro xona edi. Nasrdagi ilk muvaffaqiyat qozongan (gazeta va jurnallarda bosilgan) hikoyalarim o‘sha yerda yozildi. “Orzu va dengiz”, “Soyabon ostida” kitoblarim o‘sha xonada yaraldi. “Tongotar” romanim aynan o‘sha joyda dunyoga keldi.

Bu o‘rinda V.Vulf haq! “.Ayollar ming yillar davomida uyda o‘tirishgan, shuning uchun ham g‘isht va ohakli devorlar ularning ijodiy quvvatlari bilan to‘yinib bo‘lgan, endi uni qalamga, mo‘yqalamga, qog‘ozga sarflash kerak.

Ularga hech narsa o‘z san’atlarini yuksaltirish, haqiqat va go‘zallik yaratishdan ko‘ra ko‘proq mamnuniyat va kuch bag‘ishlay olmaydi."

Rohat Qurbonova, jurnalist:

— Taqdimot juda chiroyli o‘tdi. Atmosfera musaffo bo‘ldi. Chiroqning o‘chib qolganini hazilomuz tarzda “feminizm kimlargadir yoqmadi” deb ham aytishdi. Menimcha, ilgari zamonda, ayniqsa, feodalizm davrlarida yashagan, ichi to‘la adabiyot bo‘lgan, lekin tashiga chiqarolmagan ayollarning ruhi kelib… tadbirimizda qatnashdi-yov…

Aslida, ayollar to‘g‘risida yozilgan asarlar, baribir, kitobxonni o‘ziga jalb etmay qolmaydi. Jumladan, V.Vulfning mana shu mashhur asari ham. Shuni muhtaram erkaklarimiz bilishi joizki, hech qaysi adiba jaholatni targ‘ib etmaydi va erkaklarga qarshi nimanidir uqdirmaydi ham.

Aksincha, erkaklarning ayollarga bo‘lgan salbiy qarashlarini tanqid qiladi, xolos. Vulfning ijodkor ayol uchun shaxsiy xona va moddiyat ham birdek bo‘lishi zarurligi haqidagi gaplari, tushunchalari biz musulmonlarning dinimizdayam bor gap. Agar ayol o‘qiyman yoki ishlayman desa, bunga aslo monelik qilmaslik, kerak bo‘lsa, hatto sharoit yaratib berilishi lozimligiyam aytib o‘tilgan.

Xalqda “Agar qimmatbaho toshga ishlov berilmasa, u ko‘zga ko‘rinmaydi, bebaholigi bilinmaydi” degan maqol mavjud. Bu aynan iste’dodlilar uchun aytilgan naqldir. Yana, buyuk adib Chingiz Aytmatovning dono qarashlari bor: “Ideal ayol deganda men hamisha ziyolilik darajasini birinchi o‘ringa qo‘yganman. Aqliy salohiyatni ham”.

Men Nodiraxonga tarjima uchun tashakkur aytmoqchiman. Tarjimonlar bor ekan, biz kitobxonlar jahon adabiyoti durdonalaridan bahramand bo‘lyapmiz. Vulfning “Ijodkor ayolning shaxsiy xonasi bo‘lishi kerak” degan gaplari ko‘pchilik ayollarning orzusi, axir. O‘zim haqimda aytadigan bo‘lsam, bolaligimda, ota-onam bag‘rida yashaganimda o‘zimning hududim, ya’ni xonam bor edi. U yerda bemalol mutolaa qilardim va asarchalarimniyam yozardim.

Afsuski, turmushga chiqqach, na ijod bemalol bo‘ldi, va na shaxsiy xona! Na qaynonam bilan, na turmush o‘rtog‘im bilan qarashlarimiz teng emasdi. Qoralamalarimni yashirincha, ular ko‘rib kolmasliklari uchun shosha-pisha (ilhom degan narsa to‘satdan kelib qolardi-da!) bolalarimning u-bu bekorchi daftariga yozib, erginamning ko‘zi tushmaydigan joyga bekitib qo‘yardim! Bir marta qaysidir qissamni berilib yozayotib, uning kelganini payqamay ham qolibman. Bo‘ldi janjal, (sirkasi suv ko‘tarmaydigan, janjalni pulga sotib oladigan asabiy edi-da) bo‘ldi to‘polon!

Daftarni yirtmadiku-ya, “senga yozishni kim qo‘yibdi, ahmoq! Bor, hojatxonaga tashla!” degan buyruqni oldim. Bunaqa kunlar ko‘p bo‘lgani uchun ajralish to‘g‘risidayam ko‘p o‘ylardim, ich-ichimdan xo‘rlanib, undan nafratlanardim. Keyin, menam aksini qilib yozishda davom etaverdim. Juda qo‘ymasa, ajralishamiz-da, degan oxirgi gapimga yopishib oldim! Axir, ijod mening hayotim-ku! Qarasam, na ko‘chaga chiqaman, na davralarga qo‘shilaman, na ishlayman… hech biri yo‘q! Robinzonga o‘xshab tashqi dunyodan tamom uzilib qolganman!

Unga, ya’ni meni tushunmaydigan badjahl odamga umrimni xayf qilyapman ekan! Vaqt borida hurkak quyondan shiddatli sherga aylandim! Ha, turmushning mushtlari meni ildamlikka undadi-da! Bir paytlar respublikamizning ko‘zga ko‘ringan nashrlaridan biri bo‘lgan “Oila va jamiyat” gazetasida birin-ketin maqolalarim-u ijod namunalarim bosila boshladi. Yaxshigina gonorarlar ham olardim.

Bularni ko‘rgan turmush o‘rtog‘im o‘zicha men bilan faxrlanadiganam bo‘p qoldi. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga qarashli uchta tilda chiqadigan tahririyatga (iqtisodiy mavzular yoritilardi) maqola oborgan edim, “E, bizga aynan sizga o‘xshagan muxbirlar kerak!” deb meni darrov ishga taklif etishdi. Dovdirab qoldim! Axir, erginamning sharofati bilan uydan nariga chiqmagan “domoxozyayka” bo‘lsam! Xullas, menam jamiyatga qo‘shilib, dunyoqarashim yanada o‘zgarib, odam ekanimni, ayniqsa, ayol ekanimni his qila boshladim. Ishda e’tibor-obro‘ topdim, ko‘plab ziyoli dugonalar, do‘stlar orttirdim, o‘zimning shaxsiy xonamgayam ega bo‘ldim. Ishlari hadeganda yurishmayotgan erginamniyam bolalarimga qo‘shib boqdim, lekin hecham ta’na qilmadim.

Tarbiyamiz shunaqa! Mana, pensiyagayam chiqdim, kitobim chiqsaydi deb yurgandim, 2021-yili “Qiz qalbi” nomli qissam ham nashrdan chiqdi. Bu men uchun xuddi farzandim dunyoga kelgandek katta baxt bo‘ldi, albatta.

Ayol ijodkor uchun, Vulf aytganidek, shaxsiy xonayam, pul ham, tinchlik-xotirjamlik ham juda muhim ekanligini men o‘z hayotim misolida ko‘rdim! Barcha ijodkor ayollarga ravon ijod yo‘liyam, farovon ro‘zg‘or-turmush yo‘liyam nasib etsin!

“Shaxsiy xona” kitobi chiroyli muqovada, sahifalari ko‘zni charchatmaydigan sarg‘imtil rangda (bizni davrimizdagi kabi) chiqqani zo‘r bo‘libdi! Nodirabegim Ibrohimovaning ijodlari yanayam yuksalaversin! Hammaga omad!

Nodirabegim Ibrohimova
Muallif
Nodirabegim Ibrohimova