“Biz Samarqandning yuzimiz”: 5 tilda gaplashadigan turizm politsiyasi bilan intervyu

E’lon qilingan sana· 640
“Biz Samarqandning yuzimiz”: 5 tilda gaplashadigan turizm politsiyasi bilan intervyu

O‘zbekistonni xavfsiz turizm mamlakatiga aylantirish yo‘lida 2019-yili Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida turizm politsiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi. Ko‘pchilik bunday xodimlar haqida eshitgan, ayrimlar ularni tarixiy maskanlarda shunchaki ko‘rgan yoki ba’zilarning muammosi turizm politsiyasi ko‘magi bilan ijobiy hal etilgan bo‘lishi shubhasiz.

Ammo barcha ham ularning qanday vazifalar bajarishi, qay holatlarda murojaat qilish kerakligi to‘g‘risida ma’lumotga ega emas. Afisha.uz muxbiri ko‘pchilikni qiziqtirgan savollarga javob topish maqsadida Samarqand viloyati IIB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi jamoat tartibini saqlash guruhi katta inspektori, kapitan Gulandom Salimova bilan suhbatlashdi.

Ma’lumot uchun:

Samarqand viloyati IIBning ma’lum qilishicha, bugungi kunda viloyatda 58 nafar turizm politsiyasi faoliyat yuritmoqda, shundan, 9 nafari ayol xodimni tashkil etadi. Ular Samarqand shahridagi 11 ta tarixiy obida, temir yo‘l vokzali, aeroport va Buyuk ipak yo‘li turizm markazida xizmat olib boradi.

Gulandom, ichki ishlar sohasiga kirib kelishingizga kim yoki qanday holat turtki bo‘lgan?

— Dadam rahmatli uzoq yillar ichki ishlar tizimida ishlagan. Kichkinaligimdan ularning egnidagi formasiga havas qilib, shu kasbni tanlash va forma kiyishni orzu qilardim. Ammo otam bu tanlovimga jiddiy qarshilik ko‘rsatib, “Bizning sohada ishlash ayol kishi uchun qiyin, ham oila, ham karyerani birdek olib keta olmaysan, vaqti kelib kim yoki nima uchundir joningni fido qilishga to‘g‘ri keladi”, degan gaplarni ko‘p ta’kidlardi. Ichki ishlar akademiyasi yoki yuridika yo‘nalishida tahsil olishimga ham doim e’tiroz bildirardi. Shu sababli Samarqand davlat chet tillar institutining koreys tili filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirishga majbur bo‘lganman.

Oliy ta’lim muassasasini bitirgan yilim ijtimoiy tarmoqlarda viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan turizm politsiyalari shtati uchun e’lon qilingan tanlovga ko‘zim tushib qoldi. Nomzodlarga qo‘yiladigan talablar bilan tanishib chiqqanimda, eng asosiysi, xorijiy tillarni bilish shart ekan. Men u paytda rus, ingliz va koreys tillarida erkin so‘zlasha olardim. O‘zimga nisbatan ishonchim balandligi va shu sohada ishlashni orzu qilganim uchun hech ikkilanmay hujjat topshirdim. O‘sha yili 60 dan ziyod nomzod ichidan 4 kishigina ishga qabul qilinganmiz. Shu tariqa taqdir taqozosi bilan 2019-yili baribir ham ichki ishlar sohasiga kirib keldim.

Turizm politsiyasi nima uchun kerak? Sizlarga qanday holatlarda murojaat qilish mumkin?

— Hech kimga sir emas, Samarqand qaynoq turizm markazi sifatida butun dunyoga tanilgan. Bu azim shaharga har yili millionlab xorijiy va mahalliy turistlar tashrif buyuradi. Chet eldan keluvchi sayyohlar oqimi yildan yilga ko‘paymoqda. Ular boshqa mamlakatga borishdan oldin o‘zining xavfsizligi qanchalik ta’minlanganiga albatta, qiziqadi. “Kelishimizdan avval internet orqali Samarqand tarixi, turistlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda turizm politsiyalari haqida ma’lumotlar oldik. Shuning uchun qo‘rqmay, shu yerga otlandik”, degan fikrlarni ko‘p aytishadi. Ya’ni bizga ishonib, tur firmalarga murojaat qilmay, yolg‘iz keluvchi sayyohlar soni ham ortmoqda.

Bizning asosiy vazifamiz turistik obyektlar va ularga tutash hududlarda sayyohlar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishdan iborat. Nafaqat xorijdan kelgan, balki mahalliy turistlarning ham xavfsizligini ta’minlab, ularga huquqiy va tibbiy yordam ko‘rsatamiz. Misol uchun, biror-bir sayyohning tobi qochsa, unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, shifoxona yoki mehmonxonaga yetkazish, adashib qolgan sayyohlarni ular izlayotgan manzilga kuzatib qo‘yish ham xizmat vazifamizga kiradi. Biz har 2−3-yilda bir marta birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan o‘qitilamiz, ko‘nikma va bilimlarimizni oshiramiz.

Hozirgi kunda Samarqand shahrida Amir Temur maqbarasi, Registon majmuasi, Bibixonim jome masjidi, Shohi Zinda, Mirzo Ulug‘bek observatoriyasi, Afrosiyob muzeyi kabi 11 ta tarixiy obyektlar bor. Ularning har birida turizm politsiyalari faoliyat olib boradi. Biz har chorakda o‘z obyektimizni o‘zgartiramiz. Masalan, o‘tgan safar Registon maydonida xizmat olib borgan bo‘lsam, ayni paytda Bibixonim jome masjidi hududida ishlayapman. Har bir obyektning ko‘zga tashlanib turadigan qismida ofislarimiz bor, ularga ikki nafardan xodim biriktirilgan. Kun davomida ofis va uning hududda yuramiz. Ofisga, shu atrofdagi mahalla va do‘konlarga navbatchilik qismi raqami, qisqa ishonch telefonlari yozib qo‘yilgan. Ular orqali biz bilan bog‘lanish mumkin.

Turizm politsiyasi qanday jihatlarga ega bo‘lishi kerak, talablar mavjudmi?

— Birinchi navbatda xorijiy tillarni bilishi zarur. Yuqorida aytganimdek, bu tizimda ish boshlashimdan oldin rus, ingliz va koreys tillarini yaxshi bilardim. Ishga kirgach, turk tilini o‘rgandim va hozirda turkchada ham bemalol gaplasha olaman. Yaqinda xitoy tilini o‘rganishni boshladim. Chunki Xitoydan kelayotgan sayyohlar soni ham ko‘payib boryapti. Turizm politsiyasi ko‘p til bilishi va zamon bilan hamnafas bo‘lishini ish jarayonining o‘zi talab qiladi, bu tabiiy holat. Bundan tashqari, nomzodning ruhan sog‘lomligi ham juda muhim. Odamlar bilan tez muloqotga kirib keta olish ham katta foyda beradi.

Faoliyatingiz davomida turistlar bilan bog‘liq qanday qiziqarli voqealar bo‘lgan?

— Bizga har kuni sayyohlardan ko‘plab murojaatlar kelib tushadi. Ayniqsa, yo‘ldan adashib qolganida, hujjatlarini yo‘qotib qo‘yganida, biror buyumini taksida unutib qoldirganida, mehmonxonasini topa olmasa va boshqa holatlarda yordam so‘rashadi. Shu sababli ular bilan bog‘liq qiziqarli holatlar ko‘p kuzatiladi.

Viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalariga xorijdan kelib o‘qiydigan talabalar juda ko‘p. Ayniqsa, Samarqand davlat tibbiyot institutida Hindiston, Pokiston, Janubiy Koreyadan kelgan talabalarni ko‘p uchratish mumkin.

Ikki yil oldin bir koreys talaba qiz sayohatga chiqqan paytida hujjatlari va telefonini o‘g‘irlatib qo‘ygan. U aynan turizm politsiyasiga murojaat qilish mumkinligidan bexabar bo‘lib, ichki ishlar bo‘limiga yordam so‘rab borgan va koreys tilini biladigan xodim kerakligini aytgan. Oradan 3−4 soat vaqt o‘tib, uning oldiga yetib borganman. Unga inglizcha emas, o‘z ona tilisi — koreyscha gapirganimdan keyin juda ham hayajonlanib, yig‘lagan. “Nahotki mening dardimni o‘z ona tilimda eshitadigan xodim topildi”, deb quchoqlab olgan. Uning yo‘qolgan narsalarini o‘sha kuniyoq topib berib, muammosini hal qilganmiz. U qiyin vaziyatdan olib chiqqanimizga minnatdorchilik bildirgan. Shu voqea ham hech esimdan chiqmaydi.

Qanday holatlarda ichki ishlar tizimida ishlayotganingizdan afsuslanasiz?

— Menda hech afsuslanish bo‘lmagan. Inson o‘zi qiziqqan sohada ishlashi kerak, degan fikrdaman. Agar o‘zi qiziqmagan kasbda ishlasa, u hech qanday yutuqqa erishmaydi, shaxsiy rivojlanmaydi. Hozir ham “Ayol kishiga forma kiyib yurish yarashmaydi, oilasiga vaqt ajratmaydi, ayolning o‘rni uyda”, degan gaplarni ko‘p eshitaman. Lekin ham oilani, ham karyeramni birdek olib ketishga harakat qilaman. Chunki ichki ishlarda xizmat olib borish bolalikdagi orzum. O‘zimni boshqa sohada tasavvur qilishim qiyin. Shuningdek, onam doimo yonimda tirgak bo‘lib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlab turadi. Shu sabab ham qiyinchiliklar deyarli sezilmaydi.

Sizningcha, turizm politsiyasi bu…

— … mamlakatning yuzi. Har bir turist sayohatga borgan davlatida o‘zini tilida gapiradigan, unga bemalol yordam beradigan insonni uchratsa, o‘z yurtida yurgandek erkin his qiladi. Bizning muomalamiz, hatti-harakatimiz orqali Samarqandning boshqa aholisiga ham baho berishadi. Shu sababli turizm politsiyalarini o‘z davlatining yuzi, tashrif qog‘ozi, deb hisoblayman.

Material Turizm qoʻmitasi koʻmagida tayyorlandi.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling