Eng yaxshi oflayn mobil oʻyinlar
Mobil telefonlar hayotimizning bir qismiga aylangani barchaga ma’lum, agar shunday boʻlmaganda, siz ushbu xabarni telefoningizda oʻqib turmagan boʻlardingiz. Kimnidir ishi telefonida, kimdir telefonni shundaki kundalik ehtiyoj yoki xordiq chiqarish uchun ishlatadi, qisqa qilib aytganda, smartfoni boʻlmagan odamni topish qiyin.
Qoʻldagi gadjetlar nafaqat aloqa uchun, balki yuqorida aytganimizdek, dam olish, chalgʻish uchun ham yaxshi vosita. Dam olish, kutish vaqtida mobil oʻyin oʻynab vaqt oʻtkazish osonroq. Hozirgi paytda koʻp oʻyinlar murakkab va onlayn boʻlib ketgan, lekin ilova doʻkonlarida oflayn va yengil mobil oʻyinlar hali ham trendda. Bunday oʻyinlar qisqa vaqtni oʻldirish uchun juda soz. Masalan, ularni metroda ketayotganda oʻynashingiz mumkin. Biz esa ularning bir nechtasini quyida keltirdik.
Subway Surfers
Toʻplamni bu oʻyinsiz qoldirish qiyin edi, qoʻshildimi, demak u birinchida boʻlishi kerak. “Subway Surfers” 2012-yilning 24-may kuni chiqarilgan, ya’ni u 12 yilligini nishonlamoqda. Bir muchal qayta kelgunicha trendda tushmadi, hali ham koʻplab telefonlarda bor va istalgan yoshdagi foydalanuvchiga manzur keladi.
Instagram yoki TIkTok’da biror hikoya (odatda ibratli) aytilayotganda fonga qoʻyilayotgan bu oʻyinning shartlarini bilmagan odamning oʻzi boʻlmasa kerak: poyezd vagoniga graffiti chizayotgan personajni politsiya koʻrib qoladi va personaj cheksizlikka qarab yuguradi, yoʻl davomida toʻsiqlardan oʻtishi, tanga, sovgʻalar, yakunda soʻz xosil qiluvchi harflar terishi, hoverbord orqali oʻlimdan qutilib qolishi, uchishi va hokazolar qilishi mumkin (esingizda boʻlsa kerak hammasi).
Yuklab olish: Google Play | App Store.
Candy Crush Saga
Bu oʻyin ham “Subway Surfers” bilan deyarli bir vaqtda, 2012-yilning 12-aprelida chiqarilgan. Mashhurlik darajasi ham deyarli bir xil boʻlgan. Oʻyin mantigʻi oddiy: uchta yoki undan koʻp bir xil rangli “qand"larni bir joyga toʻplash kerak.
Oʻyin bepul, ammo ichida pul evaziga qiyin vaziyatda chiqib ketish mumkin. Ushbu oʻyin eng mashhurlikka erishgan vaqtlarida bu orqali kompaniya kuniga deyarli 1 million dollar daromad qilgan.
Yuklab olish: Google Play | App Store.
Angry Birds 2
Jamlanmaning boshidagi uchta oʻyin (balki hammasi) 2000-yillarda tugʻilganlar uchun “nostalgiya” boʻlishi mumkin, ular shu oʻyinlar bilan katta boʻlishgan. Oʻyinlar shu darajada yaxshi boʻlganki, hozir ham trenddan tushgani yoʻq (xay, hammasi ham emas).
Angry Birds — tuxumlarini yashil rangli hayvonlardan himoya qilayotgan qushlar. Ular esa doim himoya ostida boʻladi. Qushlar yordamida ularni yoʻq qilish kerak boʻladi.
Yuklab olish: Google Play | App Store.
Dr. Driving
Boshlangʻich nuqtada “Tico"ga oʻxshash qizil mashina, turli shartlar, urilmasdan, vaqtida oʻshalarni bajarish zarur. Qarang, qanchalik hayotiy?! Agar shartlar bajarilmasa, haydovchi jazolanadi.
Yuklab olish: Google Play | App Store.
Fruit Ninja
Asabni tinchlantirish va jahlni ketkazish uchun eng zoʻr oʻyinlardan biri.
Yuklab olish: Google Play | App Store.
Mini Metro
Endi nostalgiyadan biroz chalgʻib, yangiroq oʻyinlarga oʻtamiz. Mazkur oʻyin metroda oʻynab ketish uchun ideal. Chunki unda tez rivojlanib borayotgan shahar uchun qulay va samarali metro liniyalarini tuzib chiqish kerak boʻladi. Bu degani metroda ketayotib hech boʻlmasa telefoningizda oʻzingizga qulay metroni yaratishingiz mumkin. Omad.
Yuklab olish: Google Play | App Store.
Supermarket Manager Simulator
Ushbu oʻyinda siz oʻzingizni supermarket menejeridek his qilib koʻrishingiz mumkin. Bunda siz supermarketni boshqarasiz: yangi mahsulot qabul qilib olasiz, narx qoʻyasiz, javonlarni toʻldirasiz va hokazo. Biror supermarketga ishga joylashishdan oldin simulyatsiyani sinab koʻrish foydali boʻlishi mumkin.
Yuklab olish: Google Play | App Store.
Behind the Frame: The Finest Scenery
“Ghibli” studiyasini eslatuvchi badiiy uslub bilan oʻyin foydalanuvchini galereyaga topshirish uchun yakuniy san’at asarini tugatish arafasida turgan rassom sifatida koʻradi. Rasm nihoyasiga yetar ekan, oʻyinchi asta-sekin tasodif va san’at bilan qoʻllab-quvvatlangan hissiy tarixni ochadi.
Yuklab olish: Google Play | App Store.
Gorogoa
Gorogoa’da oʻyinchilarga toʻrttagacha tasvirlar taqdim etiladi. Aksariyat tasvirlarni yaqinlashtirib, uzoqlashtirish, oʻng yoki chap tomonga yurgazish mumkin. Oʻyinchi yangi maydonlarni rivojlantirish va ochish uchun ular orasidagi aloqani topish uchun har bir tasvirni toʻplashi, birlashtirishi va oʻrganishi kerak. Qisqa qilib aytganda, murakkabroq raqamli pazl.
Yuklab olish: Google Play | App Store.
Sudoku
Bu oʻyinni koʻrmagan, oʻynamagan odam boʻlmasa kerak. Oʻyin mantigʻi oddiy: sonlarni gorizontal va vertikal tartibda terib chiqish zarur, ular bir-birini takrorlamasligi kerak.
Yuklab olish: Google Play | App Store.