Telegram’da navbatdagi katta yangilanish taqdim etildi
“Telegram” jamoasi messenjerning yangi versiyasini taqdim etdi. Ilovaning Yangi yil oldi yangilanishidan so‘ng foydalanuvchilar kanallar fon rasmlari, emoji statuslar va profil logotiplarini oʻrnatishi, foydalanuvchilar esa hikoyalarga kanal xabarlarini qayta joylashi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, Telegram Premiumni bir vaqtda bir necha kishiga berish, yutuqli oʻyinlarga qoʻshimcha mukofotlarni kiritish imkoniyati va boshqa koʻplab yangiliklar qoʻshildi. Quyida ushbu o‘zgarishlar haqida batafsil.
Kanal koʻrinishini moslashtirish
Kanallar endi obunachilar yoki yutuqli oʻyinlardan olingan ovozlar evaziga erishgan darajasiga qarab koʻrinishini moslashtira oladi.
Xabarlari rangiga qoʻshimcha ravishda, kanal egalari endi kanalni ochadigan barchaga koʻrinadigan profil muqovasiga rang va logotip tanlashi, emoji status va fon rasmi belgilashi mumkin.
Kanallar emoji statuslari uchun Telegram rassomlari yaratgan minglab emojilar orasidan tanlagan holda kanal nomi yoniga animatsiyali qorbobodan tortib sirli hotdoggacha istalgan emojini qoʻshishi mumkin.
Kanal darajasi qanday koʻrinish sozlamalaridan foydalanish mumkinligini belgilaydi. Darajalar kanallarga hikoyalar joylash va maxsus reaksiyalar qoʻshish imkonini ham beradi.
Hikoyalarda postlarni ulashish
Kanallardan xabarlarni endi hikoyalarga qayta joylash mumkin. Bunda harakatlantirish, oʻlchamini oʻzgartirish va bezash mumkin boʻlgan xabar nusxasi qoʻshiladi. Hikoyani koʻradigan istalgan kishi kanaldagi xabarni ochish uchun shunchaki uning bosishi kerak.
Repostlar rasmlar, fayllar kabi barcha xabar turlarini va hatto ovozli yoki video xabarlarni qoʻllab-quvvatlaydi. Kelgusi yangilanishlarda hikoyalarga repostlar interfaol soʻrovnomalar kabi qoʻshimcha funksiyalarga ega boʻladi.
Katta sondagi Premium hadyalar
Doʻstlarni tabriklash uchun endi bir nechta odamga bir vaqtda Telegram Premium hadya qilish mumkin.
Sozlamalar ruknida yangi “Premium hadya qilish” boʻlimi bor, unda 10 tagacha foydalanuvchini tanlash va bitta bosish bilan ularga Telegram Premium taqdim etish mumkin. Agar ushbu foydalanuvchilardan birida allaqachon Premium boʻlsa, u hadyani keyinroq faollashtirish yoki doʻstga yuborish uchun saqlashi mumkin.
Yutuqli oʻyinlarda maxsus hadyalar va gʻoliblar roʻyxati
Yutuqli oʻyinlar oʻtkazayotgan kanallar endi uzoqroq davomiylikni belgilashi va burritolardan tortib Bugattilargacha qoʻshimcha mukofotlar qoʻshishi mumkin.
Yanada koʻproq shaffoflik uchun yutuqli oʻyin oʻtkazuvchilar yutgan hisoblarni eʼlon qilish uchun “Gʻoliblarni koʻrsatish” bandini yoqishi mumkin. Agar u yoqilsa, omadli gʻoliblar yangi konfetti bilan toʻldirilgan xabarda eʼlon qilinadi.
Telegram gʻoliblarni tasodifiy tarzda tanlaydi va Telegram Premium hadya kodlarini avtomatik tarqatadi. Kanal adminlari oʻzlari kiritmoqchi boʻlgan har qanday qoʻshimcha mukofotlar uchun javobgar hisoblanadi.
Repostlarni koʻrish va boshqalar
Foydalanuvchilar allaqachon hikoyalarini kimlar koʻrganini bilishi mumkin, kanallar esa hikoyalari qanday unumdorlikka erishganini kuzatish uchun batafsil statistikani olishi mumkin.
Bu yangilanish bilan kanal adminlari endi hikoyalariga reaksiyalarni koʻrishi hamda foydalanuvchilar va kanallar hikoyalarini kimlar qayta joylaganini bilishi mumkin.
Hikoyalar uchun rasm qirqmalari
Galereyadagi rasmlarni hikoyalar ustiga joylash mumkin va endi rasmlardan kerakli obyektni kesib, fonni olib tashlash mumkin.
Hikoyaga rasm qoʻshish uchun hikoyalardagi stikerlar panelini ochib, rasm belgisini bosish kerak. Keyin fonni olib tashlash uchun rasmni tanlab, menyudagi > belgisini bosish va “Qirqish” bandini tanlash zarur. Bu funksiya iOS 17+ yoki Google Play xizmatlari oʻrnatilgan Android 7+ ni talab qiladi.