Mustaqillik bayrami munosabati bilan ichki turizm uchun chegirmalar roʻyxati e'lon qilindi
Mustaqillikning o‘ttiz uch yilligi arafasida Oʻzbekistonda 31-avgustdan 3-sentyabrgacha dam olish kunlari etib belgilangan. Shu munosabat bilan hududlar bo‘ylab ichki turizm yo‘nalishida sayohatlarga jalb etish maqsadida bir qator chegirmalar joriy qilindi, deb xabar bermoqda Turizm qoʻmitasi.
Jumladan:
1. Turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari tomonidan 31-avgust va 1−3-sentabr kunlarida respublikadagi 183 ta mehmonxona va mehmon uyi xizmatlari uchun 10−33% gacha hamda 109 ta umumiy ovqatlanish joyidagi xizmatlarga 5−30% gacha foizgacha ixtiyoriy chegirmalar joriy etildi.
2. “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan Respublika aholisi uchun 31-avgust va 1−3-sentyabr kunlari amalga oshiriladigan barcha mahalliy aviaqatnovlar chiptalari uchun tarif narxining 30%gacha chegirma taqdim etilgan.
3. “Silk Avia” aviakompaniyasi (“Uzbekistan Helicopters” MCHJ) 31-avgust va 1−3-sentyabr kunlari amalga oshiriladigan barcha mahalliy aviaqatnovlar uchun tariflarga 15% chegirma taqdim etilgan.
4. Turistik maskanlarga kirishda “Vaqf” xayriya jamoat fondi tasarrufidagi muzey va ziyoratgohlarga 31-avgust va 1−3-sentyabr kunlari nogironlar uchun bepul va boshqa tashrif buyuruvchilar uchun kirish chiptalariga 50% chegirma belgilangan.
Madaniy meros agentligi tomonidan 2−8-sentyabr kunlari “Muzeylar haftaligi” doirasida mamlakat aholisining davlat muzeylariga kirishi bepul tarzda amalga oshiriladi.
Shuningdek, sayohatlarni yanada mazmunli tashkil etish maqsadida ichki turizm yo‘nalishidagi 72 ta turoperatorlar va 681 ta gidlar ro‘yxati shakllantirildi, hududlardagi 220 ta turistik maskanlari ro‘yxati shakllantirildi hamda O‘zbekiston bo‘ylab sayohat dasturlari katalogi ishlab chiqilgan.