Buxoroning uch afsonasi – Madina Tosheva bilan suhbat

Har bir shaharning oʻz tarixi, vaybi va albatta, asrlar osha saqlanib qolgan sir-sinoatlari bor. Ularni faqat tarixchi olimlar yoki muzey xodimlarigina emas, balki shahar koʻchalarini, qadimiy binolarini va yashirin burchaklarini yaxshi bilgan gidlar ham ochib bera oladi.
Afisha.uz ana shunday buxorolik gidlardan biri — Madina Tosheva bilan suhbatlashdi hamda uning koʻzi bilan Buxoroga nazar tashlashga harakat qildi. U nafaqat shaharning mashhur tarixiy maskanlari bilan tanishtiradi, balki hamon bahsli mavzu boʻlib kelayotgan voqealar, Buxoro ramzi va uning siz bilmagan manzillari haqida soʻzlab beradi.
Buxoro — Oʻzbekistonning eng qadimiy va tarixiy shaharlaridan biri boʻlib, u ming yillar davomida Markaziy Osiyoning madaniyat, ilm-fan va savdo markazi boʻlib kelgan. Zarafshon daryosi boʻyida joylashgan bu shahar nafaqat oʻzining boy merosi, balki noyob meʼmoriy yodgorliklari, hikmatga toʻla afsonalari va musaffo muhiti bilan ham alohida ajralib turadi.
Buxoro nomi bilan bogʻliq mashhur afsona qanday kelib chiqqan?
Asli buxorolik boʻlgan va sohada 5 yildan buyon faoliyat yuritayotgan Madina Tosheva xorijiy sayyohlarga rus va ingliz tillarida ekskursiyalar olib boradi. Uning aytishicha, Buxoro qadimdan Oʻrta Osiyoning durdonasi hisoblangani bois tarixi borasida koʻplab afsonalar tarqalgan. Xususan, ulardan biri shaharning barpo etilishi bilan bogʻliq boʻlib, Eron (fors) shahzodasi Siyovush nomi bilan ataladi.
Rivoyatlarga koʻra, shahzoda Siyovush oʻz vatanida fitnalarga uchrab, Turon sarhadlariga qochib keladi. Bu yerda u podshoh Afrosiyobning mehribonligini qozonadi va hatto uning qiziga uylanadi. Bir muddat tinch-totuv hayot kechirgan Siyovushga Afrosiyobning hasadgoʻy vazirlari tuhmat qiladi va natijada shahzoda nohaq qatl etiladi.
Siyovushga sadoqatli odamlar uning sharafiga katta qalʼa qurishga qaror qilishadi. Ushbu qalʼa Buxoro shahrining asosi boʻlib qolgan. Afsonaga koʻra, shaharning “Buxoro” deb atalishi ham “Siyovush Boxar” (Siyovushning muhabbati) iborasidan kelib chiqqan.
“Bugungi kunda ham Buxoro oʻzining muazzam osori-atiqalari, tarixiy muhiti va afsonalar bilan yashovchi ruhi bilan sayyohlar va muhaqqiqlarni oʻziga maftun etib kelmoqda”, — deydi mutaxassis.
“Chingizxon yoʻq qilishga qoʻrqqan minora”
Buxorodagi Kalon minorasi nafaqat meʼmoriy muhtashamligi, balki uning atrofida aylanuvchi tarixiy voqealar bilan ham mashhur. U 1127-yilda Qoroxoniylar davrida qurilgan boʻlib, balandligi 46,5 metrni tashkil etadi. Madina Toshevaning soʻzlariga koʻra, bu minora shu qadar mustahkam va chiroyliki, hatto Chingizxon ham uni vayron qila olmagan.
Afsonaga koʻra, 1220-yili Chingizxon Buxoroni zabt etganda, shaharning deyarli barcha tarixiy binolari vayron qilingan. Ammo u Kalon minorasini koʻrib, hayratga tushgan va boshqa inshootlarni buzishni buyurgan boʻlsa-da, minoraga tegmaslikni amr qilgan. Bir rivoyatda aytilishicha, u minoraning ulkanligi va goʻzalligidan shunday taʼsirlanganki, hatto kumush togʻlardek balandlikdagi bu obidaning muqaddasligini his qilib, uni buzishdan voz kechgan.
“Shu boisdan Kalon minorasi „Chingizxon ham yoʻq qilishga qoʻrqqan minora“ degan nom bilan ham mashhur. Bugungi kunda u Buxoroning eng asosiy ramzlaridan biri boʻlib, shaharning tarixiy qudrati va boy madaniy merosini ifoda etadi”, — deydi gid.
Uning taʼkidlashicha, minorai Kalon shaxarning muhim ramzlaridan biri ham hisoblanadi.
“Asosiy funksiyasilaridan biri — unga chiqib azon aytishgan. Yana biri esa karvonlar uchun mayok vazifasini oʻtagan. Chunki azaldan Buxoro tijorat makoni markazi boʻlgani uchun karvonlar koʻp oʻtgan”, — deydi Madina Tosheva.
Buxoroning eng katta ramzi
Buxoro qadimda “Savdogarlar shahri” deb ham atalgan. Ayniqsa, eski shahar qismining yuragida joylashgan yopiq bozor gumbazlari shaharning oʻziga xos ramziga aylangan.
XVI asrda qurilgan bu bozorlar “Ipak yoʻli” savdogarlariuchun muhim toʻxtash nuqtasi boʻlgan. Ular orasida Toqi Zaragaron (Zargarlar gumbazi), Toqi Tilpakfurushon (Sarpoushlar gumbazi) va Toqi Sarrofon (Sarroflar gumbazi) kabi tarixiy bozorchalar bor.
“Har bir gumbaz oʻz nomi bilan maʼlum bir hunarmandchilik yoki savdo turini ifodalaydi. Bu yerlarda zargarlar, matofurushlar va hunarmandlar oʻz mahsulotlarini sotishgan. Gumbazlar nafaqat savdo markazi, balki Buxoroning boy tarixiy va madaniy merosini oʻzida aks ettiradigan arxitektura durdonalaridir. Bugungi kunda bu bozorlar sayyohlar uchun diqqatga sazovor joy boʻlib, shaharning qadimiy muhitini saqlab qolishga xizmat qilmoqda”, — deydi Madina Tosheva.
Hanuz bahsliligicha qolayotgan hodisa
Uning soʻzlariga koʻra, sayyohlar orasida islom dinining eng mashhur hadis olimlaridan biri, nomi butun islom dunyosida qadrlanadigan Imom Buxoriyning Buxoroda tugʻilgan boʻlsa-da, Samarqandda dafn qilingani haqidagi savol hali hanuz bahslarga sabab boʻladi. Olimlar, tarix yozuvchilari bunga qator sabablarni keltirishgan. Xususan, hadislarni yigʻish va oʻrganish yoʻlidagi safarlar, siyosiy va ijtimoiy vaziyatlar hamda shaxsiy tanlovi boʻlgani aytiladi.
Umuman, Buxoro va Samarqand oʻrtasidagi diniy va maʼnaviy aloqalar tarixdagi eng muhim mavzulardan biri boʻlib, hali ham murakkab va chuqur oʻrganiladi.
Material Turizm qoʻmitasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.
