Samaradorlik uchun Chrome kengaytmalari
Oʻz ish vaqtini kompyuter qarshisida oʻtkazadiganlar, asosan Chrome brauzeridan foydalanadi. Hozirgi paytda internet shu darajada qiziq narsalar taklif qiladiki, odam qanday qilib uning ichiga kirib, ishidan chalgʻib ketganini bilmay qoladi. Samaradorlik — muhim. Ammo Google Chrome kengaytmalari yordamida brauzerdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashingiz va umumiy unumdorlikni oshirishingiz mumkin.
Chrome kengaytmalari — bu Chrome brauzerida sizga qo‘shimcha funksiyalarni taqdim etadigan dasturiy ta’minot. “web store"da ularning 100 minglab xilini uchratish mumkin, ammo hammasi ham foydalimi? Yoʻq. Shu sababli Afisha.uz samaradorlikni oshiruvchi va brauzerdan foydalanishni qulaylashtiruvchi eng yaxshi kengaytmalarni bir joyga toʻpladi.
Google Keep
G‘oyalar turli vaqtlarda — sayr paytida, transportda, tushlik paytida va hokazo vaziyatlarda miyaga keladi. Odatda bu gʻoyalarni eslab qolamiz deb oʻylaymiz, ammo miya bunday narsalarni saqlash uchun unchalik ham ishonchli joy emas. Google Keep esa ishonchli, toʻsatdan kelgan gʻoyalarni matnli yoki ovozli tarzda yozib qoʻyish uchun qulay. Bu biror kattaroq matn oʻqib turganingizda qoʻl kelishi aniq.
Google Keep’da nafaqat matn yoki ovoz, balki surat va havola ham saqlash mumkin. Biror saytda oʻtirsangiz, kerakli soʻzni belgilab, osongina Google Keep’ga yuborib qoʻyish ham mumkin. Agar siz boshqa gadjetlaringizda ham Keep ilovasini ishlatsangiz, ular sinxronizatsiya boʻladi.
Kengaytmani Chrome’ga qoʻshish uchun havola.
AdBlock
Hozirgi kunda internetni reklamasiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Ammo ular shu darajada koʻp va turfa xilki, biror saytdagi asosiy kontentdan fokusni yoʻqotib qoʻyish hech gap emas. Mazkur kengaytma vebsaytlardagi reklamalarni shunchaki yoʻlingizdan olib tashlaydi, sizga koʻrsatmaydi, saytdagi reklama chiqadigan joylar boʻm-boʻsh turadi.
Lekin ba’zi saytlar AdBlock’ni oʻchirib qoʻyishni talab qilishi mumkin. Buning uchun brauzerning oʻzidan oʻsha saytning oʻzi uchun bu funksiyani oʻchirib qoʻysangiz boʻladi.
Kengaytmani Chrome’ga qoʻshish uchun havola.
Momentum
Konsentratsiyasini tez yoʻqotib qoʻyadiganlar uchun ajoyib kengaytma. Kengaytma brauzeringiz foniga turli rasmlar tanlaydi va motivatsion gaplar yozib turadi. Unga bajarilishi kerak boʻlgan ishlar roʻyxatini ham qoʻshib qoʻyishingiz mumkin.
Bu kengaytma yordamida “Pomodoro” texnikasini qoʻllashingiz mumkin. Ya’ni “Momentum"da fokus rejimini yoqsangiz, u sizga 25 daqiqaga taymer yoqib qoʻyadi, bu vaqt davomida fonda turli ishlash uchun musiqalar ham chiqib turadi (masalan, yomgʻir ovoziga sozlashingiz mumkin). 25 daqiqa davomida bir ish bilan shugʻullanib, 5−10 daqiqa dam olishingiz mumkin — shunda samaradorroq ishlaysiz.
“Momentum” bir ish qilish davomida ikkinchisiga chalgʻib ketmaslik uchun belgilangan saytlarni vaqtincha bloklab turadi, unga kirishni cheklaydi va ulardan keladigan bildirishnomalarni ham oʻchiradi.
Kengaytmani Chrome’ga qoʻshish uchun havola.
Session Buddy
Internetda “suzib yuradigan” foydalanuvchilar bir vaqtning oʻzida bir nechta sahifa bilan ishlaydi va bu qiyinchilik tugʻdiradi. Ammo buning yechimi bor — “Session Buddy” kengaytmasi. U ushbu tartibsizlikni bartaraf etish uchun qoʻl keladi. Agar siz bir mavzuda izlanish qilayotgan boʻlsangizu, havoladan havolaga oʻtishda davom etayotgan boʻlsangiz, ushbu kengaytma ularni bir joyga yigʻib beradi.
Agar mabodo Chrome texnik nosozlik sabab yopilib qolsa, “Session Buddy” ularni saqlab qoʻyadi va osongina tiklab olishingiz mumkin. Sahifalarni guruhlash, nomlash va saralash imkoniyati ham bor.
Kengaytmani Chrome’ga qoʻshish uchun havola.
“Keyinroq oʻqiyman” — bu prokrastenatorlarning sevimli gapi, lekin ba’zi paytlarda bu umuman amalga oshmasligi ham mumkin. Boshqa ish bilan band boʻlganingizda qiziqroq maqola chiqib qolsa, uni oʻtkazib yubormay, “Pocket"ga saqlab qoʻyishingiz va haqiqatdan ham keyinroq oʻqishingiz mumkin.
Bu kengaytmaning telefon ilovasi ham bor, u bir-biri bilan integratsiya boʻladi va siz undagi narsani bunda, bundagi narsani unda oʻqishingiz mumkin. Xullas, har taraflama qulay.
Kengaytmani Chrome’ga qoʻshish uchun havola.
LastPass
Agar hali ham parollarni qog‘ozga yozayotgan bo‘lsangiz yoki ularni miyangizda saqlab qolishga urinayotgan bo‘lsangiz (yoki bundan ham yomoni, ancha yillardan beri hamma joyda bir xil paroldan foydalanayotgan bo‘lsangiz), bu ishni bas qiling va bu kengaytmani hoziroq yuklab oling.
LastPass — bu qurilmalaringizda hisobga kirish ma’lumotlarini saqlaydigan ajoyib (va bepul!) parol menejeri. Bitta asosiy parol bilan siz barcha parollarni “parollar seyfi"dan boshqarishingiz, zaiflarini almashtirish uchun kuchli parollar yaratishingiz, kredit karta va xarid profillarini qo‘shish orqali tez xarid qilishingiz va boshqalar mumkin bo‘ladi. Chrome kengaytmasi avvalgi saytlarga parollarni avtomatik kiritadi.
Kengaytmani Chrome’ga qoʻshish uchun havola.
Just Read
Internetda biror kattaroq material o‘qimoqchi bo‘lsangiz, ba’zi saytlar bir sahifaga turli reklamalarni qalashtirib tashashadi. Bundan nafaqat ko‘z og‘riydi, balki asosiy matndan chalg‘itadi ham. “Just Read” kengaytmasi esa sahifalardagi mana shunday “tresh"larni olib tashlaydi.
Birgina klik (yoki klaviatura tugmasi) bilan sahifaning reklamalari, qalqib chiquvchi oynalari va sharhlarini olib tashlashingiz mumkin. Siz hatto sahifa uslubini sozlashingiz yoki o‘qishni osonlashtiradigan to‘q rangli mavzuga o‘tishingiz mumkin.
Kengaytmani Chrome’ga qoʻshish uchun havola.
Click&Clean
Brauzer tarixi va keshni bir marta bosish orqali tozalash uchun “Click & Clean” funksiyasidan foydalanishingiz mumkin. Bu vaqtni tejaydi va kompyuteringizni yanada samarali ishlashini ta’minlaydi. Pastga ochiladigan “Click & Clean” menyusi brauzer keshi, cookie fayllar, plaginlar, kengaytmalar va tarixga kirish hamda ularni tozalashning tezkor usullarini taqdim etadi.
Shuningdek, Chrome sizni qanchalik yaxshi himoya qilayotganini bilish uchun brauzerni tekshirib olishingiz mumkin. U zararli dasturlarni qidirishga, shaxsiy ma’lumotlaringizni tozalashga va siz e’tibor bermagan boshqa xavfsizlik variantlarini ko‘rsatishga yordam beradi.
Kengaytmani Chrome’ga qoʻshish uchun havola.
Clockify
Bir ishga keragidan ortiq vaqt sarflash koʻpchilikda uchraydigan muammolardan biri. Bu kengaytma ishlar va loyihalarni yakunlash uchun ketadigan real vaqtni kuzatishga yordam beradi.
“Clockify” sizga vaqtni kuzatib borish, uni tahlil qilish va yakuniy hisobot uchun eksport qilish imkonini beradi.
Kengaytmani Chrome’ga qoʻshish uchun havola.
Screencastify
Koʻpchilik ekranni yozib olish uchun instrument qidiradi, bu har xil vaziyatlarda kerak boʻlishi mumkin: masalan, kontentmeyker boʻlsangiz yoki video qoʻngʻiroqni yozib olish kerak boʻlganda.
Qo‘shimcha dastur o‘rnatishning hojati yo‘q, Screencastify butun ekranni, shu jumladan qoʻshimcha ovoz, brauzer tovushi va veb-kamera tasvirini yozib olishi mumkin. Tayyor videolarni esa YouTube yoki Google Drive xizmatlariga osonlikcha saqlash imkonini beradi.
Kengaytmani Chrome’ga qoʻshish uchun havola.
Siz yana qanday kengaytmalarni bilasiz, qaysilaridan foydalanasiz? Yana qaysilarni bu roʻyxatga qoʻshishimiz kerak deb hisoblaysiz? Oʻz tajribalaringiz bilan boʻlishing!