Foto: “Lazzatli O‘zbekiston” gastrofestivali qanday oʻtdi?
Toshkentdagi “Navro‘z” bog‘ida 20−22 sentyabr kunlari “Lazzatli Oʻzbekiston” xalqaro gastronomik festival boʻlib oʻtdi.
Festival Turizm qo‘mitasi, viloyat hokimliklari, Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston oshpazlari uyushmasi va boshqalar ko‘magida o‘tkazildi.
Festival O‘zbekistonning noyob pazandachilik an’analarini namoyish etdi, milliy oshxonaning boyligi va turliligini oshkor qildi, shuningdek, mamlakatni muhim gastronomik yo‘nalish sifatida mustahkamladi.
3 kun davomida mamlakatimizning barcha viloyatlaridan kelgan tajribali oshpazlar tomonidan turli taomlar tayyorlandi.
Tadbirda mahalliy ustalardan tashqari xorijlik mutaxassislar ham ishtirok etib, mahorat saboqlari o‘tkazdilar.
“Lazzatli O‘zbekiston” ishtirokchilari qator nominatsiyalar bo‘yicha, xususan, “Gastronomik turizmni rivojlanishiga qo‘shgan katta hissasi uchun”, “Milliy taomlarni saqlanib qolinishiga qo‘shgan hissasi uchun”, “Mehnat sevarligi va milliy an’analarga sodiqligi uchun”, “Eng zo‘r bezatilgan ko‘rgazma stendi uchun” va boshqalar uchun sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Gastronomik bayramni tashkil etishda faol ishtirok etganliklari uchun Rossiya, Ozarbayjon, Turkiya, Shveysariya va boshqa davlatlardan kelgan 20 dan ortiq xorijiy mutaxassislarga, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga, shuningdek, Turizm qo‘mitasi va “Navro‘z” bog‘ining ma’muriyatiga maxsus esdalik sovg‘alari taqdim etildi.