Telegram 11 yoshda: ilovadan foydalanishni qulaylashtiradigan layfhaklar

E’lon qilingan sana· 951
Telegram 11 yoshda: ilovadan foydalanishni qulaylashtiradigan layfhaklar

Bundan 11 yil oldin hozirda har birimizning hayotimizdagi asosiy narsalardan biriga aylangan Telegram ilovasi yaratilgan. 2013-yil 14-avgust kuni Telegram ilovasi AppStore’da paydo boʻlgan.

Ko‘pchilik Telegram’dan faqat xabar almashish uchun foydalanadi va messenjerni ishlatishni ancha osonlashtiradigan hamda yaxshiroq qilish imkonini beradigan ko‘plab qo‘shimcha funksiyalarni o‘tkazib yuboradi. Ushbu maqolada Telegram’da foydalanish orqali uning ishlashini qulaylashtiradigan funksiyalar haqida soʻz boradi.


Matnni yashirish

Telegram’da xabarning bir qismini yoki butun postni yashirish imkoniyati bor. Bu spoylerlar, maxfiy ma’lumotlar yoki matnning bir qismini begona koʻzlardan yashirish istalgan vaqtda foydalanish mumkin boʻlgan funksiya hisoblanadi. Masalan, siz doʻstlaringiz bilan “Oʻtkan kunlar” asari oxirida qaysi qahramon oʻlishi haqida gaplashmoqchisiz, lekin guruhdagi qaysidir doʻstingiz bu shedevr asarni oʻqimagan (oʻzi, bu asarni qanday oʻqimaslik mumkin, hayronman). Mana shu vaziyatda siz xabarlarni yashirib joʻnatishingiz mumkin.

Bu qanday qilinadi? Yashirin matnni yuborish uchun messenjerdagi matnni formatlash funksiyasidan foydalaniladi. Formatlash uchun siz uni belgilab, kontekst menyusida (Android`da uchta nuqta, iPhone`da esa “Format”) spoyler variantini tanlash kerak. Aytgancha, Telegram’da nafaqat matnni, balki fotosuratlar va videolarni ham yashirish imkoni mavjud.

Yashirin matnlar, fotosuratlar yoki videolar obunchilarning faolligini oshirish va ularni xursand qilish uchun ham ishlatiladi. Buning uchun hazilni, mavzuga oid kulgili rasmni yoki videoni yashirish kerak boʻladi.

Kanal dizayni: fon rasmi, ranglar sxemasi, fon emojisi

Telegram’ning yana bir qiziqarli funksiyasi kanal yoki guruh dizaynini o‘zgartirishdir. Bu adminlarga kanal koʻrinishini moslashtirib, uni yanada gʻayrioddiy va mavzuga moslashtirish imkonini beradi.

Bu qanday qilinadi? Kanal sozlamalariga, soʻngra “Appearance” boʻlimga oʻtiladi. Bu yerda siz yangi fon rasmi tanlashingiz, ranglar sxemasini oʻzgartirishingiz va fon emojisini oʻrnatishingiz mumkin.

Dizaynni faqat yuqori darajaga yetganda oʻzgartirish mumkin. Buning uchun Premium obunachilari dizayn sozlamalarida yoki kanal sozlamalarida mavjud bo‘lgan havola orqali kanalga ovoz berishlari kerak.

Telegram kanalining chiroyli dizayni brend yoki ekspertning noyob va esda qolarli qiyofasini yaratishga yordam beradi. Masalan, akkaunt ranglari va uslubini kompaniyaning korporativ uslubiga moslashtirish mumkin.

Tashrif qogʻozi sifatida — QR kod

Maxsus ishlab chiqilgan QR kodni yaratishingiz va yuborishingiz mumkin, unda aloqa raqami yoki Telegram profilingiz yoki kanalingizga havola mavjud boʻladi.

Bu qanday qilinadi? Profilga oʻtiladi va QR-kod belgisini bosiladi. QR-kod va almashish tugmasi yangi oynada paydo boʻladi.

QR-kod koʻrsatiladigan fonni ham oʻzgartirish mumkin.

QR-kodni istalgan joyga joylashtirish mumkin. Bu kanalni koʻproq targʻib qilish imkoniyatini beradi. Odamlar uchun brendning Telegram akkauntiga obuna boʻlish osonroq boʻladi. Shuningdek, kontaktlar yaratish imkoniyati osonroq boʻladi.

Kerakli xabar yoki postlarni kalendar orqali qidirish imkoniyati

Foydalanuvchilar taqvimdagi ma’lum bir sanani tanlashlari va oʻsha kuni yuborilgan barcha xabarlar yoki postlarni koʻrib chiqishi mumkin.

Bu qanday qilinadi? Ushbu funksiyadan foydalanish uchun xabarni topish kerak boʻlgan chat yoki kanal ochiladi va kerakli sanani bosiladi.

Kalendar orqali qidirishning yana bir usuli bor. Kanaldagi uchta nuqta ustiga bosing, “Search"ni tanlang. Keyin lupa bilan kalendarni bosing. Aynan shu kalendar orqali qidiruv hisoblanadi. Istalgan sanani tanlang. Telegram ma’lum bir kunda yuborilgan barcha xabarlar yoki postlarni koʻrsatadi. Agar ma’lum bir davrda yuborilgan ba’zi ma’lumotlarni topishingiz kerak boʻlsa, bu qulay.

“Saved Messages” chatida eslatmalar

Bu funksiya foydalanuvchilarga muhim voqealar va vazifalarni unutmasligi uchun “Saved Messages” chatida eslatmalarni o‘rnatish imkonini beradi. Belgilangan vaqt kelganda, siz chatda bildirishnoma olasiz.

Bu qanday qilinadi? “Saved Messages"ga oʻtish va eslatmani xabar qilib kiritish kerak. Shundan soʻng yuborish tugmasini bosib turing va “Set a reminder” opsiyasini tanlang.

Shundan soʻng, siz ushbu voqea haqida bildirishnoma olishni xohlagan sana va vaqtni kiritishingiz mumkin. Telegram eslatmani oʻrnatadi va belgilangan vaqtda sizni xabardor qiladi.

Bu xususiyat faqat shaxsiy foydalanish uchun moʻljallangan boʻlib, undan vaqtni toʻgʻri taqsimlash vositasi sifatida foydalanish mumkin.

Yashirin menyu

Telegramda yashirin menyu mavjud boʻlib, unga kirish orqali oddiy interfeysda mavjud boʻlmagan qoʻshimcha funksiyalarni topishingiz mumkin. Ushbu maxfiy menyuning eng foydali xususiyatlaridan biri barcha suhbatlarni bir vaqtning oʻzida oʻqish imkoniyatidir.

Bu qanday qilinadi? Bu menyuni ochish uchun “Sozlamalar"ga oʻtiladi, dastur versiyasi koʻrsatilgan eng pastki qismiga tushiladi. Keyin esa ilova versiyasi yozuvi ustiga bosib turasiz, “Hold again to open the debug menu” degan yozuv paydo boʻlguncha ushlab turishingiz kerak. Va yana bir marta maxfiy menyu ochilguncha bosib turasiz.

Yashirin menyudagi funktsiyalardan foydalanish ehtiyotkorlikni talab qilishini yodda tutish kerak. Ilova sozlamalarida kiruvchi oʻzgarishlar yoki xatolarga yoʻl qoʻymaslik uchun barcha variantlarni oʻylab bosish tavsiya qilinadi.


Bundan tashqari, Afisha.uz saytida 2023-yilda ham Telegram qulayliklari haqida maqola e’lon qilingandi. Ushbu maqoladan ham koʻplab kerakli ma’lumotlarni olishingiz va 2024-yilgi oʻzgarishlar bilan solishtirib koʻrishingiz mumkin.