Oʻzbekiston hududida "Temu" bloklanishi mumkin

Oʻzbekiston hududida Xitoyning “Temu” marketpleysi bloklanishi mumkin. Bu haqda 27-fevral kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi elektron tijorat boshqarmasi boshlig‘i Kamronbek Muhammadiyev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Xitoy kompaniyasi Oʻzbekiston hududida ishlashi uchun bu yerda rasman faoliyat yuritishni boshlashi kerak.
“Shu paytgacha „Temu“ tomonidan bunday (qiziqish) bildirilmagandi, ammo allaqachon harakatlar kuzatilmoqda. Bungacha agar shartlar bajarilmasa, ularning faoliyati to‘xtatilishi, hatto blokirovka qilinishigacha borishini aytganmiz”, — dedi Muhammadiyev.
Bundan tashqari, ILMA direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak xorijiy marketpleyslarning noqonuniy faoliyati O‘zbekiston iqtisodiyotiga zarar yetkazayotganini ta’kidlagan.
Ta’kidlanishicha, mahalliy bozorga tovarlar yetkazib berishda soliqlar va bojxona to‘lovlari to‘lanmaydi, yuk tashish va to‘lovlar uchinchi tomon kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi, shuningdek, 2024-yilda faqat “Temu” bo‘yicha hajmi $10 mlndan oshgan valyuta chiqib ketishi sodir boʻlgan.