O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylari: Savitskiy muzeyi yoki "Qoraqalpoq Luvri"da nimalarni tomosha qilsa bo‘ladi?

E’lon qilingan sana· 1 540
O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylari: Savitskiy muzeyi yoki "Qoraqalpoq Luvri"da nimalarni tomosha qilsa bo‘ladi?

Savitskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston sanʼat muzeyi Qoraqalpogʻistonning eng jozibali joyi hisoblanadi. U Xorazm arxeologik-etnografik ekspeditsiyasining tarkibida Qoraqalpoqistonga ilk bor kelgan, uning asoschisi va birinchi direktori — I.V.Savitskiy nomi bilan atalgan.

Muzeyning oʻziga xosligi shundaki, uning asoschisi Igor Savitskiy “barcha qarashlar va qoliplardan” voz kechib, oʻsha davrda hech narsaga oʻxshamaydigan muzey yaratgan.

Xalq-amaliy sanʼati buyumlarini toʻplagan Savitskiy, butun umrga Qoraqalpogʻistonga “oshiq” boʻlib qoldi. Uning tashabbusi bilan 1966-yilda Sanʼat muzeyi tashkil etilib, ushbu muzeyga Savitskiy umrining ohirigacha yangi durdona asarlarni izlagan va topgan. Savitskiy, vafotidan soʻng, 2002-yilda Oʻzbekiston Respublikasi birinchi prezidenti I.Karimov tomonidan “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

I.V.Savitskiy o‘rtada. Foto: karakalpakstan.travel

Muzey Nukus shahrining markazida joylashgan. Uning kolleksiyasida 100 000 ga yaqin eksponat mavjud. Koʻrgazmalar uchta asosiy boʻlimlar: tasviriy, Qoraqalpogʻiston xalq-amaliy sanʼati va Qadimgi Xorazm sanʼatidan iborat. Muzeyda 100 000 ga yaqin XIX-XX asrlarga tegishli xalq-amaliy sanʼati buyumlari saqlanadi. Bular: uy roʻzgʻor buyumlari, gilam mahsulotlari, ot anjomlari, yogʻoch mahsulotlari, milliy kiyimlar va zargarlik buyumalari, shuningdek, qoraqalpoqlarning mashhur milliy bosh kiyimlari (tobelik va saukele)lardir.

Bundan tashqari, muzeyda qoraqalpoqlar, oʻzbeklar, qozoqlar, turkmanlarning zargarlik buyumlari keng namoyish etilgan.

Tasviriy sanʼat namunalari, orasida XX asrda ijod qilgan Turkiston va Rossiya avangard ijodkorlari boʻlgan minglab asarlarni oʻz ichiga oladi. Shu jumladan, bu bunday ijodkorlar qatoriga: L.Popova, A.Shevchenko, A.Nikolayev (Usto Mumin), V.Lisenko, G.Nikitin, R.Falk, V.Pestel, M.Le Dantu, R.Mazel, A.Volkov, P.Benkov, M. Kurzin, N.Karaxan, E.Korovay, U.Tansikbayev va boshqalarning ijod namunalarini keltirish mumkin. Muzeyning ana shunday noyob toʻplamga ega boʻlishi dunyo hamjamiyatining keng qiziqishlariga sabab boʻlgan.

Muzeyning kutubxonasi: tarix, etnografiya, arxeologiya, sanʼat tarixi, shuningdek, turli maʼlumotlar beradigan yordamchi adabiyotlarni oʻz ichiga olgan 10,000ga yaqin ilmiy adabiyotlardan iborat.

Muzey va uning toʻplamlari Qoraqalpogʻistonning “marvaridi” hisoblanadi. Bejizga muzey, “dunyoning eng ajoyib muzeylaridan biri” (Guardian nashri) va “Albatta borish lozim boʻlgan joy” (New York Times jurnali) deb eʼtirof etilmagan.

I.V. Savitskiy nomidagi muzeyga kirish chiptalari narxi (O‘zbekiston fuqarolari uchun):

  • kattalar uchun — 17 000 soʻm (20 kishigacha boʻlgan ekskursiya xizmati — 66 000 soʻm);
  • oila — 16 000 so‘m (20 kishigacha bo‘lgan ekskursiya xizmati — 56 000 so‘m);
  • talaba — 13 000 so‘m (20 kishigacha bo‘lgan ekskursiya xizmati — 52 000 so‘m);
  • bolalar (12 yoshgacha) — 6 000 soʻm (20 kishigacha boʻlgan ekskursiya xizmati — 33 000 soʻm).

Ekskursiya xizmatlarining boshqa turlari:

  • muzey ko‘rgazmalariga maxsus ekskursiya — 495 000 so‘m (20 kishigacha);
  • saqlash joyiga tashrif buyurish (faqat O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi ruxsati bilan) — 825 000 so‘m (10 kishigacha);
  • Director`s Talk (muzey direktori bilan maxsus suhbat) — 1 485 000 so‘m (10 kishigacha);
  • muzey direktori bilan maxsus ekskursiya — 2 310 000 so‘m (20 kishigacha).

Material Turizm qoʻmitasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.