“Yosh kitobxon” 2024-yilgi mavsumi gʻolibiga elektromobil sovgʻa qilinadi
9 452 ta mahalladan eng bilimdon va zukko kitobxonlarni aniqlash uchun maydon yaratgan “Yosh kitobxon” tanlovining 2024-yilgi mavsumi tez orada start oladi. Ushbu mavsumning mahalla bosqichi sentabr oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Tanlov besh bosqichda tashkil etiladi.
Birinchi bosqich tanlovning arizalar qabul qilish va mahalla bosqichi bo‘lib, unda tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan yoshlardan arizalar qabul qilinadi va ishtirokchilar test sinovi asosida saralanadi.
Tanlovga arizalar birinchi bosqich boshlangan kunga qadar onlayn qabul qilinadi. Test sinovi sentabr oyining ikkinchi o‘n kunligida o‘tkaziladi. Unda ariza topshirgan yoshlar ilmiy-ommabop, o‘zbek va jahon adabiyotiga, buyuk adiblarimiz hayoti va ijodiga oid 25 ta test savollariga javob berishadi.
Har bir to‘g‘ri javob uchun 4 balldan belgilanadi. Test natijalariga ko‘ra mahallalar kesimida har bir yosh toifasi bo‘yicha eng ko‘p ball to‘plagan 1 nafar ishtirokchi (1 tadan ko‘p ishtirokchi o‘rtasida qayta test olish orqali saralanadi) keyingi (ikkinchi) bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Ikkinchi bosqich tanlovning sektor bosqichi bo‘lib, oktabr oyining birinchi o‘n kunligida o‘tkaziladi, unda ishtirokchilar ilmiy-ommabop, o‘zbek va jahon adabiyotiga, buyuk adiblar hayoti va ijodiga oid 25 ta test savollariga javob berishadi.
Uchinchi bosqich tanlovning tuman (shahar) bosqichi bo‘lib, oktabr oyining uchinchi o‘n kunligida “Tezkor savol-javob” sharti asosida o‘tkaziladi.
Ushbu shartda Ekspertlar komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan adabiyotlardan tuzilgan 4 ta savolga 4 ta javob berish so‘raladi. Ishtirokchi bilimini tekshirish maqsadida Hakamlar hay’ati tomonidan qo‘shimcha savollar berilishi mumkin.
Ishtirokchilar savollarni bilet tortish orqali tanlaydi, tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt ajratilmaydi, javob berish uchun 2 daqiqa vaqt belgilanadi. Mazkur shart uchun 100 ballgacha baho beriladi. Har bir yosh toifasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar (har bir yosh toifasi bo‘yicha 1 nafardan jami 3 nafar) to‘rtinchi (hududiy) bosqichga yo‘llanma oladi.
Tanlov Nizomi bilan ushbu havola orqali batafsil tanishish mumkin.
Tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari:
- uchta yosh toifasida 1-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri “Prezident sovg‘asi” yengil avtomobil (elektromobil) va diplom bilan;
- uchta yosh toifasida 2-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri 75 mln so‘m pul mukofoti va diplom bilan;
- uchta yosh toifasida 3-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri 50 mln so‘m pul mukofoti va diplom bilan;
- respublika bosqichining qolgan barcha ishtirokchilari 10 mln (o‘n million) so‘mdan pul mukofoti va sertifikat bilan taqdirlanadi.
Adabiyotlar ro‘yxati bu yerda.
Ishtirok etish uchun @yoshkitobxon_bot orqali ro‘yxatdan o‘tish lozim.