Oʻzbek tiliga tarjima qilingan eng yaxshi "non-fiction" kitoblar — TOP-8
Biz kayfiyatga qarab ba’zida badiiy asarlar, ba’zida badiiy boʻlmagan kitoblar oʻqiymiz. Badiiy asarlar alohida bir dunyo, badiiy boʻlmagan, ya’ni “non-fiction” asarlar alohida bir dunyo. Bugun biz oʻzbek tiliga tarjima qilingan eng yaxshi “non-fiction” (badiiy boʻlmagan) kitoblar haqida gaplashamiz.
Biz ushbu roʻyxat turli yoʻnalishlar, sohalarni oʻz ichiga qamray olishi va oʻxshash mavzular bilan cheklanib qolmasligi uchun mavzu va soha jihatidan rang-barangroq kitoblarni tanlashga harakat qildik.
“Factfulness”, Hans Rosling (Ola Rosling va Anna Rosling bilan birgalikda)
Ushbu kitob dunyo haqida yanglish fikrlashimizning o‘n sababini, nega u biz o‘ylagandan yaxshiroq ekanligini koʻrsatib beradi. Dunyoda qancha kambag‘al bor, aholi soni nega o‘smoqda, qizlarning qanchasi taʼlim olmoqda singari muhim global o‘zgarishlar haqidagi oddiy savollarga odatda xato javob eshitamiz.
“Factfulness"da xalqaro sog‘liqni saqlash bo‘yicha professor va global TED maʼruzachisi Hans Rosling ikki hamkori — Anna va Ola bilan birgalikda buning sababini yangicha yo‘sinda izohlaydi. Ular bizni adashtiruvchi o‘nta instinktni ochib bergan. Barcha nuqsonlariga qaramay, dunyo biz o‘ylagandan ancha yaxshiroq holatdadir. Bu xavotirga hojat yo‘q degani emas, albatta. Biroq faktlarga asoslangan dunyoqarashni shakllantirish o‘rniga doim har narsadan xavotirlanaversak, tahlikaliroq narsalarga diqqat qarata olmaymiz.
“Oʻzbekiston tavalludi: ilk SSSR davrida millat, imperiya va inqilob”, Adib Xolid
Amerikalik taniqli olim Adib Xolidning ushbu kitobi dunyo xaritasida O‘zbekiston degan davlatning paydo bo‘lishi haqida. Muallif XX asr boshlarida yurtimizda kechgan murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni chuqur tahlil qiladi, o‘sha davr qiyofasini bor ziddiyatlari bilan tasvirlashga harakat qiladi. Asar yurtimiz tarixiga qiziqqan keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan.
“Mamlakatlar tanazzuli sabablari”, Daron Ajemo‘g‘li, Jeyms A. Robinson
Nega ayrim mamlakatlar farovonroq yashaydi? “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” mualliflari ushbu savolga ishonchli va izchil asoslangan yangi nazariya bilan javob berishga bel bog‘lagan: farovonlik sababi iqlim, geografiya yoki madaniyat emas, balki mamlakatdagi institutlardir. Qadimgi Rim va tyudorlar davridan to zamonaviy Xitoygacha bo‘lgan tarixiy va zamonaviy misollarga tayangan yetakchi olimlar — Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms A. Robinsonning taʼkidlashicha, kuchi va mablag‘ini tikishi uchun odamlar qattiq mehnat qilsa, boyishi mumkinligiga ishonishi zarur, bu esa innovatsiyaga rag‘bat, barqarorlik va tinchlikni taʼminlovchi ishonchli institutlar demakdir. Kitob mualliflari o‘zlarining o‘n besh yillik tadqiqotlariga asoslanib, Maks Veberdan to Jeffri Saks hamda Jared Daymondgacha bo‘lgan qator olimlarning nazariyalariga javob berdi.
“Qora Oqqush”, Nassim Taleb
“Qora oqqush” kitobida noyoblik va oldindan aytib bo‘lmaydigan hodisalarning g‘ayrioddiy taʼsiri, shuningdek, odamlarga retrospektiv tarzda oddiy tushuntirishlarni topish tendensiyasi ko‘rib chiqiladi. Taleb buni “Qora oqqush nazariyasi” deb ataydi va birinchi marta bu nazariyani ushbu kitobda qo‘llaydi.
Ushbu kamyob Qora oqqushlar dunyoda sodir bo‘layotgan deyarli barcha voqea-hodisalarni izohlab beradi — G‘oyalar va dinlarning muvaffaqiyat qozonishidan tortib, tarixiy voqealar dinamikasi va shaxsiy hayotimizning tafsilotlariga qadar.
“Hokimiyatning 48 ta qoidasi”, Robert Grin
Ushbu kitob-hayotning quyi pog‘onasidan to hokimiyatning yuqori cho‘qqisigacha bosib o‘tiladigan yo‘l haqiqatlari haqidagi eng munozarali, eng qimmatli, eng haqqoniy kitob. Robert Grin ushbu kitobda insoniyatning yillar, asrlar davomida hayot va hokimiyatda muvaffaqiyatga erishish borasidagi to‘plagan tajribalarini toʻplagan. Va har bir keltirilgan qoidaning tarixdagi voqealar asosida qanday ishlashini tushuntirib bergan. Tarixning oʻzi bir qiziqarli hilqat, uni qoidalar, prinsiplar yordamida oʻrganish esa undan ham qiziqroq.
“Diktaturadan demokratiyaga”, Jin Sharp
“Diktaturadan demokratiyaga” kitobining dastlabki nashri 1993 yilda Bangkok shahrida, Xit Pyang (Khit Pyaing, New Era Journal) birlashmasi bilan Birmaning Demokratiyani tiklash komiteti tarafidan qilingan. U paytdan aqalli o‘ttiz bir tilga tarjima qilinib Serbiya, Indoneziya, Tailand va boshqa mamlakatlarda nashr etilgan. Bu esa AQSHda nashr etilgan to‘rtinchi nashridan o‘zbekchaga qilingan tarjimasi.
“Yalangʻoch iqtisodiyot”, Charlz Uilan
Charlz Uilanning “Yalangʻoch iqtisodiyot” nomli kitobida iqtisodiyotning mohiyati hamda dolzarb masalalari sodda va tushunarli, barchamizga tanish hayotiy misollar bilan yoritilgan. Kitobda murakkab chizmalar yoki sirli formulalar yoʻq, balki moddiyat dunyosida qanday qonuniyatlar hukmronlik qilishi va davlatlar nimaning hisobiga boyishi tushuntirilgan. Asarni oʻqiy boshlaganimizda muallif ulkan iqtisodiyot olamidagi yoʻlboshchimizga aylanib, bu olamning eng chekka burchaklarigacha biz bilan sayohat qiladi. Uilan — ishonchli yoʻlboshchi, uning biz bilan olib boradigan suhbati esa samimiy va doʻstona ruhda kechadi.
“Sivilizatsiyalar toʻqnashuvi va yangi dunyo tartibi”, Samuel Hantington
“Sivilizatsiyalar toʻqnashuvi va yangi dunyo tartibi” kitobi, siyosatshunoslik nuqtayi nazaridan, ogohlikka chorlaydi. Hantington, bugungi siyosiy jihatdan uygʻoq dunyoda boshqa sivilizatsiyalarning oʻziga xos xususiyatlari haqidagi bilimlarimiz bizdan sivilizatsiyalararo ittifoqlarga birlashishni, boshqa millatlar bilan aloqalarda oʻzaro hurmat va bosiqlikka rioya qilishni talab qiladi. Shu sababdan ham Hantingtonning ushbu kitobi nafaqat intellektual jihatdan yangilik ulashadi, balki chinakam siyosiy donolik alomatlarini ham oʻz ichiga oladi.