Gid bilan Buxoro boʻylab sayr: foto uchun lokatsiyalar, oshi sofi va yangi manzillar

E’lon qilingan sana· 195
Gid bilan Buxoro boʻylab sayr: foto uchun lokatsiyalar, oshi sofi va yangi manzillar

Buxoroda faoliyat olib boruvchi gid Madina Tosheva bilan tayyorlagan materialimizda biz Buxoro va undagi tarixiy yodgorlik haqidagi afsonalarga toʻxtalib oʻtgan edik.

Ushbu maqolamizda esa, gid tomonidan tuzib berilgan “Sayohat rejasi"ni taqdim etamiz.

Shaharga birinchi marta kelgan odam qaysi marshrut boʻylab sayr qilishi kerak?

Agar siz Buxoroga birinchi marta kelayotgan boʻlsangiz, buxorolik gid sifatida Madina Tosheva shaharning tarixiy muhitini toʻliq his qilish uchun quyidagi marshrut boʻyicha sayr qilishingizni tavsiya qiladi:

Ark qalʼasi (sayohat vaqti: 1 soat)

Sayyohatni Buxoroning eng qadimiy inshootlaridan biri — Ark qalʼasidan boshlang. Bu yerda shaharning tarixiy boshqaruv markazi boʻlgan va u yerda amirlar hukmronlik qilgan. Arkning devorlarida asrlardan qolgan tarixiy sirlar va afsonalar yozilgan.

Poi Kalon majmuasi (sayohat vaqti: 1,5 soat)

Kalon minorasi, Kalon masjidi va Mir Arab madrasasi Buxoroning eng muhim meʼmoriy yodgorliklaridan hisoblanadi. Bu yerda tarix va maʼnaviyat uygʻunlashib, shaharning haqiqiy ruhini his qilish mumkin.

Labi hovuz (sayohat vaqti: 1 soat)

Bu joy Buxoroning eng romantik maskanlaridan biri. Hovuz atrofida tarixiy Devonbegi madrasasi va xonaqohi, shuningdek, mashhur Xoʻja Nasriddin haykali joylashgan. Bu yerda suhbat qurib, sharqona muhitni his qilish uchun ajoyib sharoit bor.

Gumbazli bozorlar (sayohat vaqti: 1,5 soat)

Bu yerda hunarmandlar mahsulotlari, anʼanaviy zargarlik buyumlari, atirgul moyi, ipak matolar va boshqa noyob suvenirlarni xarid qilishingiz mumkin.

Chor minor madrasasi (sayohat vaqti: 30 daqiqa)

Buxoroning eng noyob inshootlaridan biri boʻlgan Chor Minor madrasasi toʻrtta simmetrik minorasi bilan ajralib turadi. Bu inshoot Hindiston, Eron va Markaziy Osiyo meʼmorchiligining uygʻunlashgan namunalaridan biri.


Qoʻshimcha tavsiyalar:

Mazali taomlar — Labi Hovuzdagi anʼanaviy oshxonalarda Buxoro palovini tatib koʻring (quyidagi boʻlim shu haqda).

Kechqurungi sayr — Kalon minorasi yoritilgan paytda yana bir bor u yerga tashrif buyurng

Suratga tushish uchun eng yaxshi joylar — Ark qalʼasi devorlari, Kalon maydoni va Chor Minor oldi.

Turistlar izlab keladigan oshi sofi

Gidning aytishicha, oxirgi 7−8 yil ichida Yevropa mamlakatlari, xususan Italiya, Frantsiya, Germaniya, Ispaniyadan, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya va AQShdan tashrif buyuruvchi sayyohlar soni sezilarli darajada oshgan. Shu bilan birga, arab davlatlaridan, jumladan, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va Kuvaytdan, qolaversa, Malayziyadan ham guruh-guruh mehmonlar soni koʻpayib bormoqda.

“Turistlarning milliy taomlarimizga qiziqshlari ham katta. Ayniqsa, oshi sofini izlab keladiganlar ham bor. Bekorga emas, chunki u qadim zamonlardan buyon juda mashhur sharkona taomlardan biri boʻlib kelgan. Baʼzi xalq va mintaqalarda oshni pishirishning turlicha usullari boʻlsa-da, aynan Buxoroda tayyorlanadigan oshi sofining taʼmi boshqacha. U Buxoro taomlari ichida alohida oʻringa ega boʻlgan anʼanaviy palov. Oshi sofining afzallik tomonlaridan biri — parhezbopligi. Shuning uchun ham „sofi“ (pok, toza) deb atalgan”, — deydi gid Madina Tosheva.

Bugungi kunda ushbu palov Buxoroda ayrim anʼanaviy oshxonalarda va mahalliy uylarda tayyorlanadi. Ayniqsa, Labi Hovuz atrofidagi oshxonalar va mahalliy bozorlarda uni koʻproq topish mumkin.

Sayohat uchun yangi manzillar

“Buxoro shahridan biroz uzoqroqda joylashgan tumanlarimizda juda koʻp sayyohlik markazlari ochilmoqda. Misol uchun, Oʻzbekiston va Turkiya hamkorligida ochilgan Varnet ekoturizm markazi, Vobkent tumanidagi Shirin turizm qishlogʻi, Gʻijduvon tumanidagi Yangiqoʻrgʻon turizm mahallasi va boshqa etnohauslar Buxoroning yangi sayohlik yoʻnalishlari sifatida tanilmoqda.

Bir kecha-kunduz Buxoroning istalgan tarixiy joyida qolish taklifi boʻlsa, qayerda qolish kerak?

“Buxoroning har bir nuqtasida oʻziga hos muhit bor. Menga qolsa, bir kechamni Magoki Attoriy masjidida oʻtkazardim. Har safar eng qadimiy, koʻrkam va jozibali mazkur obyektga borganimda va uning tarixi haqida soʻzlaganimda oʻziga hos hayajon tuyaman. “Magok” — “er ostida” va “Attoriy” — “attorlar, dorishunoslar” soʻzlaridan kelib chiqqan. Chunki u ilgari dorivor oʻsimliklar va xushboʻy attorlik maxsulotlari savdosi oʻtkaziladigan joy boʻlgan.

Bugungi kunda Magoki Attoriy masjidi Buxoro meʼmorchilik yodgorliklarining ajralmas qismi boʻlib, boʻlajak sayyohlar uchun tarixiy va madaniy ahamiyatga ega joylardan biri hisoblanadi", — deydi Madina Tosheva.

Gid tavsiya qiladi: Buxoroda borish kerak boʻlgan TOP 5 manzil

  • Chor bakr majmuasi;
  • Somoniylar maqbarasi;
  • Chor minor madrasasi;
  • Sitorai Mohihosa saroyi;
  • Bahouddin Naqshband memorial kompleksi.

Umuman olganda, Buxoroning har bir koʻchasi, har bir goʻshasi oʻziga xos tarixiy yodgorlikdir. Bu yerga kelgan har bir kishi goʻyoki oʻtmishga sayohat qilgandek boʻladi. Siz ham bu imkoniyatdan quruq qolmang, sayohat qiling, Buxoroga!

Material Turizm qoʻmitasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Shohruh Haydarov
Muallif
Shohruh Haydarov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling