Samsung Galaxy S23 va S23+ ni sinovdan oʻtkazamiz: "minorcha yangilanish"

E’lon qilingan sana· 431
Samsung Galaxy S23 va S23+ ni sinovdan oʻtkazamiz: "minorcha yangilanish"

Bugungi ushbu sharhda Samsung flagmani hisoblanuvchi liniyaning ikkita modeli — S23 va S23+ smartfonlari haqida soʻz boradi.

Bizning muharririmiz smartfon dizaynidagi oʻziga xoslik, mukammal kameralar va video suratga olishdagi yangi imkoniyatlar, yaxshilangan avtonomiya, kuchli eksklyuziv protsessor, arzimas toʻplam va yangi qurilmalarning boshqa qiziqarli xususiyatlari haqida soʻzlab beradi.

Mahsulot toʻplamidagi elementlarning kamayish tendensiyasi

Soʻnggi ikki yil davomida eng yaxshi brendlarning smartfonlari yupqa qutilarda yetkazib berilmoqda, ularda asosan quvvatlagich, gʻilof (chexol) va quloqchinlar mavjud emas. Ushbu tendensiya ishlab chiqaruvchilarga atrof-muhitga gʻamxoʻrlik qilish istagi koʻrinishi ostida koʻproq pul ishlash istagini yashirish orqali logistika xarajatlarini tejash imkonini beradi. Yangi Galaxy S23 ham bundan mustasno emas.

Bir tomondan, bu holat xaridorga o‘ziga xos vazifalari va imkoniyatlari uchun g‘ilof, naushnik va elektr ta’minotini tanlashda keng imkoniyatlar ochib beradi, shuningdek, tabiatni muhofaza qilishdagi oʻz ishtirokini his etishga yordam beradi. Boshqa tomondan, brendlar shu tarzda oʻz foydalanuvchilarini xavf ostiga qoʻyishadi — hamma ham 600 000 soʻmga 45 Vt quvvatga ega original quvvatlagich sotib olishni xohlamaydi. Original qurilmaning oʻrniga kimdir soxta sotib olishi mumkin, bu arzonroq va noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin.

200 dollarlik dizayn

Qachonlardir, Galaxy S21 va S22 e’lon qilinganida, kamera blokining dizayni tufayli Samsung flagmanlarini aniqlab olish oson edi. Oʻsha paytda kameralarning joylashuvi, koʻrinishi boshqacha edi. S23 liniyasining chiqishi bilan vaziyat keskin oʻzgardi — kameralar orqa panelda hech qanday qiziqarli dizaynsiz, bir-biridan alohida joylashtirildi.

Yangi mahsulotlarning dizayni boʻyicha asosiy shikoyat quyidagicha yangraydi: Samsung smartfonlari hali ham boshqa brendlar qurilmalari orasida ajralib turadi, ammo byudjetli liniyalar hisoblanuvchi Galaxy A va Galaxy S qurilmalari ikki tomchi suvdek bir-biriga oʻxshaydi. Menimcha, 1000 dollarlik smartfon koʻrinishidan 400 dollarlik yoki undan ham arzonroq telefonga o‘xshamasligi kerak. Tushunarliroq boʻlishi uchun quyida 200 dollarlik A14, 400 dollarlik A54 va 1000 dollarlik S23 smartfonlarining rasmlari berilgan.

Yangi S23 va S23+ smartfonlarini faqat yuqori sifatli korpus materiallari — shisha va metall qutqarib qola oladi: yangi mahsulotlarning korpuslariga tegishingiz bilan faqat ijobiy taassurotlar olasiz. Boshqa tomondan, xaridorlarning 99 foizi, katta ehtimol bilan, “chexol"dan foydalanishadi va bu yuqori sifatli material ekanligini sezishmaydi.

Ekranlar texnologiyalar choʻqqisiga chiqmoqda

S23 va S23+ bir-biridan ekran oʻlchamlari bilan farq qiladi — mos ravishda 6,1 va 6,6 dyuym. Shu bilan birga, ularda piksellar soni bir xil — 2340×1080px. Tasvirni yangilash tezligi muhitga moslasha oladi va 48 dan 120 Gs oraligʻida oʻzgaradi. Bu batareya quvvatini tejashga yordam beradi.

Oldingi avlod bilan solishtirganda ikkita oʻzgarishni e’tiborga olish kerak: eng yuqori yorqinligi 1200 dan 1300 nit`gacha koʻtarildi va displey uchun yangi oyna — Corning Gorilla Glass Victus 2 oʻrnatildi. Oʻzbekistonning jazirama quyoshi sharoitida yorugʻlik darajasiga 100 nit qoʻshilgani ayni muddao. Ha, yangi ekran oynasi ham yoqimli.

Boshqa jihatdan S23 va S23+ da Dynamic AMOLED 2X displeylari bugungi kunda ham eng yaxshi smartfonlardan biri hisoblanadi.

Qualcomm`ning oʻziga xos kuchi

Butun Galaxy S23 liniyasi ichida Samsung uchun maxsus moslashtirilgan Qualcomm Snapdragon 8 Gen 2 chipi o‘rnatilgan. Ushbu protsessor tufayli yangi mahsulotlar raqobatchilarga qaraganda samaraliroq bo‘lishini va vaqt o‘tishi bilan dolzarblikni “ushlab turishni” va’da qiladi, bu esa o‘z egasi uchun kamida bir necha yil davomida samaradorlik tuhfa etadi. Bundan tashqari, S23 va S23+ 8 GB operativ xotira va 128, 256 yoki 512 GB ichki xotiraga ega.

Sinov jarayonida qurilmalar yaxshigina kuch talab qiladigan mobil o‘yinlar va kundalik vazifalarni bajarishda oʻzlarini yaxshi tomondan koʻrsatishdi. Ular hech bir jarayonda “qotmadi” va hatto zaryadlash paytida ham deyarli qizib ketmadi. Issiqlik faqat 8K video suratga olishda va smartfonning “Kamera” ilovasini uzoq vaqt ishlatganda sezildi.

Akkumulyator

S23 ichida 3900 mA/soat, S23+ esa 4700 mA/soat quvvatga ega batareyaga ega. Bu avvalgi avlod telefonlariga qaraganda 200 mA/soatga ko‘p. Farqni his qilyapsizmi? Tejamkor rejimda, telefonlarni bir amallab ikki kun ishlatish mumkin.

Xitoylik ishlab chiqaruvchilar oʻz smartfonlarini 240 Vt gacha tez zaryadlashni qoʻllab-quvvatlash imkoniyati bilan jihozlash orqali rekordlarni yangilashayotgan boʻlishsa-da, Samsung simsiz quvvatlanish uchun 25 va 45 Vt (mos ravishda S23 va S23+ uchun) va 15 Vt quvvat darajasini saqlab qolishda davom etmoqda.

Bundan tashqari, barcha Galaxy S23 smartfonlarining orqa tomonida yaxshigina qulaylik yashiringan — Samsungʻning ilgʻor smartfonlari boshqa gadjetlarni ham quvvatlay oladi.

Ilgʻor kameralar

Desert sifatida Galaxy S23 va S23+ dagi kameralar haqida soʻzlab beraman — ochigʻini aytganda, ular meni hayron qoldirishdi. Barcha kameralarda (hatto old tomonida ham) soniyasiga 30 kadr tezlikda 8K va 60 kadr tezlikda 4K sifaytli video yozish mumkin. Bundan tashqari, smartfonlar asosiy raqobatchilarda mavjud boʻlmagan uch karra optik zumli telefoto modullari bilan jihozlandi.

An’anaga koʻra Samsungʻga fotosuratlar va videolarni suratga olish sifati borasida hech qanday shikoyatlar yoʻq. Barcha fotosuratlar va videolar ajoyib. Hatto tungi rejim va ultra keng burchakli modul ham uyaltirib qoʻymadi. Biroq, bu ushbu brendning eng ilgʻor kamerali telefonlari emas. Eng sifatli kamerali telefonni qidirganlar S23 Ultra yoki S22 Ultra`ga e’tibor qaratishlari kerak.

Chiqarilgan xulosalar

Yangi Galaxy S23 va S23+ “minor” yangilanishga boʻldi, unda hamma narsani ozginadan yaxshilashgan. Ular dizaynni yangilashdi, ekranlar va kameralarni qisman yangilangan, ichiga yangi eksklyuziv prosessor oʻrnatishdi, shuningdek, yuqori sifatli stereo dinamiklar, suvdan himoyalanish va teskari simsiz quvvatlash texnologiyasini saqlab qolishdirdi.

Shunga qaramay, men yangi narsalarni smartfonlarni sotib olishni tavsiya etmayman. Buning oʻrniga e’tiboringizni S22 va S22+ ga qarataman, ular yangi avlod smartfonlaridan kam emas. Va kamera blokining noyob dizayni tufayli S22 dizayni boʻyicha chiroyliroq koʻrinadi. Bundan tashqari, S22 endi yangi chiqqan mahsulotlardan ancha arzonroq — hozirgi narxi 5 300 000 so‘mdan boshlanadi.

Ushbu sharh e’lon qilingan paytdagi Samsung Galaxy S23 va S23+ ning Toshkentdagi narxlari:

  • Samsung rasmiy doʻkoni:
    S23 8/128 GB — 10 990 000 soʻm;
    S23 8/256 GB — 11 990 000 soʻm;
    S23+ 8/128 GB — 12 990 000 soʻm;
    S23+ 8/256 GB — 14 990 000 soʻm;
  • Radius:
    S23 8/128 GB — 10 990 000 soʻm;
    S23 8/256 GB — 11 990 000 soʻm;
    S23+ 8/256 GB — 12 990 000 soʻm;
  • Texnomart:
    S23 8/128 GB — 10 990 000 soʻm;
    S23+ 8/256 GB — 12 990 000 soʻm;
  • OLX (yangi):
    S23 8/128 GB — 9 660 000 soʻm;
    S23+ 8/128 GB — 10 760 000 soʻm.
Nikita Davidov
Muallif va fotosuratchi
Nikita Davidov