Xitoyda 10G internet ishga tushirildi

Xitoyning Syunyan tumanida birinchi keng polosali 10G (10 Gigabit) tarmog‘i ishga tushirildi. Bu bilan Huawei korporatsiyasi va China Unicom aloqa operatori shug‘ullangan, deya xabar bermoqda Mydrivers.
Syunyan Pekin chekkasida joylashgan bo‘lib, Xitoyning eng muhim texnologik markazlaridan biri hisoblanadi. 10G uchun 50G PON texnologiyasidan foydalanilgan, buning natijasida bir foydalanuvchi uchun 10 Gbit/s to‘g‘ri keladi va ma’lumotlarni uzatishdagi toʻxtalish 3 millisekundgacha kamayadi.
Sinov ma’lumotlariga ko‘ra, yuklab olishning haqiqiy tezligi 9340,22 Mbit/s ga, jo‘natish tezligi esa 1008 Mbit/s ga yetgan. Shunday qilib, 8K formatidagi va taxminan 90 GB hajmdagi ikki soatlik filmni yuklab olish uchun 72 soniya kifoya boʻlgan.
“Avvallari 4K formatidagi filmni yuklab olish uchun bir necha daqiqa vaqt ketardi, hozir esa bunga bir necha soniya yetmoqda. Meni yanada hayratga solgani, bir vaqtning o‘zida bir nechta smart-qurilmalardan foydalanilganda, uy tarmog‘i uzluksiz ishlamoqda, 8K video, 4K ekranlar, videoo‘yinlar va „aqlli uy“ tizimi esa barqarorlikni qayd etgan”, — dedi uyiga 10G tarmog‘i o‘rnatilgan Sao.
Huawei va China Unicom kompaniyalari 10G “turmush tarzidagi inqilob"ni amalga oshirishini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, bu yuqori o‘tkazuvchanlik qobiliyatini, shu jumladan, saqlash va virtual reallikni talab qiladigan kelajakdagi ilovalar va xizmatlarning rivojlanishiga ham ta’sir qiladi.