Huawei P60 Proʻga sharh — takrorlanmas dizayn va ajoyib kameralar

E’lon qilingan sana· 555
Huawei P60 Proʻga sharh — takrorlanmas dizayn va ajoyib kameralar

Takrorlanmas naqshlarga, dizaynga ega, sifatli suratga olish imkoniyatlari, yaxshi batareya, dunyodagi eng yaxshi kamerali telefonning boshqa xususiyatlari va kamchiliklari haqida gaplashamiz.

Kameralar koʻpincha yaxshi smartfon tanlashning asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun, biz sinab koʻrish uchun DXOMARK reyting guruhi tomonidan dunyodagi eng yaxshi kamerofon deb tan olingan Huawei P60 Proʻni tanladik. Bizning muharririmiz uni hafta davomida sinab koʻrdi va noyob korpus dizayni, eskirgan prosessor, Google xizmatlarining yetishmasligi, yaxshi OLED displey va avtonomiya, shuningdek, ushbu flagmanning kamchiliklari haqida gapirishga tayyor.

Oʻziga xos koʻrinish

Menimcha, oq rangdagi Huawei P60 Pro eng chiroyli smartfonlardan biridir. Bunga sabab har bir smartfonning orqa paneliga noyob naqsh bilan oʻziga xos joziba berib turadigan Rokoko marvarid rangidir. Shuningdek, sotuvda chuqur va oʻrtacha qora rangdagi versiyalari mavjud.

Bundan tashqari, bu yerda kamera blokining dizayni ham boshqa smartfonlarnikiga oʻxshamaydi va bir koʻrishdayoq oldimizda kamerofon turganini payqaymiz. Ammo blokda bitta muammo bor — u korpusdan shunchalik boʻrtib chiqqanki, hatto toʻplamdagi gʻilof ham kamera oynasiga turli chiziqlar tushishidan, tirnalishdan himoya qila olmaydi. Bundan tashqari, telefon stol ustida turganda foydalanish paytida yaxshigina tebranadi.

Umuman olganda, P60 Pro qoʻlingizda ushlab turish uchun qulay. Menga uning cho‘zinchoq shakli va yumaloq qirralari yoqdi, bu qurilmaning ergonomikasi uchun afzallik yaratadi, shuningdek, korpusni suvdan himoya qiladi — siz hatto telefon bilan basseynga tushishingiz mumkin.

Ajoyib ekran

Huawei P60 Pro old tomonida 6,67 dyuymli qavariq OLED displey joylashgan bo‘lib, 120 Gs gacha moslashuvchan yangilanish tezligiga ega. Ekran yoqimli, yaxshi ranglar, yetarli yorqinlik va foydalanuvchining xohishiga mos keladigan turli xil sozlamalarga ega.

Faqat barmoq izlari skaneri unchalik mamnun qilmaydi. U yaxshi ishlaydi, lekin juda pastda joylashgan — bosh barmogʻingiz bilan unga bosmoqchi boʻlganingizda smartfonni yana bir qoʻlda ushlab turishga toʻgʻri keladi, bu juda noqulay.

Oʻtgan yilgi afzallik

Bundan tashqari, flagman smartfon narxi deyarli 1000 dollar bo‘lgani, o‘tgan yilgi chip — Qualcomm Snapdragon 8+ Gen 1 o‘rnatilgani va hatto 5Gʻni qo‘llab-quvvatlamasligi meni biroz xafa qildi. Ha, Huawei har tomondan sanksiyalar girdobiga tushgan, shuning uchun ular qiyin vaziyatda, ammo iste’molchini bu qiziqtirmaydi — unga bunday pul evaziga eng yuqori qulaylik kerak.

Shunday boʻlsa-da, 8+ Gen 1 bu aslida yomon yoki arzon protsessor emasligini ham tushunish kerak. Bu barcha vazifalar uchun yetarli kuchni ta’minlaydigan eng muhim yechimdir. Smartfondagi oʻyinlar hatto maksimal grafik sozlamalarida ham “sekinlashmaydi”, barcha ilovalar va interfeysda shunchaki “uchadi”. Menimcha, kelgusi bir necha yil davomida shuning oʻzi yetarli boʻladi.

Telefondagi xotira hamma narsa uchun yetarli — 8 yoki 12 GB operativ xotira va 256 yoki 512 GB xotira bilan jihozlangan.

Tez quvvat olish

Huawei P60 Pro ichida 4815 mA/soat akkumulyator mavjud. Sinov paytida toʻliq zaryadlangan smartfon men uchun bir kunlik faol foydalanish uchun yetarli edi va bu ajoyib natija. Ammo ish kuni faqat energiya tejash rejimini yoqish orqali “amalladim”.

Smartfonni sim orqali tezda quvvatlash mumkin — 88 Vt tezlikda quvvatlanadi: 10 daqiqada 38% va 30 daqiqada — 91% ga yetadi. Toʻliq quvvatlashga 38 daqiqa ketadi.Shuningdek, 50 Vt lik simsiz quvvatlagich va boshqa gadjetlarni quvvatlash uchun 7,5 Vt reversiv quvvatlagich ham mavjud.

Google xizmatlari

Va endi men Huawei`ning asosiy muammosi haqida gapirib beraman. Men internetda Huawei smartfonlarini faqat Google xizmatlarining yetishmasligi uchunginai sotib olishning hojati yoʻqligi haqida gapiradiganlarni ochigʻi tushunmayman. Ha, xitoyliklar AQSh sanksiyalari tufayli qiynalmoqda, ammo asosiy smartfonimdan telefonimga kerakli dastur va o‘yinlarni o‘rnatishda qiyinchilik koʻrmadimi.

Bundan tashqari, P60 Proʻda siz oʻzingizga kerak boʻlgan hamma narsani Huawei’ning xususiy ilovalar doʻkoni boʻlgan App Gallery’dan yuklab olishingiz mumkin. Google xizmatlari esa GBox va Gspace yordamida oʻrnatiladi, ularni ham App Gallery`dan yuklab olish mumkin.

Koʻp funksiyali kameralar

Birinchidan, keling, kameralar haqida toʻgʻridan-toʻg'ri xulosaga oʻtaylik — ular bu yerda shunchaki hayratlanarli. Huawei P60 Pro, shubhasiz, ayni paytda dunyodagi eng yaxshi kamerofonlardan biri unvoniga loyiqdir. Va DXOMARK reyting jamoasi uni sayyoradagi eng yaxshi kamerofon deb hisoblaydi. Ammo mening fikrimcha, Galaxy S23 Ultra oʻn karra periskop bilan suratga olish uchun koʻproq erkinlikni ta’minlaydi.

P60 Proʻda toʻrtta kamera mavjud va ularning barchasi foydali: 48 MP — asosiy keng burchakli (f / 1.4-f / 4.0, 25 mm, PDAF, Laser AF, OIS), 48 MP (f / 2.1, 90 mm, PDAF, OIS , 3,5x optik zum) — telefoto, 13 MP (f/2,2, 13 mm, AF) — ultra keng burchakli va 13 MP (f/2,4) — old keng burchakli kameralarga ega. Telefon sekundiga 60 kadr tezlikda 4K gacha boʻlgan oʻlchamdagi videolarni yozib olishi mumkin.

Smartfonning e’tiborga molik joyi asosiy moduldagi oʻzgaruvchan diafragmadir, bu fonni xiralashtirish chuqurligini dasturiy jihatdan emas, balki optik jihatdan sozlashda yordam beradi — bu smartfon uchun juda zoʻr. Menga asosiy moduldagi rasmlar juda yoqdi. Ular batafsil, yoqimli va haqiqiy rangga ega, shuningdek, shahar manzaralarining tungi kayfiyatini yaxshi yetkazib beradi.

Men undagi keng burchakli kamerani zamonaviy smartfonlar orasida deyarli eng yaxshisi deb maqtayman. Ushbu modul nafaqat kunduzi, balki kechasi ham yaxshi suratga tushiradi, shuningdek, hoshiyaning chetlarini “xiralashtirmaydi”.

Telefoto foydalanuvchiga 3,5x optik zoom va 10x raqamli zoom imkonini beradi. Nima uchun telefonda raqobatchilarda boʻlgani kabi periskop yoʻqligi men uchun sir. Kamerali blokning qalinligini hisobga olsak, ular uni bu yerga qoʻyishlari mumkin edi. Misol uchun, S23 Ultra`da oʻn barobar optik zoomga ega periskop mavjud.

Old kamera qiyin yorugʻlik sharoitida ham yaxshi selfilar suratga oladi. Asosiysi, yuzning turli “yaxshilagichlarini” oʻchirib qoʻyish.

Smartfon hatto yo‘lda suratga olish paytida ham xiralashmasdan yuqori sifatli video yozib oladi.

YouTube kanalimizdagi video sharhimizda namuna sifatida koʻproq fotosuratlar va videolar, Huawei P60 Pro natijalarini iPhone 14 Pro Max bilan taqqoslash va professional fotografning kameralar haqidagi fikrini ko‘rishingiz mumkin.

Oʻzining narxiga arziydimi?

P60 Pro juda koʻp ijobiy tomonlarga ega: suvga chidamli goʻzal korpus, yaxshi ekran, mustahkam batareya va fotosuratchilar va videograflar uchun keng imkoniyatlarga ega ajoyib kameralar. Kamchiliklardan men oʻtgan yilgi protsessorni, pastda joylashgan barmoq izlari skaneri va kuchli boʻrtib chiqadigan kamera blokini ta’kidlayman.

Agar siz smartfonda suratga olishni yaxshi koʻrsangiz va gadjetlardagi goʻzallikni qadrlasangiz, unda e’tiboringizni ushbu kamerofonga qarating, u iPhone 14 Pro Max va Galaxy S23 Ultra bilan bir qatorda turishga loyiq, chunki kameralar jihatidan u koʻp tomonlama ulardan ustun turadi.

Sharh e’lon qilingan paytdagi Huawei P60 Proʻning Toshkentdagi narxi:

  • OLX — 10 500 000 so‘mdan;
  • Olcha — 12 199 000 so‘m;
  • MediaPark — 12 475 000 so‘m;
  • Texnomart — 12 912 000 so‘m.

Ushbu telefon uchun bunday narx arziydimi? Menimcha, kameralar va smartfonning goʻzalligini hisobga olsak, ha. Bundan tashqari, yanada foydali variant mavjud — Pro pristavkasiz Huawei P60, u hatto 5x kattalashtirishga ega periskopga ega, ammo 12 Gb operativ xotiraga ega versiyasi yoʻq, reversiv quvvatlash va simli ulanish biroz sekinroq. Qolgan jihatlar boʻyich ular huddi egizakdek. Toshkentda P60 narxi 8 180 000 so‘mdan boshlanadi, bu Pro versiyasidan ikki milliondan ortiqroq arzon.

Nikita Davidov
Muallif va fotosuratchi
Nikita Davidov