Galaxy Z Flip 6 tahlili: oddiy smartfon, lekin buklanadi

E’lon qilingan sana· 117
Galaxy Z Flip 6 tahlili: oddiy smartfon, lekin buklanadi

Afisha.uz'ning gadjetlar sharhlovchisi ikki hafta davomida Samsungʻning yangi Galaxy Z Flip6 buklamafonidan faol foydalandi va o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Qisqacha aytganda, u shunday hisoblaydi: ixcham Flip formatidagi moslashuvchan ekranli smartfonlar zamonaviy avlodga nomofobiyaga qarshi dori sifatida kerak va Samsungʻning yangi mahsuloti bu uchun eng muqobil variant, chunki endi uni ham oddiy telefon kabi ishlatish mumkin.

Dizayn

Yangi Flip6 oldingi avloddan deyarli farq qilmaydi. Vizual jihatdan ularni ajratish qiyin, ammo ba’zi detallarda farqlanadi: yangi mahsulotda Flip 5 dagidek yaltiroq emas, matli ramkalar bor, shuningdek, Flip 6 kameralari atrofi rangli qilingan, oldingisida esa u faqat qora edi. Pastdagi karnay ham farq qiladi — u endi bir nechta kichik teshiklar o‘rniga bitta chiziqqa birlashtirilgan, endi uni tozalash osonroq bo‘ladi.

Flip 6 da yaltiroq ramkalarni mat bilan almashtirilgani yaxshi boʻldi — endi qirralarda barmoq izlari kamroq qoladi va qurilma tashqi ko‘rinishdan Flip5 ga nisbatan qimmatroq hamda jiddiyroq ko‘rinish beradi. Biroq, g‘ilof bilan qo‘llanilganda bu afzalliklarning barchasi o‘z ahamiyatini yo‘qotadi.

Samsung buklamafonlar uchun oʻzgacha, qiziqarli g‘iloflar sotmoqda, ulardan birini men ham ishlatib koʻrdim. Undagi ba’zi elementlar yonadi, bu oʻzgacha ko‘rinadi — g‘ilofda batareya yo‘q, u telefondan simsiz usulda quvvat oladi. Bundan tashqari, g‘ilof tashqi ekranga avtomatik tarzda interaktiv “zastavka” qoʻshadi, undagi elementlar smartfon qiyaligiga qarab harakat qiladi.

Ergonomika

Galaxy Z Flip 6 ni ishlatish, oldingi Flip 5 kabi, men uchun juda qulay. Bu ixcham telefonlar cho‘ntaklarda kamroq joy egallaydi va yurish, velosiped haydash va hatto mashg‘ulotlarda ham halal bermaydi. Smartfonni bir qo‘l bilan ochish o‘n martalab mashq qilgandan keyingina oson tuyulishni boshlaydi. Telefon qirralari qo‘lga sig‘maydi, chunki barcha egilishlar silliq. Telefon qirralari qo‘lga botmaydi, ular qayirilgan.

Flip uslubidagi buklamafonlar formati menga juda yoqadi, chunki uning ochilib-yopilishi ongsiz ravishda telefondan foydalanishni minimallashtiradi. Ya’ni, har safar qurilmadan foydalanishdan oldin qo‘shimcha harakat tufayli miyada “Instagramga kirib olish uchun hozir telefonimni ochishim kerakmi?” degan fikr paydo bo‘ladi.

Tashqi ekran

Flip 6 ning tashqi tarafida diagonali 3,4 dyumli kichik ekran joylashgan. Uning eng yuqori yorqinligi 1600 nitga ko‘tarilgan, endi undan hatto ko‘chada, quyosh ostida ham bemalol foydalanish mumkin. Shu va qulay o‘lcham tufayli tashqi displeydan kundalik vazifalarning yarmini hal qilish uchun foydalanish mumkin. Undan qo‘ng‘iroq qilish, Telegram’dagi xabarga javob berish, taksi chaqirish, musiqa tanlash, taqvim yoki ob-havoga qarash, YouTube videolarini tomosha qilish va boshqa vazifalarda foydalanish mumkin.

Muhim jihat: qoʻshimcha maxsus ilovasiz tashqi ekranda istalgan ilovani ishga tushirib bo‘lmaydi. Buning uchun Samsung‘ning “GoodLook” ilovasi va unda “MultiStar” kengaytmasini yuklab olish kerak. Faqat uning yordamida smartfonning tashqi ekranida istalgan ilovadan foydalanish mumkin.

Ichki (asosiy) ekran

Galaxy Z Flip 6 ning ichki qismidagi asosiy buklanuvchan ekran 6,7 dyuymli diagonalga ega bo‘lib, 1080×2640 pikselga teng, moslashuvchan tasvirni yangilash chastotasi 120 Gs gacha va eng yuqori yorqinlik 2600 nitga teng. Tasvirning rang uzatilishini moslash mumkin.

Dastlab Flip ekrani noodatiy cho‘zilgan ko‘rinadi, ammo qisqa vaqtdan keyin undan foydalanish qulaylashadi. Uzun ekran tufayli bir vaqtning o‘zida YouTube yoki ekranning yuqori qismida film va pastki qismida Telegram’dagi yozishmalarni osongina ishga tushirish mumkin. Odatdagi ekran kengligiga ega smartfonlarda bunday qilish unchalik qulay emas.

Akkumulyator

Flip 6 ichiga sig‘imi 4000 mA/soatgacha oshirilgan akkumulyator o‘rnatilgan (Flip5 da 3700 mA/soat edi). Raqamlardagi farq oldingi avlodga nisbatan unchalik katta bo‘lmasa-da, kundalik hayotda bu sezilarli darajada farq qiladi. Agar Flip 5 o‘rtacha faol ishlatilganda bir kun “ishlagan” bo‘lsa, yangi model xuddi shu rejimda bir yarim kun yoki juda faol ishlatilganda to‘liq kun ishlashga qodir. Energiya tejash rejimi yoqilsa, smartfondan ikki kungacha foydalanish mumkin.

Kuch

Galaxy Z Flip 6 Qualcomm Snapdragon 8 Gen 3 chipida ishlaydi, u kundalik vazifalarni bajarishda quvvati bo‘yicha Flip 5 ichidagi prosessordan farq qilmaydi. U o‘yinlarda biroz tezlashgan, ammo katta yuklamalar ostida uzoq vaqt ishlatilganda, smartfonning yuqori yarmi qiziydi. Kameradan foydalanganda yoki quvvatlash paytida telefon qizib ketmaydi.

Smartfon ichida 12 GB operativ xotira mavjud bo‘lib, uni virtual ravishda yana 8 GB ga kengaytirish mumkin. “AnTuTu” testida qurilma deyarli bir yarim million ball yiqqan. Bu bir necha yil oldinga zaxira bilan yetadigan flagman quvvati.

Kameralar

Flip 6 ning kamerasi uchta: 50 MP asosiy, 12 MP ultra keng burchakli va 10 MP bo‘lgan frontal kamera. Barcha kameralar soniyasiga 60 kadrdan 4K gacha video yozoladi, ammo faqatgina soniyasiga 30 kadr 1080p kenglikda kameralarni almashtirish mumkin boʻladi.

Tashqi ekran mavjudligi tufayli barcha selfilarni asosiy kameralarga olish mumkin — ya’ni sifat boshqa smartfonlardagi kichik frontal sensorlarga qaraganda yaxshiroq bo‘ladi. Menga barcha kameralardan olingan fotosuratlar va videolar juda yoqadi. Ammo faqatgina 3x optik zumli televik yetishmaydi.

Himoya

Barmoq izi skaneri oʻchirib-yoqish tugmasiga o‘rnatilgan va yaxshi ishlaydi. Yuzni skanerlash mavjud, lekin faqat frontal kamera orqali, qo‘shimcha datchiklarsiz.

Shunisi e’tiborga loyiqki, smartfonning buklanish xusisiyatiga qaramay, Flip 6 suvdan to‘liq himoyalangan — smartfon chuchuk suvga bir yarim metrgacha chuqurlikda 30 daqiqa davomida bardosh bera oladi. Albatta, men buni sinab ko‘rdim va foydalanish paytida telefonni jo‘mrak ostida o‘n marta yuvdim — Flip 6 buzilmadi. Baribir smartfon bilan basseynda suzishni tavsiya etmayman, lekin agar bola qurilmaga biror narsa to‘kilsa, unga hech narsa qilmaydi. Flip 6 ni yomg‘irda ham bemalol ishlatish mumkin.

Suvdan himoya oldingi avlodlarda ham bo‘lgan. Ammo korpusga chang tushishidan himoya yo‘q edi. Yangi mahsulotda bu tuzatildi — endi Galaxy Z Flip 6 dan O‘zbekiston ko‘chalaridagi changli ob-havoda ham bemalol foydalanish mumkin.

Xulosa

Batareya sig‘imi oshirilgan yangi Samsung Galaxy Z Flip 6 to‘laqonli smartfonga aylandi. Shunchaki u cho‘ntak yoki sumkada kamroq joy egallashi uchun buklanadi.

Har qanday buklanadigan Flip — bu smartfonda maqsadsiz chalgʻishni oldini oluvchi dori. Kompakt korpus, suv va changdan himoya, flagman kameralar va quvvat, yorqin ichki ekran va tashqi funksionallik tufayli Samsung Flip o‘ziga xos tarzda eng yaxshisidir. Bundan tashqari, bu nomofobiyaga qarshi ajoyib dori va koʻpchilikdan ajralib turish uchun ajoyob vosita.

Narxlar

Ushbu matn yozilayotgan paytda yangi Samsung Galaxy Z Flip 6 O‘zbekistonda “Malika” savdo markazidagi sotuvchilarda 750 dollardan (9 560 000 so‘m) boshlanadi. Samsungʻning rasmiy hamkorlari ushbu telefonni taxminan ikki million so‘mga qimmatroq sotmoqda.

Nikita Davidov
Muallif va fotosuratchi
Nikita Davidov