Litres: O'zbek tilida biznes haqidagi TOP-5 kitoblar

E’lon qilingan sana· 655
Litres: O'zbek tilida biznes haqidagi TOP-5 kitoblar

Boylik — insonga hotirjamlik va xavfsizlik hissini beradigan, sog‘liqni saqlash, taʼlim kabi sohalaridagi xizmatlardan istaganicha foydalanish imkonini taqdim etadigan muhim qadriyatlardan biri. Litres kitoblar xizmati bilan birgalikda iqtisodiy tamoyillarni tushunishga va ularni qo‘llagan holda muvaffaqiyat qozonishga yordam beradigan kitoblar ro‘yxatini tuzdik.

1. Charlz Uilan. “Yalang‘och iqtisodiyot”

Dartmut kolleji Rokfeller markazi katta o‘qituvchisi va ilmiy xodimi Charlz Uilan nafaqat halqaro siyosat, iqtisodiyot, soliq va shu kabi mavzularda dars o‘tadi, balki gazeta va jurnallar uchun ham qalam tebratib, gazeta mushtariylariga moliya mavzusini global va mahalliy miqyosda ochib beradi. Bu kitob ham aynan shu masalalarga bag‘ishlangan. Kitobda muallif kundalik hayotimizga taʼsir qiluvchi, urushlarga sabab bo‘luvchi va hatto qanday fikrlashimizni ham belgilab beruvchi jahon sarmoya oqimi haqida tushunarli va qiziqarli tilda so‘zlab beradi. 2050-yilda savdo markazlari hamon mavjud bo‘ladimi? Tamaki chekuvchilar chekmaydiganlarga qanday iqtisodiy manfaatlar keltirmoqda? Vaqti kelib bozor ijtimoiy muammolarni hal qila oladimi, hal qila olsa, buning uchun kim pul to‘laydi? Bu va shu kabi ko‘plab mavzularni ekspert jo‘n tilda, juda qiziqarli tarzda yoritib bergan.

2. Jon Devid Mann, Devid Bax. “Latte omili. Moliyaviy mustaqillik va erkin hayot sari”

Liderlik va muvaffaqiyatni belgilab beruvchi qonunlar, boylik va farovonlik qoidalari — bular kitob mualliflari suv qilib ichib yuborgan mavzular bo‘lib, mazkur ekspertlar ushbu mavzular bo‘yicha maxsus trening hamda seminarlar o‘tishadi, maqola hamda kitoblar yozishadi. Aynmi bu kitobda har bir inson orqaga suravermay, shu ondayoq maxsus tayyorgarliksiz amalda qo‘llashi mumkin bo‘lgan boylikning uchta eng oddiy qonuni bayon qilingan. Kitobning bosh qahramoni — orzulari osmon yosh qiz Zoi dastlab bu oddiy qoidalar hayotining sifatini ancha yaxshilashiga ishonmaydi. Lekin ularni har kuni amalda qo‘llagan Zoi daromadi osha boshlaganini va ilgari yopiq bo‘lgan imkoniyatlar unga ochila boshlayotganini ko‘radi. Mualliflar Zoining tajribasi har bir inson boylikka erisha olishi mumkinligining yorqin isboti ekaniga ishonishadi. Unga erishish uchun bo‘lsa shunchaki kundalik odatlarni o‘zgartirishning o‘zi kifoya.

3. Piter Til, Bleyk Masters. “Noldan birga. Startaplar haqida qaydlar yoxud kelajakni qanday qurish mumkin”

PayPal va Palantir kompaniyalari hammuassisi, shuningdek SpaceX va Facebook kabi yuzlab startaplar sarmoyachisi Bleyk Masters — biznes va moliya sohasida katta mavqega ega bo‘lgan shaxs. U 2012 yilda Stenford universiteti talabalari bilan o‘z tajribasini bo‘lishgan bo‘lib, mazkur kitob o‘sha maʼruzalarning mag‘zini o‘zida jamlagan asar hisoblanadi. Kitobda zerikarli nazariyadan qochilib, imkon qadar ko‘proq keyslar taqdim qilinadi hamda vaziyatga kutilmagan rakurslardan boqib, noodatiy fikrlashga majbur qiladigan mashqlar keltiriladi. Muallifning fikricha, o‘zgacha yondoshuvsiz biznes uchun original konsepsiyalar yaratish va ularni rivojlantirishning imkoni yo‘q. Startaplar qanday paydo bo‘ladi? Savdo sanʼati nimalardan iborat? Monopoliyachi bo‘lishga harakat qilish kerakmi? Va globallashuvning bunga nima aloqasi bor? Bu va boshqa ko‘plab savollarga javoblarni aynan shu kitobdan topasiz.

4. Allan Dib. “Bir varaqli marketing reja. Yangi mijozlar topish, ko‘proq pul ishlash va boshqa bizneslardan ajralib turish sirlari”

Bir qancha muvaffaqiyatli startaplar tashkilotchisi, biznes-trener va marketolog-novator Alan Dibning fikricha, sohaga endi qadam qo‘ygan tajribasiz inson ham biznesni noldan boshlab, mo‘may daromad keltiradigan darajaga olib chiqa oladi, faqat buning uchun ishni mukammal marketing rejasini tuzishdan boshlash kerak. Buni qarangki, maxsus bilimga ega bo‘lmasdan ham marketing rejasini tez va oson tuzish mumkin ekan. Bir betlik mazkur hujjat marketing jarayonigacha, bevosita jarayonning o‘zidagi va undan keyingi 3 asosiy bosqichni aks ettiruvchi 9 ta banddan iborat bo‘ladi. Mijozlarni qanday qilib jalb qilish va tezroq foydaga kirish mumkin? Yirik biznes marketing strategiyasidan nusxa olishning kichik va o‘rta biznes uchun qanday xavfli tomoni bor? Bitimlarni qanday qilib to‘g‘ri tuzish va bozordagi yagona o‘yinchiga aylanish mumkin? Kam miqdordagi boshlang‘ich kapital bilan qoyilmaqom natijga erishishning yo‘llari bormi? Bular haqida Allan Dib batafsil hikoya qiladi.

5. Napoleon Xill. “O‘yla va boy bo‘l: omadli 13 qadam”

Amerikalik jurnalist va psixolog Napoleon Xillga bolaligidan aynan muvaffaqiyat qozonish mavzusi qiziq bo‘lgan. Bunga qanday erishish mumkinligini aniqlash uchun u muvaffaqiyat qozonganlarning suhbatini olishga qaror qiladi. Qanday yashab, qanday fikrlashlarini bilish uchun o‘z davrining eng omadli, eng obro‘li va eng badavlat insonlari bilan 20 yil davomida intervyular uyushtiradi. Natijada ularning bari ko‘p jihatlari bilan bir-biriga o‘xshashi maʼlum bo‘ladi. Kitobxonlarga muvaffaqiyat qozonish formulasini ochib beruvchi ushbu kitob o‘sha intervyular asosida yozilgan. Maʼlum bo‘lishicha, 13 qadamdan iborat bo‘lgan tamoyillar inson dunyoqarashini tubdan o‘zgartirib, omadli shaxs sifatida fikrlay boshlashiga imkon beradi. Muallifnng taʼkidlashicha, buning natijasida hayotda jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘la boshlaydi. qulay vaziyatlar yuzaga kela boshlaydi, zarur aloqalar o‘rnatilib, maqbul takliflar kelib tusha boshlaydi. Kitob yozilganidan buyon 80 yildan ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, u bugun ham dolzarbligini yo‘qotmagan.