Xiaomi oʻzining ilk avtomobilini taqdim etdi
Xiaomi kompaniyasi o‘zining ilk avtomobili — SU7 C-Class elektrosedanini rasman namoyish qildi. Uning SU7 Max nomli ilgʻor versiyasi ham mavjud. Ta’kidlanishicha, SU7 tashqi koʻrinishini yaratish jarayonida BMW, MINI va Rolls-Royce modellari ustidagi ishlari bilan tanilgan avtomobil dizayneri Kris Bengl ishtirok etgan.
SU7 old uzatmali boʻlib, 299 ot kuchi (220 kVt) quvvatiga ega va 5,28 soniyada 100 km/soat tezlikka erishadigan elektr motorga ega. Maksimal tezlik soatiga 210 kilometr bilan cheklangan, bir martalik quvvatlanish orqali 668 kilometrni oʻtishi va’da qilinmoqda.
SU7 Max versiyasi toʻliq uzatmali boʻlib, 673 ot kuchiga (495 kVt) ega. 0 dan 100 km/soat tezlikkacha chiqish uchun 2,78 soniya kifoya qiladi va bir quvvatlanishda 800 kilometr masofani (CLTC usuli boʻyicha) bosib oʻtadi. Avtomobilning maksimal tezligi soatiga 265 kilometrgacha chiqadi.
Ikkala versiyada ham tez quvvatlash texnologiyasi mavjud, buning yordamida besh daqiqalik quvvatlanish 220 kilometrga, 15 daqiqalik esa 510 kilometrgacha yetadi. Xiaomi shuningdek, SU7 “past haroratlarda eng yuqori zaryadni ushlab turishi” tufayli “qish uchun elektromobillar qiroli” boʻlishini aytdi. Old bagaj boʻlimining hajmi 105 litrni, orqa bagaj boʻlimining hajmi esa 517 litrni tashkil qiladi.
Mashinalar Nvidia Drive Orin chipsetiga ega Xiaomi Pilot avtopiloti, bitta lidar, 11 ta HD kameralar to‘plami, 12 ta ultratovush va uchta to‘lqin uzunligi radarlari bilan jihozlangan. SU7 shuningdek, atrofdagi narsalarni aniqlaydigan va kerak boʻlganda favqulodda tormozlashni faollashtiradigan aktiv xavfsizlik tizimiga ega.
SU7 ichki qismida 3K pikselli va tomonlar nisbati 16:10 bo‘lgan 16,1 dyuymli ekranga ega. U rul gʻildiragi orqasida joylashgan kichik 7,1 dyuymli ma’lumot displeyi bilan toʻldiriladi. Old oynada 56 dyuymli HUD interfeysini chiqarish mumkin. Konditsioner, “podveska” va boshqa bir qator parametrlar boshqaruv jismoniy koʻrinishda qoldirildi. Salon dinamik yoritish va Dolby Atmos effektli audiotizimga ega.
Old o‘rindiqlarning bosh suyanchiqlarida orqa yo‘lovchilar uchun olinadigan Xiaomi Pad ekranlari ham mavjud. Ular orqali musiqa, navigatsiya va boshqa funksiyalarini boshqarish mumkin. Avtomobil HyperOS tizimida ishlaydigan Xiaomi smartfonlari bilan chuqur integratsiya qilinganligi e’lon qilindi. Bundan tashqari, iPhone foydalanuvchilari uchun CarPlay va AirPlay`ni qoʻllab-quvvatlash aytildi.
Kompaniya Xiaomi SU7 va SU7 Max narxini hali e’lon qilmagan.