Samarqandda yangi turistik-rekreatsion zona tashkil etilmoqda

E’lon qilingan sana· 1 502
Samarqandda yangi turistik-rekreatsion zona tashkil etilmoqda

Samarqand boy tarix, ajoyib me’morchilik va sharqona koloritga ega. Sayyohlarning asosiy oqimi aynan tarixiy vayb ortidan ushbu qadimiy shaharga boradi.

Shu bilan birga, ichki turizmni kengaytirish maqsadida Samarqand viloyatida turizmning eko va ekstremal turlarini rivojlantirish uchun yangi shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Bugungi kunda viloyatda ekologik toza, tez barpo etiladigan aholi punktlari, savdo-ko‘ngilochar va boshqa turistik infratuzilma obyektlari barpo etilmoqda.

Viloyatning togʻli hududlarida umumiy maydoni 1697 gektar boʻlgan “Ohalik”, 414 gektar maydonda “Oqboʻyro” hamda 2545 gektar maydonga ega boʻlgan “Mironqul” togʻ turizmi loyihalaridan tashkil topgan “Ohalik-Oqboʻyro-Mironqul” turistik-rekreatsion zonasi tashkil etilmoqda.

Turizm qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, tumanda 16 ta mehmon uyi, 8 ta savdo do‘koni, 5 ta restoran, 13 ta bolalar oromgohi va 28 ta dam olish maskani mavjud.

Joriy yilda 6 ta mehmonxona, 5 ta restoran, 1 ta tog‘ turizmi majmuasi, 31 ta savdo do‘koni, 1 ta sog‘lomlashtirish maskani kapital ta’mirlandi.

Quyidagi loyihalar amalga oshirilmoqda: 1 ta parashyut kompleksi, 1 ta ziplay, 1 ta dor yo‘li, 1 ta alpinistik loyiha, 1 ta zamonaviy tematik va attraksion park loyihasi, 1 ta havo shari parvozi va 22 ta dam olish maskani.

Ma’lum qilinishicha, 72 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilishi, 830 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu loyihalar amalga oshirilgach, xorijiy va mahalliy sayyohlarning yillik soni hozirgi 300 ming nafardan 1,2 million nafarga oshishi kutilmoqda.

Press-tur O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etildi.