Toshkentda maktab o‘quvchisi is gazidan ogohlantiruvchi qurilma yaratdi
Toshkentda maktab o‘quvchisi is gazidan ogohlantiradigan qurilma yaratdi, deya xabar bermoqda Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi.
Shayxontohur tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabining “Robototexnika” to‘garagi aʼzosi Ozodbek Hoshimov yaratgan qurilma gaz, olov va tutun yuzaga kelganda xavf haqida tegishli xizmatlarga geolokatsiya va ogohlantiruvchi SMS xabarnoma yuboradi.
Bundan tashqari, o‘t o‘chiruvchilarga xavf yuzaga kelgan joydan geolokatsiya jo‘natilib, gaz xavfi yuzaga kelsa yoki nosoz joylar aniqlansa ta’mirlash korxonalariga ham xabar beriladi.
“Qish mavsumi edi. Odamlar is gazidan vafot etdi degan mashʼum xabarlarni OAV orqali o‘qib, eshitganimda, buning oldini olish kerak degan o‘y keldi va buning ortidan mana shu ixtironi yaratish g‘oyasi tug‘ildi. Agar ushbu ixtiro tegishli xizmatlar bilan integratsiya qilinsa, albatta bunday baxtsiz hodisalarning oldi olinishiga ishonaman”, deb aytgan Ozodbek.
Qayd etilishicha, Ozodbekka ushbu ixtironi yaratishda to‘garak rahbari Kamoliddin Abduqahhorov boshchilik qilgan. Ayni damda uni patentlash jarayoni kechmoqda.