Xiaomi birinchi elektromobilini namoyish etdi
Xitoyning Xiaomi kompaniyasi o‘zining birinchi elektromobili — Beijing Xiaomi SU7'ni namoyish qildi.
Elektromobil mamlakat poytaxtida joylashgan Beijing Automotive Industry Holding (BAIC) zavodida ishlab chiqariladi, 2024-yilning birinchi yarmida rasman taqdim etiladi. Hozirgi suratlar Xitoy sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi tomonidan e’lon qilingan.
Sedan yana bir necha versiyalarda chiqarilishi aytilmoqda, ular quvvati, elektr motorlari soni va akkumulyatori bilan farqlanadi. Avtomobil og‘irligi 2205 kg, maksimal tezligi esa 265 km/soat. Yangi Xiaomi mahsuloti uchun akkumulyator bloki BYD (asosiy versiyalar uchun) va CATL (yuqori versiyalar uchun) tomonidan yetkazib beriladi.
«Xiaomi brendi ostidagi elektromobil kompaniyaning o‘z mijozlari uchun keng qamrovli ekotizim yaratish rejasining muhim qismidir. Kompaniya smartfonlar va boshqa maishiy texnikalar uchun operatsion tizimni allaqachon yangiladi, u kelajakda elektromobillarni ham o‘z ichiga oladi. Shunda foydalanuvchilar Xiaomi mahsulotlarining barcha turlarini yagona platformada boshqarishlari mumkin bo‘ladi», — deya qayd etdi Bloomberg.
Elektromobil qachondan boshlab sotuvga chiqishi va uning narxi haqida hozircha rasmiy ma’lumot yo‘q.