Buxoro cho‘lidagi yashil go‘sha — Varnet botanika bog‘i

E’lon qilingan sana· 3 329
Buxoro cho‘lidagi yashil go‘sha  — Varnet botanika bog‘i

Buxoro — asrlar davomida madaniyat, turizm va ilm-ma'rifat markazi bo‘lib kelgan makon. Biroq u cho‘l hududidaligiga qaramay, unda tabiatning mo‘jizalarini ham ko‘rish mumkin. Agar siz shahar shovqin-suronidan biroz uzoqlashib, tabiat qo‘ynida hordiq chiqarishni istasangiz, Buxoro markazidan 10−15 km uzoqlikdagi Varnet botanika bog‘i aynan siz uchun.

O‘zbekiston va Turkiya hamkorligida tashkil etilgan majmua nafaqat noyob o‘simliklari, balki yilning istalgan vaqtida go‘zal muhiti bilan ham mahalliy, ham xorijiy sayyohlarni jalb qilib kelmoqda. U kuniga 2 ming kishini qabul qilish imkoniga ega. Bog‘da 10 mingdan ortiq turdagi o‘simliklar, daraxtlar, gullar va landshaft dizayni orqali yaratilgan zonalar mavjud. Uni aylanib chiqarkansiz, Buxoro kabi quruq va issiq shaharda mana shunday yashil maskanlarni yaratish mumkinligidan hayron qolasiz.

Bu bog‘ning O‘zbekistondagi boshqa bog‘lardan farqi — yopiq holdaligi, ya’ni to‘rt faslda ham bir hil ko‘rinishda, ichidagi mo‘tadil havo harvaqt bir hil saqlanadi. O‘simliklarning ko‘pligi hamda namlik hisobiga kislorod ham ko‘p. Bog‘ning qaysi burchagida bo‘lmang, har yeri Instagram uchun kontentbop.

Varnetda qushlarning 4−5 xili, baliqlarning 5−6 xili, 50 xil turdagi gullar, ko‘chatlar, tropik mevalar, xususan, papaya, aroniya, avokado, banan kabilar yetishtiriladi. Ayniqsa, tovuslarning odamlar oralab bamaylihotir harakatlanishi kishi ko‘zini quvontiradi. Ular tashrif buyuruvchilardan qo‘rqmaydi, qaytanga, o‘rganib qolgan. Faqat jonivorlarni oziqlantirmaslik kerak, xolos.

Bog‘da nimalar qilish mumkin?

“Jannat mevasi” — papayadan ta’tib ko‘ring

Odamlarni bu yerga kelishga undovchi faktlardan biri papaya mevasining yetishtirilishidir. Ayrim manbalarda u “jannat mevasi” deb ham nomlanadi. Papaya tarkibida ko‘plab vitaminlar, minerallar va hazm qilishga foydali fermentlar jamlaydi. Tashrif buyuruvchilar bog‘da pishgan papayadan yeb ko‘rishlari, sotib olishlari va uning parvarishlanish jarayoni bilan tanishishlari mumkin.

Turk shirinliklarini arzon narxlarda

Varnet botanika bog‘ida nafaqat tabiatdan bahramand bo‘lish, balki o‘ziga xos gastronomik sayohat qilish ham mumkin. Bu yerda turk milliy taomlari va shirinliklari maxsus retseptlar asosida tayyorlanadi. Eng qiziq jihati — ularning narxlari viloyat markaziga nisbatan ancha hamyonbop. Siz issiqqina turkcha nonushtalar, holva, baklava, lokum kabi desertlarni tatib ko‘rishingiz mumkin.

Shu bilan birga, turklarning mashhur choyi ham tortiq etiladi.

Bolalar maydonchasi va konsertlar

Agar siz bolalar bilan kelsangiz, ular uchun ham o‘yingohlar tashkil qilingan. Shuningdek, bog‘dagi 200 kishiga mo‘ljallangan zalda davomiy konsert-shou dasturlari o‘tkazilib kelinadi.

Gullar xarid qiling

Botanika bog‘ida rang-barang gul ko‘chatlari sotiladigan alohida zona ham mavjud. Siz u yerda turli xil gullarni arzon narxlarda xarid qilib olib ketishingiz mumkin.

Bog‘ga kirish qancha?

  • nogironligi bo‘lgan shaxslar va 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun — bepul;
  • 5 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun — 10 ming so‘m;
  • mahalliy aholi uchun — 20 ming so‘m;
  • xorijiy sayyohlar uchun — 50 ming so‘m.

Bolalar aravachasi yoki nogironligi bo‘lgan shaxslar, qariyalar uchun maxsus aravachalar bepul taqdim etiladi.

Ish vaqti

Dam olish kunlarisiz soat 08:00 dan 22:00 gacha.

Agar siz Buxoroda an’anaviy sayyohlik yo‘nalishlaridan tashqari, zamonaviy ekologik maskanni ham kashf qilmoqchi bo‘lsangiz, Varnet botanika bog‘iga tashrif buyurishni unutmang. U sizni kutmoqda.

Material Turizm qoʻmitasi koʻmagida tayyorlandi.

Shohruh Haydarov
Muallif
Shohruh Haydarov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling