Google musiqa yozuvchi sun’iy intellektni taqdim etdi
Google kompaniyasining “Deep Mind” bo‘limi o‘zining so‘nggi va ilg‘or sun’iy intellektga asoslangan “Lyria” deb nomlangan musiqa tizimini taqdim etdi, deya xabar bermoqda Spot.uz.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, model mashhur san’atkorlarning uslubiga taqlid qiluvchi yuqori sifatli vokal, qo‘shiq matni va orqa treklarni yaratishi mumkin.
“DeepMind” ushbu SI tizimini YouTube Shorts’da yangi musiqa yaratish tajribalari bilan bir vaqtda e’lon qildi. “Dream Track” deb nomlangan tajribalardan biri ijodkorlarga Alek Benjamin, Charli Pus, Charli XCX, Demi Lovato, Jon Lejend, Sia, T-Pain, Troye Sivan va Papus kabi ijrochilarning ovozi bilan 30 soniyali musiqa yaratish imkonini beradi.
Ushbu qo‘shiqlar YouTube Shorts’da qisqa video sifatida joylashtiriladi. San’atkorlar o‘zlarining qo‘shiqlarini “Lyria” modelini o‘rgatish uchun ishlatishga rozilik bergan.
Hozircha “Lyria” imkoniyatlari cheklanganligicha qolmoqda va odamlarning ijodiy o‘ziga xosligi bilan tenglasha olmaydi.