iOS 18`ning 250 ta yangi xususiyati: iPhone’da qanday yangiliklar bor?
Fotosuratlardagi obyektlarni o‘chirish, kengaytirilgan moslashtiruv imkoniyatlari, suhbatlarni yozib olish, o‘yin rejimi hamda tez orada ishga tushadigan Apple Intelligence tizimi.
16-sentyabr kuni kechqurun Apple kompaniyasi o‘z smartfonlari uchun yangi iOS 18 dasturiy ta’minotini tarqatishni boshladi. Biz Apple yangi operatsion tizim chiqishi munosabati bilan iPhone’ga qo‘shgan 250 ta yangilikni o‘rganib chiqdik va sizlar bilan eng asosiy xususiyatlarni baham ko‘rmoqchimiz.
Bir zumda taqdim etiladigan xususiyatlar
Endi ilova belgilarini ish stolida to‘rga bog‘lanmagan holda erkin siljitish mumkin. Bundan tashqari, Android qurilmalaridagi kabi, belgilarning rangini o‘zgartirish imkoniyati ham bor, biroq iPhone’da bu funksiya yanada yaxshiroq ishlaydi — barcha ilovalar to‘liq qayta ranglanadi.
Tugmachalar bilan amallar uchun animatsiya qo‘shildi. Endi fonarning yorqinligini svayplar orqali o‘zgartirish, shuningdek yorug‘lik oqimining kengligini sozlash mumkin.
“Boshqaruv markazi” yangilandi va undagi elementlarni yanada nozikroq sozlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Belgilar aylana shaklini oldi va ularni cho‘zib, turli shakldagi vidjetlarga aylantirish mumkin. Endi bu yerdagi barcha elementlarni istalgan tartibda joylashtirish imkoni bor. “Boshqaruv markazi"da bir nechta panel yaratish mumkin, bunda birinchisiga boshqarish uchun tezkor yorliqlarni, keyingilariga esa boshqa funksiyalarga tez kirish imkoniyatini joylashtirish mumkin. Panellar orasida o‘ng tomondagi kichik belgilarga svayp qilish yoki bosish orqali harakatlanish mumkin.
Endi bildirishnomalar guruhlanadi, bu foydalanuvchini muhim bo‘lmagan xabarlardan xalos qiladi va muhimroqlarini yuqoriroqqa chiqaradi.
Bloklash ekranida kamera va chiroqdan tashqari, tezkor kirish uchun boshqa ilovalarni ham tanlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Action Button’li iPhone’larda esa tugmaga yangi vazifalarni belgilash mumkin.
CarPlay’da fazoviy ovoz qo‘llab-quvvatlash ishga tushirildi. Bu funksiya Apple Music bilan ishlaydi va AirPlay orqali Apple HomePod yoki boshqa “aqlli” karnaylarga (kolonkalarga) audio uzatishda foydalanish mumkin.
Yangi o‘yin rejimi orqa fon jarayonlarini to‘xtatib qo‘yishi mumkin, bu esa tizim yuklamasiga ta’sir qilmasdan va kadrlar chastotasini pasaytirmasdan ishlashni ta’minlaydi. Shuningdek, bu simsiz joystikdan foydalanishda javob berish vaqtini qisqartiradi hamda simsiz quloqchinlarda ovoz sinxronizatsiyasi buzilishining oldini oladi.
iPhone 15 va undan keyingi modellar uchun batareya quvvatini saqlash maqsadida maksimal zaryadlash darajasini tanlash imkoniyati mavjud.
Telefon suhbatlarini yozib olish imkoniyati paydo bo‘ldi, ularni keyinchalik “Eslatmalar"da matn ko‘rinishiga o‘tkazish mumkin.
Ilova yangilanishlari
Ish stolidagi ilovalarni begona ko‘zlardan yashirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Yashirilgan ilovalar “Ilovalar kutubxonasi” papkasida joylashadi, unga faqat avtorizatsiyadan o‘tgandan so‘ng kirish mumkin. Bu ilovalardan hech qanday bildirishnomalar kelmaydi. Bundan tashqari, tanlangan ilovalarga kirishni Touch ID yoki Face ID yordamida bloklash imkoniyati ham mavjud.
“Fotosurat” ilovasi sezilarli darajada o‘zgartirildi. Endi uning asosiy ekranida yuqorida papkalar o‘rniga rasmlar to‘ri, pastda esa toifalar joylashgan. Toifalarni tahrirlash imkoniyati mavjud. Fotosuratlarni ham tahrirlash mumkin — bir necha bosish orqali obyektlarni “aqlli” tarzda o‘chirish funksiyasi va boshqa imkoniyatlar taqdim etilgan.
“Sozlamalar"da dizayn va elementlar joylashuvi biroz yangilandi. Shuningdek, endi barcha ilovalar umumiy ro‘yxatda emas, balki alohida toifada joylashgan.
“Kalkulyator” ilovasi endi qo‘lda yozilgan misol va masalalarni yechish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Unga konvertyor va amallar tarixi ham qo‘shildi.
iMessage’ga emoji ko‘rinishidagi reaksiyalar, matnni formatlash imkoniyati, xabarlarga taymer qo‘yish va sun’iy yo‘ldoshlar orqali xabar yuborish (faqat AQSH uchun) funksiyalari qo‘shildi.
“Parollar” ilovasi paydo bo‘ldi — u foydalanuvchilarga parollarga kirishni osonlashtirishi kerak.
Safari interfeysini qayta ishlab, menyuni yangiladi.
MacBook foydalanuvchilari uchun
Mac kompyuterlarini macOS Sequoia versiyasiga yangilagandan so‘ng, iPhone ekranini ularga uzatish va telefonni boshqarish imkoniyati paydo bo‘ladi. Hatto telefon ekrani o‘chirilgan holda ham, iPhone bilan aloqada bo‘lish mumkin bo‘ladi. Bunday rejimda atrofdagilar smartfon ichida nima bo‘layotganini ko‘ra olmaydilar, iPhone’dan kelgan bildirishnomalar esa macOS tizimida aks ettiriladi.
Qanday yangilash kerak?
Smartfon yangilanish mavjudligi haqida bildirishnoma yuboradi, ammo uni qo‘lda ham tekshirish mumkin. Buning uchun “Sozlamalar” bo‘limiga kirib, “Asosiy” qismiga o‘tish va undan so‘ng “Dasturiy ta’minotni yangilash” (“Обновление ПО) bo‘limini tanlash kerak.
Yangi iOS 18`ni kimlar oʻrnata oladi?
Operatsion tizim yangilanishi barcha iPhone foydalanuvchilari uchun mavjud emas. Quyida iOS 18`ni oʻrnatish mumkin boʻlgan barcha telefonlar roʻyxati keltirilgan:
- iPhone XS va XS Max, iPhone XR;
- iPhone 11, iPhone 11 Pro va 11 Pro Max;
- iPhone SE (2020);
- iPhone 12 va 12 mini, iPhone 12 Pro va 12 Pro Max;
- iPhone 13 va 13 mini, iPhone 13 Pro va 13 Pro Max;
- iPhone SE (2022);
- iPhone 14 va 14 Plus, iPhone 14 Pro va 14 Pro Max;
- iPhone 15 va 15 Plus, iPhone 15 Pro va 15 Pro Max.
Yangi iPhone 16 va 16 Plus, iPhone 16 Pro va 16 Pro Max iOS 18 oldindan oʻrnatilgan holda sotiladi.
Tez orada iOS 18`da yana bir qator yangiliklar paydo boʻladi
Iyun oyi boshida Apple ishlab chiquvchilar uchun WWDC 2024 anjumanini o‘tkazdi, unda o‘z mahsulotlari uchun yangi operatsion tizimlarni namoyish etdi. O‘shanda iPhone uchun yangi imkoniyatlarni ko‘rsatishdi, ular orasida Apple Intelligence sun’iy intellekti ham bor edi. iOS 18 ga birinchi yangilanish bilan foydalanuvchilar bu imkoniyatlarga ega bo‘lmaydilar, ammo yaqin kelajakda kompaniya barcha sun’iy intellekt imkoniyatlarini iPhone 15 Pro va undan keyingi modellarda joriy etishni rejalashtirmoqda.
Siri har bir foydalanuvchining kontekstini va murakkabroq so‘rovlarni, hatto inson xato qilgan so‘rovlarni ham tushuna oladi. Yordamchi ovozli so‘rov orqali aniq surat yoki videoni topa oladi. Siri yangi logotip va chaqiruv animatsiyasiga ega bo‘ladi, shuningdek, matnli so‘rov yuborish, ovozli buyruq bilan suratni takomillashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Apple sun’iy intellekti bildirishnomalarning ustuvorligini aniqlay oladi va ma’lum bir foydalanuvchi uchun eng muhimlarini yuqoriroqda ko‘rsata oladi.
Kelajakda iPhone’da tasvirlarni (jumladan, chizgilardan) yaratish va sun’iy intellekt yordamida mavjud fotosuratlarni o‘zgartirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shuningdek, yangi emojilarni yaratish funksiyasi — Genmoji joriy etiladi.
Sun’iy intellekt matnni kerakli uslubda qayta yozishi yoki Samsung smartfonlaridagi Galaxy AI singari asosiy mazmunni qisqacha bayon qilishi mumkin bo‘ladi. Apple’ning bu funksiyasi Rewrite deb nomlanadi va u nafaqat Apple’ning o‘z ilovalarida, balki uchinchi tomon ilovalarida ham ishlaydi.
ChatGPT bilan integratsiya amalga oshiriladi — foydalanuvchilar hisob ochmasdan bepul kirishadi, ChatGPT’ning pullik funksiyalariga obuna bo‘lganlar esa ulardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurilmadagi tizimda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Apple Intelligence funksiyalari ko‘p hollarda qurilmaning o‘zida ishlaydi, biroq ayrim vaziyatlarda sun’iy intellekt “bulut” (cloud)ga murojaat qilishi mumkin.