"Yashayapman, demak aybdorman" — Kamyuning "Begona" asariga taqriz

E’lon qilingan sana· 1 029
"Yashayapman, demak aybdorman" — Kamyuning "Begona" asariga taqriz

Kitoblar haqidagi turkum maqolalarning o’tgan galgi sonida fransuz adabiyoti klassikasi hisoblanuvchi “Dahriyning ibodati” asari bilan tanishgan edik. Biz fransuz adabiyotidan uzoqlashmaslikka qaror qildik va bu safar Alber Kamyuning “Begona” nomli asari haqida gaplashamiz.

Asar unchalik katta emas, bir necha soatda o’qib chiqish mumkin. Lekin asarda uning hajmiga nisbatan ancha keng va chuqur ma’no yotadi.

Kamyuning “Begona"sini ekzistensializm g’oyalarining klassik ifodasi deyishadi. Unda Merso familiyali inson haqida so’z boradi, aynan asar nomida ham u ta’riflangan. Nega Merso — begona? Chunki jamiyat tomonidan o’rnatilgan va doimo singdirib kelinadigan qoidalarni tan olmaydi, ularga amal qilmaydi. Va u o’z fikriga ega inson edi. Bordiyu, siz boshqalar kabi fikrlamasangiz, hech kim sizni tushunishga harakat qilmaydi. Aynan shu sababga ko’ra u hamma uchun begona edi.

Merso onasining janazasida yig’lamagani uchun odamlar uni toshbag’ir, bemehr inson deb qabul qilishadi. U shunchaki odamlarning fikri uchungina o’zini chuqur qayg’uli holatda ko‘rsata olmaydi. Uning uchun insoniyat tomonidan o’ylab chiqarilgan qadriyatlar mutlaqo ahamiyatsiz. Ammo bular uning hissiz ekanligini anglatmaydi. U shunchaki o’z hissiyotlarini soxtalashtirib ko’rsatishni xohlamaydi. Eng qizig’i, sudda uni odam o’ldirgani uchun emas, onasining janazasida ko’z yosh to’kmagani uchun sud qilishadi, aniqrog’i asosiy e’tibor shunga qaratiladi. “Yashayapman, demak aybdorman” — asar qahramoni aynan shunday deydi.

Kamyu bu asarida u yoki bu insonni shunchaki mavjudligi uchun, qanday inson bo’lsa shunday holida qabul qilishning ahamiyatini tushuntiradi. Darvoqe, Kamyu adabiyot bo’yicha “Nobel” mukofotini qo’lga kiritgan. Uning aynan shu asariga kelsak, Le Monde nashri uni “Asrning eng yaxshi 100 kitobi” ro’yxatida birinchi o’ringa qo’ygan.

Jamiyatning ba’zi qadriyatlari mantiqsiz ekanligini anglash va o’z hissiyotlarini ommaga yoymaydigan insonni qanday tushunish kerakligi, shuningdek, ekzistensializm g’oyalarini idrok qilish uchun bu kitobni albatta o’qib chiqish kerak deb hisoblayman.

Asardan iqtiboslar:

  • “U oxir-oqibat odam bolasi hamma narsaga ko‘nikadi, degan gapni tez-tez aytib yurardi…”.
  • “Jamiyatimizda onasining dafn marosimida yig‘lamagan odam o‘limga mahkum bo‘lish xavfi bor…”.
  • “Ba'zan kun ohirida inson uddalagan eng katta narsa hali ham joniga qasd qilmaganidir”.
Nazarbek Nazarov
Muallif
Nazarbek Nazarov