Foto: “Qalblar dardiga darmon” — birinchi Buxoro biennalesidan reportaj

E’lon qilingan sana· 106
Foto: “Qalblar dardiga darmon” — birinchi Buxoro biennalesidan reportaj

5-sentyabr kuni birinchi Buxoro zamonaviy san’at biennalesi o‘z ishini boshladi. “Qalblar dardiga darmon” nomli mazkur yirik anjuman 20-noyabrga qadar davom etadi. Afisha.uz muxbiri tadbir ochilishida qatnashib, reportaj tayyorladi.

Biennale Buxoroning qaysi manzillarini qamrab olgan?

Buxoroning eski shahar qismida joylashgan Mag‘oki Attoriy markazida bo‘lib o‘tgan tantanali ochilish marosimida turli mamlakatlardan kelgan madaniy va diplomatik doiralar vakillari, rassomlar, san’at arboblari va mehmonlar qatnashdi. O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, biennale kuratori Diana Kempbell, komissar Gayane Umerova va me’morchilik dasturi bo‘yicha san’at mudiri Vael al Avar so‘zga chiqdi.

Ta’kidlanishicha, Buxoro biennalesi — ochiq muloqot maydoni bo‘lib, unda milliy meros jahon madaniy jarayoniga tabiiy ravishda uyg‘unlashib, O‘zbekiston o‘zini bunyodkorlik, hamkorlik va madaniy yetakchilik yo‘lidagi mamlakat sifatida yana bir bor namoyon etmoqda.

Birinchi Buxoro zamonaviy san’at biennalesi rassomlar, hunarmandlar, dizaynerlar va tadqiqotchilarning hamkorlikdagi ijodiga yangi ma’no bag‘ishlamoqda. 10 hafta davomida o‘tkaziladigan tadbir dasturidan rassomlar bilan suhbatlar, musiqiy chiqishlar, bosh oshpazlar uchrashuvlari, hunarmandlar tomonidan mahorat darslari, san’at tarixi simpoziumi, she’riy kechalar va boshqalar o‘rin olgan.

Anjumanda 70 dan ortiq zamonaviy asarlar taqdim etilmoqda. Ularning har biri O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va butun dunyodan kelgan mahalliy usta va rassomlar hamkorligida loyihalashtirilgan.

Tashkilotchilarga ko‘ra, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining ushbu loyihasi Buxoroning eski shahar qismini qayta tiklash dasturining bir qismi hisoblanadi. Birinchi biennale Buxoroda restavratsiya qilingan tarixiy joylarda: Xo‘ja Govkushon ansambli, Ayozjon, Ulug‘bek tamokifurush, Ahmadjon, Fathullajon karvonsaroylari hamda Rashid madrasasi hududida bo‘lib o‘tmoqda.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, bu kabi nufuzli, xalqaro ahamiyatga molik loyihalar orqali O‘zbekiston o‘ziga xos brendga, cheksiz ijod va ilhom maskaniga aylanib bormoqda.

“Birinchi Buxoro biennalesi — bu bizning boy tariximiz, an’analarimiz va asrab-ardoqlab kelayotgan hunarmandchiligimiz namoyon bo‘ladigan noyob manzildir. Rassom va hunarmandlar, oshpaz va shoirlar qadimiy obidalarni navo, nafosat va milliy qadriyatlar ruhi bilan to‘ldirmoqda. Ushbu yirik tadbir jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otib, san’atni qadrlovchi va teran his qiluvchi makon sifatida yurtimiz mavqeini yanada oshiryapti hamda eng iste’dodli ijodkorlarni jalb etyapti”, — deydi Saida Mirziyoyeva.

Nega aynan Buxoro tanlandi?

Prezident Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm bo‘yicha departamenti rahbari Gayane Umerova nega mazkur biennale uchun aynan Buxoro tanlangani haqidagi savolga izoh berarkan, shunday dedi:

“Taxminan to‘rt yil avval biz biennale haqida o‘ylay boshladik va uni Buxoroda tasavvur qildik. Aslida, biennale uchun ilhom manbai Buxoro edi. Qolaversa, bu yerda ko‘plab joylar tashlab qo‘yilganini ko‘rib, ularni san’at va madaniyat uchun platformaga aylantirish, jamoatchilik uchun ochish niyati tug‘ildi. Buxoroda ajoyib me’moriy obidalar — karvonsaroylar, madrasalar, masjidlar mavjud, lekin ular yillar davomida tashlab qo‘yilgan edi. Ularga hayot bag‘ishlashimiz, dunyoning turli burchaklaridan odamlarni bu yerga ko‘proq jalb qilishimiz lozimligini his qildik. Buxoro ko‘proq e’tiborga loyiq. Har ikki yilda odamlar bu yerga kelib, uni qayta-qayta kashf etishi, turli nuqtalardan ko‘rishi ajoyib hodisadir”, — deydi Gayane Umerova.

“Buxoro haqida o‘ylashni boshlaganimizda, albatta, eng avvalo, bu anjumanni kim boshqara olishi to‘g‘risida ham o‘yladik. Biz bu sehrni amalga oshira oladigan kuratorni qidirdik. Bir necha yil davomida tanlov va turli odamlar bilan suhbatlar jarayonida men Diana Kempbellni shu ish uchun mos inson deb topdim. Bizga madaniyatimizni chuqur his qila oladigan, uni san’at maydoniga aylantira oladigan inson kerak edi. Dianada esa allaqachon katta tajriba bor edi — u bu sohada o‘n yildan ortiq vaqt ishlagan. Nihoyat, biz buni birgalikda amalga oshira olganimizdan juda xursandman”, — deya qo‘shimcha qildi biyennale bosh tashkilotchisi.

Gayane Umerovaning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda har ikki yilda bir marta biennale o‘tkaziladi. Bu esa mamlakat uchun har tomonlama foyda keltiradi.

“Aslida, biz Yevropadan biroz chetda joylashganmiz, AQSHdan, Lotin Amerikasidan, Afrikadan va dunyoning qolgan qismlaridan ham ancha uzoqdamiz. Shuning uchun odam bir marta kelib, Samarqand, Buxoro, Xivaning go‘zal merosini ko‘rgach, yana qaytib kelishi uchun albatta, bir sabab bo‘lishi kerak. Biennale esa shunday mezon yaratadiki, odamlar har ikki yilda bir keladi va bu safar boshqa narsalarni kashf etadi. Bu albatta, mamlakatimiz turizmini ham rivojlantiradi”, — deydi O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi.

Biyennale me’morchilik dasturi bo‘yicha san’at mudiri Vael al Avarning aytishicha, Buxoro har doim turli sivilizatsiyalar, madaniyatlar va an’analar chorrahasi bo‘lib kelgan. “Buxoroliklar ushbu tadbirdan albatta, hayajonda va ularning bundan zavqlanib, yaxshi kun o‘tkazayotganini ko‘rib juda xursandman”, — deydi u.

“O‘zbekiston dunyodagi eng katta davlatlardan biri bo‘lib, tarixda muhim rol o‘ynagan. Biz buni unutolmaymiz. Ular tibbiyotda, astronomiyada, me’morchilikda kashshof bo‘lishgan. O‘zbekistondagi me’morchilik — bu mo‘jiza. Faqat turistlar emas, balki barcha o‘zbekistonliklar ham o‘z tarixidan o‘rganishi, uni imkon qadar asrab-avaylashi kerak. Chunki bu bizning o‘zligimiz va madaniyatimiz haqida gapiradi, biz buni hech qachon yo‘qotmasligimiz kerak”, — deydi Vael al Avar.

Eslatib o‘tamiz, birinchi Buxoro zamonaviy san’at biennalesi 20-noyabrga qadar davom etadi.

Mirolim Isajonov
Muallif va fotosuratchi
Mirolim Isajonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Foto: “Qalblar dardiga darmon” — birinchi Buxoro biennalesidan reportaj — Toshkent Afishasi