“Bembilar mamlakati”: Buxorodagi “Jayron” pitomnigi haqida

Qizilqum choʻlining janubiy etaklarida bir makon borki, u yerda vaqt sukunat ichida oqadi. Shahar shovqinlari eshitilmaydi, beton devorlar koʻrinmaydi, balki tabiat sozi: qushlar sayrashi va shamolning qumlar ustidagi shivir-shiviri quloqqa chalinadi. Eng ajoyibi — yugurib oʻtgan jayron izlari koʻzga tashlanadi. Bu — Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi.
1976-yili tashkil etilgan “Jayron” pitomnigi Oʻzbekistondagi ilk qoʻriqxonalardan biri boʻlib, uning umumiy maydoni 16 522 gektarni tashkil qiladi. Bu yerda nafaqat jayronlar, balki prjevalskiy otlari, yoʻrgʻa tuvaloqlar, turkman qulonlari, Buxoro togʻ qoʻylari va hatto, Buxoro bugʻusi kabi yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan jonivorlar bor. Ular yarim erkin sharoitda boqiladi, koʻpaytiriladi va soʻngra ochiq tabiatga qoʻyib yuboriladi hamda hayvonot bogʻlariga beriladi.
Pitomnikka borish yoʻlida siz bir narsani his qilasiz — sokinlik. Mashina yoʻlidan oʻtgach, tabiiy landshaft keskin oʻzgaradi: tuproq qizgʻish tusga kiradi, oʻsimliklar siyraklashadi, havo esa tozalanib boradi.
Pitomnikda nimalarni koʻrsa boʻladi?
2024-yil oktyabr holatiga koʻra, bu yerda maxsus koʻpaytiriladigan 816 bosh jayron, 76 bosh ta turkman quloni, 21 bosh prjevalskiy oti, 28 bosh Buxoro togʻ qoʻyi va 1 bosh Buxoro bugʻusi bor. Ular biostansiyaning ixcham, lekin xavfsiz toʻsiqlar ichida erkin harakatlanish imkoniga ega.
Unda yana saksovulzorlar, toʻqaylar, tuzli botqoq va koʻlllar mavjud. Pitomnikda qushlarning 250 dan ortiq, sudralib yuruvchilarning 18 dan ortiq, baliqlarning 15 ga yaqin va oʻsimliklarning 250 dan ortiq turi uchraydi.
Pitomnik ilmiy xodimi Poʻlat Toshevning aytishicha, shulardan 57 tasi noyob, Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan turdagi jonivorlar hisoblanadi.
Nomi nima uchun “Jayron”?
Bu pitomnikning nomi “Jayron” deb atalishi bejiz emas. Jayronlar — Oʻrta Osiyoning timsoli, yugurishda toʻxtovsiz, ziyrak va jozibali hayvonlar. Ular nafaqat biologik, balki madaniy ahamiyatga ham ega. Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi, rassomchiligi va hunarmandchiligiga nazar tashlar ekansiz, goʻzallik va ozodlik ramzi sifatida jayronlar namoyon boʻlishini koʻrasiz. Hatto, fotograflar uchun ham bu jonzotlarni suratga tushirish eng murakkab, biroq eng zavqli lahzadir. Ular kameradan qoʻrqmaydi, balki sizni kuzatadi — odamzod va tabiat oʻrtasidagi aloqa shu yerda qayta tiklangandek boʻladi, goʻyo.
Pitomnikdagi mingdan ortiq jayronlar uyur-uyur boʻlib yuradi. Ularning bir-biri bilan munosabati, harakatlari va koʻpayish jarayonlari jiddiy kuzatuv ostida. Har bir yangi tugʻilgan jayron alohida roʻyxatga olinadi. Bu yerdagi asosiy maqsad ularning tabiiy muhitda koʻpayishini taʼminlash va kelajakda yovvoyi tabiatga qaytarishdir.
U yerda nimalar qilish mumkin?
Soʻnggi yillarda “Jayron"da ekoturizm yoʻnalishlari faol rivojlantirilmoqda. Bu nafaqat mahalliy, balki xorijiy mehmonlar uchun ham qiziqarli yoʻnalishga aylangan.
Tashrif buyuruvchilarga hayvonlar hayoti bilan yaqindan tanishish, tabiiy muhitda kuzatuv olib borish va 20 kishilik mehmonxonada tunash imkoni yaratilgan. Qolaversa, unda:
- gid bilan piyoda yoki avtomobilda ekskursiya qilish;
- kuzatuv minorasidan hayvonlarni tomosha qilish
- avtomobil tunda sayrga chiqish;
- jayronlar oralab yurish, ularni oziqlantirish;
- quyosh chiqishi va botishida tabiatni kuzatish;
- tabiat bagʻrida, ochiq sahro va osmon ostida piknik qilish;
- Instagram uchun turli xil story va reels olish, fotosessiya oʻtkazish mumkin.
Kirish qancha?
1 kishi uchun — 18 750 soʻm (bazaviy hisoblash miqdorining 5 foizi). Talabalar va oʻquvchilarga 50 foiz chegirma beriladi.
Qolaversa, ekologik turizmni amalga oshirish uchun bir qancha ekomarshrut ishlab chiqilgan boʻlib, ularga qoʻshimcha xizmatlar evaziga narx belgilanadi.
Qanday boriladi va qaysi payt yaxshi?
“Jayron” pitomnigi qurgʻoqchil zonada joylashgan boʻlib, keskin kontinental iqlimi bilan ajralib turadi. Havo harorati yozda + 43, +54 darajaga, qishda esa -16, -28 darajaga tushishi mumkin. Jarima yoki izgʻirinda qolib ketishni istamasangiz, pitomnikka hozir — bahor oylarida borish qulay.
U Buxoro shahridan 42 km, Kogon shahridan 25 km, Qorovulbozor tumanidan 15 km uzoqlikda Buxoro tumanida joylashgan. Unga yengil mashinalar yoki avtobuslarda yetib olish mumkin.
Bugungi global iqlim oʻzgarishi, urbanizatsiya va ekologik inqirozlar fonida “Jayron” kabi joylar nafaqat hayvonlar, balki insonlar uchun ham muhim ahamiyatga ega. Bu joyda inson oʻzini mehmon deb emas, balki tabiatning bir boʻlagi sifatida his qiladi. Buxoroga safar reja qilgan boʻlsangiz, unga “Jayron"ni ham kiritishni unutmang.
Material Turizm qoʻmitasi koʻmagida tayyorlandi.
