Buxorodagi “Shirin” va “Qo‘rg‘on” turizm hududlari sayyohlarni qanday jalb qilmoqda?

E’lon qilingan sana· 222
Buxorodagi “Shirin” va “Qo‘rg‘on” turizm hududlari sayyohlarni qanday jalb qilmoqda?

Turistlar oqimini oshirish maqsadida O‘zbekistonning chekka nuqtalarida ham turizm sohasini rivojlantirishga katta ahamiyat qaratilyapti. Xususan, turizm salohiyati yuqori hududlarga “turizm qishlog‘i”, “turizm mahallasi” maqomi berilmoqda.

Afisha.uz Buxoro viloyatidagi “Shirin” etnoturizm qishlog‘i va “Qo‘rg‘on” turizm mahallasini yaqindan tanishtirishga qaror qildi. Xo‘sh, xorijlik sayyohlar bu ikki hududga nega bormoqda, ularni qanday jihatlar qiziqtiryapti? Shu kabi savollarga birgalikda javob izlaymiz.


“Shirin” etnoturizm qishlog‘i

Vobkent tumani markazidan 8 kilometr uzoqlikda joylashgan Shirin qishlog‘ida 3 ming 200 nafar aholi istiqomat qiladi. Hudud o‘ziga xosligi, tarixiy an’ana va qadriyatlari, mahalliy urf-odatlari bilan etnoturizm qishlog‘i sifatida nom qozongan. Qishloqda sho‘rdanak bilan birga quruq mevalar, milliy shirinliklar, poliz ekinlari va hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash avloddan avlodga o‘tib kelayotgan meros sanaladi.

“Qishlog‘imiz odamlari chorvachilik, parrandachilik orqali daromad topadi. Ammo aholining katta qismi sho‘rdanakchilik bilan shug‘ullanadi. Har bir xonadonda danak chaqadigan maydonchalar bo‘lib, ular yillar davomida saqlab kelinadi. Bu ham turistlarga juda qiziq jarayon tuyuladi va zavq bag‘ishlaydi. Milliy taomlar, sho‘rdanak, qurut tayyorlash uslubi, qishloq hayotini aks ettiruvchi qadimiy buyum va osori-atiqalar muzeyi va milliy hunurmandchilik burchaklari ham sayyohlar oqimini oshishiga katta ahamiyatga ega”, — deydi “Shirin” MFY xotin-qizlar mutaxassisi Ruqiya Boboyeva.

“Hududimizda Shirin etno house markazi ham faoliyat yuritadi. U yerda qadimiy tegirmonda makkajo‘xori va bug‘doy uni tortish jarayoni, tandirda non, somsa va boshqa yeguliklar yopish, mevali bog‘ va tokzor uzumzor barpo qilish, alohida o‘tovlar tikib tayyorlash, chorvachilik tarmog‘idagi ishlarni ko‘rgazmali tashkil etish, mevalarni quritish va qadoqlash jarayoni, jun yigirish va jun mahsulotlarini tayyorlashgacha bo‘lgan jarayonga doir mahorat saboqlarini berish yo‘lga qo‘yilgan”, — deydi u.

Hozirda hududdagi 6 ta o‘tov, 1 ta oilaviy mehmon uyi turistlarga xizmat ko‘rsatmoqda.

“Shirin"ga „entoturizm qishlog‘i“ maqomi berilgach, yo‘llarimiz asfalt bo‘ldi, piyodalar yo‘lakchalari tashkil etildi, tungi chiroqlar o‘rnatildi. Qisqasi, nafat fuqarolar, balki sayyohlar uchun ham sharoitlar yaratilmoqda. Qishlog‘imizga Fransiya, Malayziya, Shveysariya, Germanidan ko‘proq mehmon keladi. Ularning sonini oshirishga qattiq ahamiyat qaratib, turli loyihalarni amalga oshirish arafasida turibmiz”, — deydi Ruqiya Boboyeva.

“Shirin” mahallasini borib ko‘rish istagida bo‘lganlar (+998) 91−244−0776 telefon raqami orqali qo‘shimcha ma’lumot olishlari va ekskursiyaga yozilishlari mumkin.


“Qo‘rg‘on” turizm mahallasi

G‘ijduvon tumani markazida joylashgan “Qo‘rg‘on” mahallasi oxirgi yillarda xorijiy va mahalliy turistlarning gavjum sayohat manzillaridan biriga aylanib ulgurdi. Ushbu hududda 511 ta xonadon bo‘lib, 3 ming nafar odam yashaydi. Aholining aksariyat qismi hunarmandchilik ortidan tirikchilik qiladi.

Mahalla raisi Oyniso Sharipovaning so‘zlariga ko‘ra, “Qo‘rg‘on"dagi o‘nlab tarixiy, moddiy va madaniy meros inshootlar hamisha sayyohlarda qiziqish uyg‘otib, o‘ziga jalb qilib kelgan. Jumladan, hududda sakkizta kichikina tor ko‘cha mavjud bo‘lib, 21 ta qadimiy uy asl holicha saqlab qolingan. Shuningdek, Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy ziyoratgohi, XIX asrga oid “Bozori qaymoq”, “Boloyi qassobon”, “Boborahimboy” kabi 5 ta masjid hamda XVI asrda Mirzo Ulug‘bek qurdirgan eski tosh hammom ham joylashgan.

“Mahallamizdagi 400 ga yaqin xonadonda yuzlab novvoy, qandolatchi-holvapazlar, qassoblar, qo‘li gul hunarmandlar, savdogar tijoratchilar yashaydi. Ajdodlar hunarini davom ettirib kelayotgan sulolalar vakillari ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ular tomonidan yaratilayotgan har xil mahsulotlar sayyohlar uchun juda qiziq”, — deydi u.

Uning qayd etishicha, bugungi kunda mahalladagi 9 ta oilaviy mehmon uyi va o‘ndan ortiq hunarmand xonadonlari sayyohlar bilan doim gavjum. 12 ta mehmon uyi esa ish boshlash arafasida.

“Kelgan turistga faqat masjidlar va hunarmandchilik ishlarini ko‘rsatmaymizku. Shu sababli gastronomik ko‘cha ham tashkil qildik. O‘nlab xonadon vakillari unutilib ketgan turli milliy taomlar, pishiriqlarni tayyorlab, sayyohlarga sotishni yo‘lga qo‘ygan. „Bozori qaymoq“ masjidi oldida esa mehmonlarga qulaylik yaratish maqsadida milliy uslubdagi 2 ta ayvon tashkil etilgan. Bu ham kelgan mehmonlarni o‘ziga jalb qilyapti”, — deya qo‘shimcha qildi Oyniso Sharipova.

Ta’kidlanishicha, 2024-yilning noyabrida “Qo‘rg‘on"ga “turizm mahallasi” maqomi berildi.

“Oldin faqat mahalliy turistlar kelardi. „Turizm mahallasi“ maqomi berilganidan keyin sayyohlar soni sezilarli oshdi. Germaniya, Kanada, Yaponiya, Hindiston, Polshadan mehmonlar tashrif buyuryapti. 20-mart kuni Nyu Yorkdan 20 nafar chet elllik turist kelib, biz bilan birga sumalak tayyorladi. Mart oyining o‘zida 200 nafarga yaqin chet ellik mehmon keldi”, — deydi MFY raisi.

U sayyohlar sonini oshirish maqsadida bir qancha loyihalarni amalga oshirishga hozirlik ko‘rilayotgani haqida gapirarkan, “G‘ijduvon Qo‘rg‘oni” maqom va folklor jamoalari maktabini qayta tashkil etish, hududdagi Arabon, Shayx Tojiddin va Shokirobod ko‘chalaridagi saqlanib qolgan 7 ta tosh quduqni qayta rekonstruksiya qilish rejalashtirilganini ta’kidladi.

“Qoʻrgʻon” turizm mahallasi yonida Buxoro 7 pirining birinchisi Abduholiq Gʻijdivoniy ziyoratgohi joylashgan. Bundan tashqari, Oʻzbekistonda mashhur Gʻijduvon kaboblari pishiriladigan oshxonalar ham faoliyat yuritadi.

“Qolaversa, hunarmandlar markazi va kechki bozor faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Shu orqali sayyohlarni jalb qilamiz, ular bir necha kun bizning mahallada qolsin, yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lsin”, — deydi u.

“Qo‘rg‘on” mahallasini borib ko‘rishni istaganlar qo‘shimcha ma’lumot olishlari va ekskursiyaga yozilishlari mumkin: (+998) 91- 844−4383.

Material Turizm qoʻmitasi koʻmagida tayyorlandi.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling