"Cheklangan fikrlilargina cheklanganlikni faqat boshqalarda ko‘rishadi" — "Martin Iden" kitobiga taqriz

E’lon qilingan sana· 477
"Cheklangan fikrlilargina cheklanganlikni faqat boshqalarda ko‘rishadi" — "Martin Iden" kitobiga taqriz

Afisha.uz kitoblar haqidagi maqolalar turkumini davom ettiradi. Bu safar biz ko'rib chiqish uchun Jek Londonning "Martin Iden" asarini tanladik.

“Martin Iden” — Jek Londonning eng mashhur romani bo’lib, avtobiografik ruhga ega. Asar o’z taqdirini o’z qo’liga olgan, eng quyi qatlamdan chiqib kelgan irodali inson haqida so’zlaydi. Aynan shunday sifatlari uchun ham asosiy qahramon — Martin Idenni ko’pchilik o’zining ideali deb biladi.

Agar asar mazmunini ikki og’iz so’z bilan tushuntiradigan bo’lsam, ushbu roman halol va yaxshi odamning burjua jamiyatida yashay olmasligi, dastlab bunday insonni hayratga solgan qadriyatlar vaqti kelib unga shu qadar erish tuyulishi mumkinligi, bu esa hatto ruhiy kasallikka ham olib kelishini tasvirlab beradi.

Jek London va Martin Iden

Ushbu asar ilk bor 1909-yilda nashr etilgan. Asar voqealari ham XX asr boshlarida ro’y beradi. Ushbu asarda Jek London Martin Iden misolida o’z hayotini ham tasvirlagan deyishadi. Chindan ham Jekning taqdiri asar qahramoninikiga o’xshash, uning o’zi ham badavlat yoki o’rta tabaqa vakillari oilasida dunyoga kelmagan. Yozuvchi Jek London va Martin Iden obrazining bog’liqliklarini esda tutgan holda endi asar mazmunini bir ko’rib chiqamiz.

Martin Iden — ishchilar oilasida tug’ilgan, quyi sinfdan bo’lgan dengizchi yigit, u taxminan 21 yoshida tasodifan badavlat burjua oilasidan bo’lgan Rufni uchratib qoladi. Martin Rufga mos bo’lish uchun ancha ter to’kadi, o’z ustida ishlaydi, yuqori sinf vakillariga yaqinroq bo’lishga harakat qiladi. Martin yozuvchilik bilan shug’ullana boshlaydi va yozgan asarlari uchun gonorarlar oladi…

Butun bir syujetni ochib berishni xohlamasdim. Asarni o’zingiz o’qib, Martin Iden tuygan hislarni tuyishingizni istayman. Bu asardan keyin hatto shu nomdagi sindrom ham paydo bo’lgan. Bu psixologik sindrom “uzoq kutilgan maqsadga erishgandan so’ng aslida hammasi siz o’ylagandek emasligini tushunib tushkunlikka tushish"ni anglatadi. Ya’ni Martin yuqori sinf vakili bo’lishga shunchalik intiladiki, oxir-oqibat bunga erishgach, atrofidagi muhit, odamlarning munosabati va ularning qadriyatlari unga erish tuyula boshlaydi. Martinning muvaffaqiyati, afsuski, uning o’ziga baxt olib kelmaydi.

Aytgancha, Martin va Rufning munosabatlari nima bo’ldi deb qiziqayotgandirsiz? Spoyler qilishni xohlamayman, lekin bu asarni sevib o’qiganlarning xayolida eng ko’p aylanadigan savol: “Ruf o’zi Martinni sevganmikan?”

Xo’sh, “Martin Iden” bizga nimani o’rgatadi? Asarda irodali va matonatli odam qanday qilib ko‘p narsaga erishishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Bu har qanday vaziyatda kuchli bo’lishga yordam beradi, o’z pozitsiyangizni himoya qilishni o’rgatadi. Va bir vaqtning o’zida siz oldingizga qo’ygan maqsad oxir-oqibat siz istagan narsa bo’lib chiqmasligi mumkinligini ham eslatib qo’yadi.

Asardan iqtiboslar:

  • “Aql muhabbat masalalariga aralashmasligi kerak. Sevgan yoring to’g’ri mulohaza qilyaptimi, yo’qmi, buning ahamiyati yo’q. Muhabbat aqldan yuksakdir”.
  • “Cheklangan fikrlilargina cheklanganlikni faqat boshqalarda ko‘rishadi”.
  • “Yashash uchun kurashda kuchlilar va kuchlilarning avlodi tirik qoladi, ojizlar va ularning avlodi oʻlimga mahkumdir”.
  • “Sening ham fikrlaring, huddi kiyimlaring kabi boshqalar tomonidan tikilgan”.
  • “Agar menga biror narsa yoqmasa, demak, menga u shunchaki yoqmaydi. Nima uchun men ko‘pchilikka yoqadigan yoki ular buni yoqadi deb o‘ylagani uchungina menga shu narsa yoqadiganday ko‘rsatishim kerak o‘zimni? Men bu narsa hozir urf bo‘lgani uchungina sevishim yoki seva olmasligim mumkin emas”.
Nazarbek Nazarov
Muallif
Nazarbek Nazarov