Foto: Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Toshkentda yigʻinga kirishdi

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 17-mart kuni Jahon chempionati saralashining 3-bosqichining navbatdagi uchrashuvlari oldidan Toshkentda yigʻinga kirishdi. Yangi murabbiy qoʻl ostidagi terma jamoani Toshkentda Qirgʻiziston bilan, safarda Eron bilan muhim oʻyinlar kutib turibdi.
Hojiakbar Alijonov (chapda) va Abdulla Abdullayev (oʻngda)
Timur Kapadze shogirdlari hali toʻliq tarkib boʻlgani yoʻq. Legionerlardan faqatgina Oston Oʻrunov, Oʻtkir Yusupov va Otabek Shukurov mashgʻulotlarning birinchi kunida koʻrinish berdi. “Al-Fayha” futbolchisi Otabek Shukurov mashgʻulotlarga kirishishdan oldin jurnalistlarga qisqa intervyu berdi.
“Hal qiluvchi oʻyinlarga kelib qoldik. Kechadan yigʻilib, bugundan mashgʻulotlarni boshlayapmiz, ikkita oʻyin juda ham muhim. Yigitlar yoʻldan, oʻyindan har xil holatda kelyapti. Istardikki, sogʻ-salomat, yaxshi holatda kelsin”, — deydi yarim himoyachi.
Otabek Shukurov
Shukurov yangi murabbiy qoʻl ostidagi jamoa kayfiyatiga ham toʻxtalib oʻtdi. Otabekning qayd etishicha, Timur Kapadze terma jamoaga yangi emas, shu sababli bu oʻyinga ta’sir qilmaydi.
“Hamma bu vaziyatni tushunib yetib kelyapti. Tayyorgarlik, kayfiyat a’lo darajada. Uni yanada a’lo qilish uchun harakat qilamiz”, — deydi u kelasi oʻyinlar qiyin boʻlishini qoʻshimcha qilar ekan.
Oston Oʻrunov
Mashgʻulotlarning birinchi kuni toʻliq tarkibda oʻtgani yoʻq, bir qator legioner futbolchilar kelib qoʻshilishga ulgurmadi. Xususan, Abbosbek Fayzullayev 17-mart tunda bazaga yetib keldi, Eldor Shomurodov ham katta ehtimol bilan tunda Toshkentga yetib kelgan. Garchi “Manchester Siti” futbolchisi Abduqodir Husanov 17-mart ertalab poytaxtga yetib kelgan boʻlsa-da, mashgʻulotlarda koʻrinish bermadi, u yoʻlda charchagani aytildi. Jaloliddin Masharipov ham tunda Toshkentga keldi. Ular bugun, 18-mart kuni mashgʻulotlarga qoʻshilishi kutilmoqda. Shu bilan tarkib toʻliq boʻladi.
Timur Kapadze
Milliy terma jamoa bosh murabbiyi Timur Kapadze jurnalistlar bilan suhbatda himoyachi Husniddin Aliqulovning yigʻinda ishtirok etolmasligini katta yoʻqotish deb atadi. Husniddin Turkiya chempionatidagi navbatdagi tur uchrashuvlarida yuz qismidan jarohat olgandi, keyinchalik uning burni singani ma’lum boʻldi. Uning oʻrniga “Nasaf” futbolchisi Gʻolib Gʻaybullayev yigʻinga jalb etildi.
“Aliqulov — katta yoʻqotish. Ammo futbol shunday narsaki, hamma narsaga tayyor turish kerak, hamma futbolchi tayyor turishi kerak. Oʻylaymanki, oʻyinga yaxshi tayyorgarlik koʻramiz.
Sherzod Nasrullayevda ham jarohat bor. Bugun-erta koʻramiz, birinchi oʻyinga tayyorgarlik koʻra oladimi yoki keyingi oʻyinga, koʻramiz. Albatta, unda ham jarohat bor", — deydi Timur Kapadze.
Zafarmurod Abdurahmatov
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston milliy terma jamoasining 7-tur doirasidagi Qirgʻizistonga qarshi oʻyini 20-mart kuni 21:00 da “Bunyodkor” stadionida start oladi.
MTJ mashgʻulotlarining birinchi kunidan tayyorlangan fotogalereyani quyida tomosha qilishingiz mumkin.
