"Aqliy sohada biz kattadirmiz. Ammo his-tuyg'ular sohasida chaqaloqlarmiz" — "Ajib yangi dunyo" kitobiga taqriz
Afisha.uz`dagi kitoblar haqidagi maqolalar ruknida biz yana antiutopiyalar mavzusiga qaytishga qaror qildik. Bugun ingliz yozuvchisi Oldos Xakslining "Ajib yangi dunyo" asari haqida gaplashamiz.
“Ajib yangi dunyo” shaxsan o’zimning eng sevimli kitoblarimdan biri. Nima uchun? Chunki bu asarda o’ylantirib qo’yadigan g’oyalar, fikrlar juda ko’p. Asarda tasvirlangan olam, jamiyat qaysidir jihatdan biznikiga o’xshab ham ketadi. Aniqrog’i, go’yoki biz bunga tobora yaqinlashib borayotgandekmiz. Balki Oldos Xaksli insoniyat kelajagini bashorat qilishga harakat qilgandir, balki shunchaki ogohlantirmoqchi bo’lgandir, nima bo’lganda ham, asar bir necha bor o’qib chiqish kerak bo’lgan kitoblar sirasiga kiradi.
Butunjahon mamlakati, soma, erkinlik…
Xakslining “dunyosida” faqat bitta mamlakat bor — Butunjahon mamlakati. U yerda odamlar tug’ilmaydi, texnologiyalar yordamida sun’iy bachadonlarda o’stiriladi. Biz biladigan “oila” tushunchasi esa mutlaqo yo’q bo’lib ketgan. Odamlarning jamiyatda qaysidir toifa, guruhga oid bo’lishi, so’zsiz o’z vazifalarini bajarishi uchun, ularni “o'sish” davrida shunday “tarbiyalashadiki”, hech kim o’zining pastki tabaqa yoki boshqa tabaqa vakili ekanligidan norozi bo’lmaydi. Go’yoki baxtsizlik tushunchasining o’zi yo’qdek. Go’yoki hamma erkin. Ammo bu yerdagi tanlov huquqi — illyuziyadan boshqa narsa emas. Tasavvur qildingizmi? Xaksli miyangiz shunday dunyo tasvirini beradiki, sizga hatto syujet ham shart bo’lmay qoladi. O’z o’y-fikrlaringiz bilan ancha o’tirib qolasiz.
Lekin asarda syujet bor. Va undagi dialoglarda juda jiddiy mavzular tilga olinadi. Ayniqsa Mustafa Mond va Yovvoyining suhbati asarning kulminatsiyasi bo’lsa kerak. Suhbatda erkinlik, e’tiqod, baxt kabi tushunchalar haqida jiddiy mulohazalar qilinadi. “Sivilizatsiyadan yiroqda” tug’ilib o’sgan Yovvoyi bu jamiyatni hech qanaqasiga hazm qila olmaydi…
Asarda insonlarga baxt hissini beruvchi va kundalik vazifalarini bajarganligi uchun taqdim etiluvchi “soma” nomli xapdori keltirilgan. Bu go’yoki hozirda bizdagi texnologik ko’tarilish davridagi vaqtinchalik baxt hissini beradigan unsurlarga o’xshaydi. Narkotik moddalar, internet, iste’molchilik jamiyatining kuchayishi… Darvoqe, e’tibor berayapsizmi, biz yashayotgan dunyoda iste’molchilik jamiyati va lazzatlanish kabi tushunchalar borgan sari rivojlanmoqda. Hayotning mazmuni lazzatlanib yashash va bor noz-ne'matlarni iste’mol qilish bo’lib qolmoqda. Buni o’zimiz sezmasligimiz mumkin, ammo “Ajib yangi dunyo” bilan tanishgach, qaysi yo’nalish bo’ylab ketayotganimiz haqida jiddiy o’yga tolamiz.
Umuman barcha antiutopik asarlarning “vazifasi” aslida shunday. Bizni e’tiborimizni biz oldin o’ylab ko’rmagan masalalarga tortish. Kimdir balki buni ogohlantirish sifatida qabul qilmas, ammo asar shunday holidayam shedevr. Ammo ogohlantiraman, katta ehtimol bilan ancha vaqtgacha ushbu asar ta’siridan chiqa olmay qolishingiz mumkin. Chunki achchiq haqiqatni hazm qilish, illyuziyalardan voz kech doim qiyin kechadi. Biroq, o’qimasangiz juda ko’p narsa yoqotasiz. Ishonavering.
Agar antiutopiyalar mavzusini davom ettiradigan bo’lsak, tahmin qilib ko’ringchi, ruknimizning keyingi sonida qaysi kitob haqida gaplashamiz?
Kitobdan iqtiboslar:
- “Agar to’g’ri qo’llansa, so’zlar rentgen nurlari kabi har qanday narsani yorib o’ta oluvchi kuchga aylanadi. Ko’zing tushgan hamon u ichingga botib ketadi”.
- “Kimniki atrofida ishonchsizlik ko’p bo’lsa, u o’zi ham ishonmaslikni boshlaydi”.
- “Aqliy sohada va o’z ish vaqtimiz davomida biz kattalarmiz. Ammo his-tuyg'ular va istaklar sohasida — chaqaloqlarmiz”.
- “Agar sen boshqalarga o’xshamasang, unda sen yolg’izlikka mahkumsan”.