Samarqanddagi Nukus shukuhiga ega mehmonxona – Savitsky Plaza haqida

E’lon qilingan sana· 328
Samarqanddagi Nukus shukuhiga ega mehmonxona  – Savitsky Plaza haqida

Bu mehmonxona Igor Savitskiy sharafiga nomlangan bo‘lib, Silk Road Samarkand sayyohlik markazidagi Eshkak eshish kanali bo‘ylab joylashgan. Har bir xonada balkon yoki ayvon mavjud bo‘lib, ulardan suvning go‘zal manzarasi ko‘rinadi.

Binoning shakli yarim ochiq kitobni eslatadi, xonalarning joylashuviga qarab, tongda ayvonda qahva ichib, kunning boshlanishini kutib olish yoki kechqurun quyosh botishini tomosha qilib kechki ovqatni tanovul qilish mumkin.

Savitsky Plaza mehmonxonasining ichki bezagida zamonaviy san’at asarlari va Igor Savitskiy ijodiga ishora qiluvchi elementlarni ko‘rish mumkin. U nafaqat rangtasvirga qiziqqan, balki qoraqalpoqlar hayotini o‘rganish va zamonaviy san’at asarlarini to‘plash bilan ham shug‘ullangan. Uning kolleksiyasi Nukusda tashkil etilgan badiiy muzeyning asosini tashkil etgan.

Kiraverishda sizni ulkan polotno kutib oladi, shuningdek, foye va mehmonxona xonalarida ko‘plab reproduksiyalar mavjud. Markaziy xollning 9-qavatida rasmlar ko‘rinishidagi chiroqlari bo‘lgan ulkan qandil osilgan. Har bir xonada mashhur asarlarning nusxalari, avangard uslubidagi gilamlar va mebellar o‘rin olgan.

Bu yerda 175 ta xona, 27 ta lyuks nomer, “Xmelnov” restorani, bar va hatto shaxsiy pivopishirish sexi mavjud. Kechqurun barga oldindan joy band qilish tavsiya etiladi — kraft ichimliklarini tatib ko‘rish uchun poytaxtdan ham mehmonlar tashrif buyurishadi.

Ertalab soat 7 dan boshlab restoranda mehmonlarga turli taomlardan iborat yevropacha nonushta taqdim etiladi.

Booking.com saytida mehmonxonaning reytingi 10 balldan 9,4 ni tashkil etadi va u Samarqanddagi eng yaxshi 10 ta mehmonxona ro‘yxatiga kiradi.

Material Turizm qoʻmitasi koʻmagida tayyorlandi.