Samsung Galaxy A55 — metaldan ishlangan yangi telefon tahlili

E’lon qilingan sana· 652
Samsung Galaxy A55 — metaldan ishlangan yangi telefon tahlili

Mart oyining boshida Samsung kompaniyasi tomonidan yangi Samsung Galaxy A55 telefoni sotuvga chiqarildi. Afisha.uz yangi qurilmani sinovdan oʻtkazdi va uni avvalgi Samsung Galaxy A54 modeli bilan solishtirib koʻrdi.

Telefonning dizayni bir qarashda avvalgi modeldan katta farq qilmaydi. Ikkala telefonning ham ramkalari toʻrtburchak shaklda ishlangan, orqasi esa oynadan qilingan, gʻilofsiz ishlatsangiz darxol barmoq izlari qoladi. Biroq shu vaqtda telefonlar oʻrtasidagi birinchi farq koʻzga tashlanadi. A55'ning ramkalari metaldan qilingan. A54'da esa bu plastikdan edi.

Bundan tashqari, yangi modelning yon tomoni toʻrtburchak shaklda ishlanganini koʻrish mumkin. Bu telefonni A54 bilan bemalol farqlash imkonini beradi. Chunki avvalgi modelning yon tomoni dumaloq shaklda ishlangandi.

Kameraning koʻrinishda ham oʻzgarish yoʻq. Telefonning oldi tomonida ham koʻzga tashlanishi mumkin boʻlgan katta yangilanishlar boʻlmagan. Shunchaki A55'ning oʻlchami avvalgi modelga qaraganda kattalashgan. Telefonlar suv va changdan bir xil darajada IP67 standarti boʻyicha himoyalangan.

Samsung A55'ni 4 xil rangda xarid qilish mumkin. Bular, lemon, lilac, iceblue va navy. Biz uni lilac ranglisini test qildik va rang uchun alohida ijobiy fikrlar eshitdik. Shuningdek, Samsung bu model uchun ajoyib ranglarni tanlaganini e’tirof etish kerak.

Displeyning oʻlchami 6,6 dyuymni tashkil qiladi. Bu A54'da 6,4 dyuym edi. Displeyni himoyalash uchun Corning Gorilla Glass Victus+ tizimi oʻrnatilgan boʻlib, bu ham avvalgi modelga qaraganda yaxshilangan. A55 ikkita simkarta qoʻyish imkoniyatidan tashqari e-sim'ni ham qoʻllab-quvvatlaydi.

Telefonlarning ikkalasi ham bir xil batareya quvvatiga ega. A55'ga ham, A54'ga ham besh ming amperli batareya oʻrnatilgan. Toʻliq zaryadlash uchun bir soatdaan sal oshiq vaqt ketadi. Telefonlar simsiz quvvat olmaydi.

Maksimal yorqinlik 1000 nitgacha koʻtarilsihi mumkin. A54 bilan solishtirganda bu jabhada ham oʻzgarish boʻlmagan. Bu telefondan quyosh nuri tushib turganda ham foydalanish qulay ekanini anglatadi.

Eng asosiy narsaga, telefonning narxiga kelsak maqola yozilgan vaqtda Oʻzbekistonda telefon taxminan 340 dollarni ya’ni 4 300 000 soʻmni tashkil qilmoqda. Solishtirish uchun hozirda yangi A54 telefoni 300 dollar boʻlib, taxminan 3 700 000 soʻm hisoblanadi.

Xulosa qiladigan boʻlsak A55'da avvalgi modelga qaraganda juda katta oʻzgarishlar yoʻq. Hozirda A54 telefonining egasi sifatida uni A55'ga almashtirmagan boʻlardim. Lekin test qilish jarayonida A55 telefoni ijobiy fikrlar uygʻota oldi. Agar oldimda taxminan 350 dollarga A55 telefonini yoki 300 dollarga A54 telefonini sotib olish variant boʻlsa, albatta, yangi modelni sotib olgan ma’qul.

Agar siz Samsung muxlisi boʻlsangiz va A liniyasidagi telefonlarga qiziqsangiz telefonlar narxi oʻrtasidagi farqning kichikligi tufayli 2024-yilda A55'ni sotib olish maqsadga muvofiq boʻladi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Nikita Davidov
Fotosuratchi
Nikita Davidov