«Kitob yoqishdan ham og‘irroq jinoyat bor, masalan, uni o‘qimaslik» — "Farengeyt bo'yicha 451 daraja" kitobiga taqriz

E’lon qilingan sana· 983
«Kitob yoqishdan ham og‘irroq jinoyat bor, masalan, uni o‘qimaslik» — "Farengeyt bo'yicha 451 daraja" kitobiga taqriz

Afisha.uz`da endilikda kitoblar haqida maqolalar, taqrizlar ham e'lon qilib boriladi. Bu turkumdagi birinchi maqolani Rey Bredberining "Farengeyt bo'yicha 451 daraja" nomli kitobidan boshlash mantiqan to'g'ri bo'ladi deb hisobladim.

Rey Bredberining “Farengeyt bo’yicha 451 daraja” asari vaqt o’tgani sayin dolzarblashib borayotgandek ko’rinadi. Yozuvchi kelajak haqida mulohazalar yuritishni yoqtirgan, buni uning “Marsga yilnomalari” va “Momoqaymoqdan vino” kabi asarlarida ham ko’rish mumkin. Va Bredberini ma’lum bir ma’noda kelajakni ko’ra olgan yozuvchilardan biri desak adashmaymiz. Afisha.uz yozuvchining “Farengeyt bo’yicha 451 daraja” kitobi haqida fikr-mulohazalarni e’tiboringizga havola etadi.

“Farengeyt bo’yicha 451 daraja” va antiutopiya

“Farengeyt bo’yicha 451 daraja” — eng mashhur antiutopik asarlardan biri. Xo’sh, antiutopiya o’zi nima? Utopiya barcha bir-biri bilan teng hayot kechiradigan, ko’pchilik orzu qiladigan jamiyatni tasvirlasa, antiutoupiya buning teskarisi. Antiutopiyaning eng mashhur namunalari sifatida Oruellning “1984”, Xakslining “Ajib yangi dunyo”, Zamyatinning “Biz” nomli asarlarini keltirib o’tishimiz mumkin. Ularda tasvirlanadigan dunyo, jamiyat yozuvchining xayolot mahsuli bo’lib, ba’zida bizni kelajakda nimalar kutayotgani haqida ham “signal” beradi, bizni fikrlashga, oldin o’ylamagan narsalarimiz haqida o’ylashga majbur qiladi. “Farengeyt bo’yicha 451 daraja” asari ham, albatta, bundan mustasno emas. Ehtimol, bu asar antiutopiyalar orasida yakuni biroz bo’lsa-da yaxshi notada yakunlanadigan, umid baxsh etadigan yagonasidir.

Shunchaki “must-read”

Bredberi “Farengeyt bo’yicha 451 daraja” asarini 33 yoshida yozib tugatgan. Bu kitobni 30 yoshlargacha o’qishni maslahat beraman. Shunchaki, “must-read”. Kitoblar mavjud bo’lmagan, odamlar kitob o’qimaydigan dunyoni tasavvur qilishga harakat qiling. Qaysidir ma’noda qiyin, qaysidir ma’noda bu biz yashayotgan davrga yaqin ham ko’rinadi. “Farengeyt bo’yicha 451 daraja” asarida tasvirlangan dunyoda kitob o’qish va hattoki ularni uyda saqlash jinoyat qilish bilan tengdir. O’t o’chiruvchilarning vazifasi esa olovni o’chirish emas, aksincha, ularni yoqish, yoqganda ham kitoblarni yoqish hisoblanadi. Odamlar esa tarix haqida mutlaqo yanglish tushunchaga ega, ularga mutlaqo boshqacha tarix so’zlab berilgan. Asar bosh qahramoni ham shunday o’t o’chiruvchi, tarix haqida to’g’ri ma’lumotlarga ega emas. Ammo u o’ziga savol berishni boshlaganida, hammasi o’zgarib ketadi.

Ishonavering, hozir aytgan ta’riflarim bu asarga “spoyler” bo’lib xizmat qilmaydi, hali sizni hayratga soladigan joylari ko’p.

Bredberining bu asari bir necha bor ekranizatsiyalashtirilgan. Yozuvchining o’zi bu asar asosida suratga olingan film haqida shunday degan: “Tryuffo [rejissyor] menga o’z romanimning mutlaqo boshqacha, biroq asar ruhi saqlangan versiyasini sovg’a qildi. Buning uchun undan minatdorman”. Haqiqatdan ham film kitobdagi mazmunni yorqinroq va to’liqroq ochib bera olmaydi, qaysidir ma’noda muallifning nuqtai nazaridan yiroqlashtirishi ham mumkin. Shuning uchun ham filmni “albatta ko’rishingiz kerak” demayman, ammo kitobni albatta o’qishingiz kerak.

Biror asar haqida gapirayotganda spoyler qilib qo’ymaslikka harakat qilaman. Shuning uchun ham syujet va undagi asosiy qahramonga alohida to’xtalib o’tirmayman. Ammo shuni aytamanki, biz yashayotgan jamiyat, ijtimoiy hayot, atrofimizdagi odamlar hayot tarziga o’zgacha nazar bilan qarashni va ehtimoliy kelajak haqida fikr yuritishni xohlasangiz bu kitobni sizga yordam beradi.

Kitobdan iqtiboslar:

  • “Har bir yangi avlod bizga insoniyat xatolarini eslatib turadigan odamlarni qoldirib ketadi”.
  • “Kitoblar haqida ularning muqovasiga qarab xulosa chiqarmang”.
  • “Biz shunchaki o‘zimiz hech narsani anglatmaymiz. Muhimi biz emas, biz miyamizda saqlayotgan narsalardir”.
  • “Kitob yoqishdan ham og‘irroq jinoyat bor, masalan, uni o‘qimaslik”.
Nazarbek Nazarov
Muallif
Nazarbek Nazarov