Apple iPhone’larga ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha yangi funksiya qo‘shdi
Apple o‘g‘rilar hatto telefon parolini bilgan taqdirda ham qurilma egasining shaxsiy ma’lumotlari, to‘lov ma’lumotlari, fotosuratlari va videolariga kirishning oldini olish uchun iPhone’ga “O‘g‘rilangan qurilmani himoya qilish” funksiyasini qo‘shdi, deb xabar bermoqda The Wall Street Journal.
Funksiya yoqilgandan so‘ng qurilma muayyan harakatlarni amalga oshirishdan oldin Face ID yoki Touch ID orqali tasdiqlashni soʻraydi. Masalan, Safari’da saqlangan to‘lov ma’lumotlaridan foydalanish, Apple Card berish, birlamchi sozlamalarni tiklash yoki “Yoʻqotilgan rejim"ni o‘chirish uchun bunday amallar so‘raladi.
Apple ID yoki iPhone parolini oʻzgartirish yoki “Find me” funksiyasini oʻchirish uchun ikki marta Face ID yoki Touch ID tekshiruvidan oʻtish kerak boʻladi: birinchi marta oʻzgartirish soʻrovidan keyin, ikkinchi marta bir soatdan keyin. Agar qurilma “gʻayrioddiy” joyda boʻlsa, ushbu himoya ishlashni boshlaydi.
2023-yilning fevralida WSJ AQShning ayrim shaharlarida qaroqchilar iPhone parolini topish, qurilmalarini o‘g‘irlash, to‘lov ma’lumotlaridan foydalanish va iCloud sozlamalarini o‘zgartirish maqsadida qurbonlar ustidan josuslik qilayotgani haqida yozgandi.