Telegram’da monetizatsiya ishga tushdi. O‘zbekistonliklarga ham pul to‘lanadi
Telegram kontent yaratuvchi kanallar uchun monetizatsiya ishga tushirilganini e’lon qildi. Bu haqda messenjerning navbatdagi yangilanishidan keyin xabar berildi.
“Kamida 1000 ta obunachiga ega ommaviy kanal egalari kanallarida namoyish qilingan reklamalardan tushgan daromadning 50 foiz qismi bilan mukofotlanadi”, — deyiladi xabarda.
Bunda to‘lovlar TON kriptovalyutasida amalga oshiriladi va uni komissiyasiz yechib olish mumkin. Bundan tashqari, ularni Telegram’dagi reklamalar, kolleksiya qilinadigan foydalanuvchi nomlari yoki Premium obunalari uchun yutuqli oʻyinlar toʻloviga ishlatish mumkin. Monetizatsiya ishga tushishi uchun kanalda mingdan ortiq obunachi bo‘lishi kerak.
Monetizatsiya statistikasini ko‘rish uchun Kanal sozlamalari > Statistika > Monetizatsiya rukniga kirish kerak. Kanal egalari uchun yechib olish imkoniyati kelgusi haftalarda Fragment saytida paydo bo‘ladi.
Mukofotlash dasturi uchun Toncoin (TON blokcheyni asosida ishlovchi kriptovalyuta) bilan xarid qilish mumkin bo‘lgan yangi turdagi reklamalar taqdim etilmoqda.
Shuningdek, messenjerda yana boshqa o‘zgarishlar bo‘ldi. Endi foydalanuvchilar profiliga o‘z tug‘ilgan kunlarini kiritib qo‘yishi va shaxsiy kanalini bog‘lab qo‘yishi mumkin bo‘ladi.